Rasman: "Navbahor" Hasanov va Dukich iste'fosini e'lon qildi

Tolibjon Qosimov
13 mar 2021, 12:28
Kecha tunda Namanganning "Navbahor" klubiga Viktor Jalilov bosh murabbiy etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.

Breaking: Superligada ilk iste'fo "Navbahor"da kuzatildi

Ammo, xabarda No'mon Hasanov haqida hech qanday gap ketmagandi. Nihoyat, "lochinlar" matbuot xizmati bu haqda rasmiy xabar berdi.

Unga ko'ra, No'mon Hasanov “Navbahor” bosh murabbiyligidan iste'foga chiqarildi. Hasanov jamoada o'tgan yilning avgustidan yordamchi murabbiy sifatida ish boshlab, Andrey Kanchelskis iste'foga chiqarilganidan so'ng, Superliganing 19-turidan bosh murabbiy lavozimida ish boshlagandi.

No'mon Hasanovning qo'l ostida jamoa Coca Cola Superliga bahslarida 10ta o'yin o'tkazib (2020 yilning 14-turidan o'rin olgan “Paxtakor”ga qarshi kechgan bahsda ham jamoani maydonga Hasanov olib tushgandi), 3ta uchrashuvda g'alaba qozonib, 4ta o'yinda durangga erishdi va 3ta bahsda imkoniyatni boy berdi. To'plar nisbati - 8:9. Shuningdek, O'zbekiston kubogi bahslarida No'mon Hasanov boshchiligida “Navbahor” 2ta o'yin o'tkazib, 1ta g'alaba hamda 1ta mag'lubiyatni qayd etgan holda, chorak finaldan so'ng musobaqani tark etgandi.


Shuningdek, No'mon Hasanov bilan birgalikda jamoa murabbiylar shtabidagi serbiyalik mutaxassis Drajen Dukich ham iste'foga chiqarildi.


"Biz No'mon Hasanov va Drajen Dukichga “Navbahor”dagi faoliyatlari uchun minnatdorchilik bildirib, keyingi faoliyatlarida omad yor bo'lishini tilaymiz", - deyiladi klub matbuot xizmati bergan xabarda.



Tolibjon QosimovMuallif
Manba: "Навбаҳор" ПФК матбуот хизмати