O'zbekistonlik hakam va nazoratchilar U-19 Osiyo chempionati saralashida ishlaydi

Narzulla Saydullayev
18 sen 2013
2013 yilning sentyabr hamda oktyabr oylarida Osiyonig bir qator mamlakatida 2014 yili bo'lib o'tadigan U-16 hamda U-19 Osiyo chempionati saralash bahslari bo'lib o'tadi. OFK ushbu o'yinlarga o'zbekistonlik nazoratchi va hakamlarni ham jalb etdi.
U-16 va U-19 OCH saralash bahslarida o'zbekistonlik nazoratchi va hakamlardan tashqari O'FF matbuot xizmati boshlig'i Sanjar Rizaev hamda O'FF texnik bo'limi boshlig'i Olim Arifovlar komissarlik qiladilar. Jumladan, Sanjar Rizaev 21-29 sentyabr kunlari Kuvayt mamlakati mezbonlik qiladigan U-16 OCH saralash A guruhi o'yinlariga komissar sifatida jalb etilgan bo'lsa, Olim Arifov 25-29 sentyabr kunlari Iordaniyaning Amman shahrida bo'lib o'tadigan U-16 OCH saralash D guruhi o'yinlarida komissarlik qiladi.

O'zbekistonlik nazoratchi hakam, FIFA instruktori Farhod Abdullaev 8-12 oktyabr kunlari Xitoyning Jechiang shahrida bo'lib o'tadigan U-19 OCH saralashi I guruhi o'yinlarida ishlaydi. Ushbu guruhda mezbon - Xitoydan tashqari Yaponiya, Malayziya va Makao ham ishtirok etadi.

Bosh hakam Vladislav Seytlin va yon qanot hakami Husniddin Shodmonov 4-12 oktyabr kunlari Iordaniya poytaxti Amman shahrida bo'lib o'tadigan U-19 OCH saralashi V guruhi o'yinlarida ishlaydi. Ushbu guruhda final bosqichi yo'llanmasi uchun Iordaniya, BAA, Yaman, Maldiv va Afg'oniston kurash olib boradi.

O'zbekistonlik yon qanot hakami Jahongir Saidov U-19 OCH S saralash guruhi o'yinlarida ishlaydi. 8-12 oktyabr kunlari Iroqning Arbil shahrida bo'lib o'tadigan bahslarga taklif etilgan bosh hakamlar orasida, ma'lumot uchun, turkmanistonlik Chorimurod Qurbonov ham bor. Ushbu saralash guruhida, Iroqdan tashqari, Kuvayt, Pokiston va Bangladesh terma jamoalari ham ishtirok etadi

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com