

Keyingi bosqich masalasini ijobiy hal qilgan "Havoqand" jamoasi bosh murabbiyi Samandar Meliboev mazkur bahsning naqadar murakkab kechganini etirof etib o'tdi: "Bugun juda qiyin o'yin o'tkazdik. O'zi ushbu musobaqada birorta kuchsiz jamoa yo'q edi. Ammo, "Oqtepa" jamoasi ushbu jamoalar ichida bizga qarshi o'ynagan eng kuchli raqib bo'ldi. Ushbu jamoani ham mag'lub eta olganimizdan xursandman".
Shuningdek, mutaxassis jamoasining musobaqaning asosiy bosqichiga yo'l olganidan mamnunligini va oldinda kutib turgan jiddiy sinovlar haqida ham fikr bildirdi: "O'zbekiston kubogi musobaqasining final bosqichiga yo'l oldik. Bundan juda xursandmiz. Ushbu musobaqada umuman boshqa darajadagi jamoalarga qarshi o'yinlar bizni kutmoqda. Umid qilamanki, ushbu turnirda qatnashishga munosib ekanligimizni isbotlay olamiz".

O'z navbatida, alamli tarzda musobaqani tark etgan "Oqtepa" klubi ustozi Server Jeparov shogirdlarining harakatlariga baho berarkan, o'yindagi ikki xil taym va vaziyatlardan foydalanishdagi oqsoqliklar haqida gapirdi: "Bugun ikki xil taym guvohi bo'ldik. Ikkinchi bo'lim raqib yaxshiroq harakat qildi. Dastlabki 45 daqiqalikda esa biz faol bo'ldik. Golli vaziyatlarimiz ko'p bo'ldi. Afsuski, yoshlarimiz bundan foydalana olishmadi. Aslida bu masalada Superliga jamoalarida ham muammolar borligini ko'ryapmiz".
So'zining yakunida Jeparov maydonda oxirigacha kurash olib borgan shogirdlariga minnatdorchilik bildirib o'tdi: "Yigitlarga kurash uchun rahmat aytaman".




