

Angliyada “Arsenal” taqibchilaridan uzoqlashishga harakat qilsa, Italiyada “Napoli” – “Lacio” va “Inter” – “Komo” bahslari e'tibor markazida bo'ladi. Germaniyada “Bavariya” va Dortmundning “Borussiya” klublari teng ochko bilan bormoqda, Ispaniyada esa “Atletiko” “Barselona”ga qarshi bahs olib boradi.
Championat.asia ananaviy “Kuchli beshlik sharhi” ruknida navbatdagi tur oldidan chempionatlardagi vaziyat va e'tiborga molik uchrashuvlarga nazar tashlaydi.
Angliya: “Arsenal”ning uch ochkolik ustunligi
Angliya Premer-ligasida to'qqiz turdan keyin “Arsenal” 24 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Londonliklar sakkizta g'alabaga erishib, faqat bir marta mag'lub bo'lgan. Ikkinchi o'rindagi “Manchester Siti” hisobida 21, uchinchi pog'onadagi “Brayton”da esa 19 ochko bor.
Navbatdagi turda “Arsenal” o'z maydonida “Hall Siti”ni qabul qiladi. Mehmonlar to'qqiz uchrashuvda ikki marta g'alaba qozongan va 11 ochko bilan 11-o'rinda bormoqda. Jamoalarning hozirgi natijalariga qaraganda, londonliklar yaqqol favorit. Ammo chempionlik uchun kurashda bunday o'yinlarda yo'qotilgan ochkolar mavsum oxirida qimmatga tushishi mumkin.

“Manchester Siti” esa safarda “Nottingem Forest” bilan o'ynaydi. “Shaharliklar” to'qqiz turda 20 ta gol urgan bo'lsa, olti marta to'p o'tkazib yuborishgan. “Nottingem” olti ochko bilan 19-o'rinda. Turnir jadvalidagi farq katta, biroq “Siti” uchun asosiy masala faqat g'alaba qozonish emas, peshqadam bilan oradagi uch ochkolik farqni ham saqlab qolishdir.
“Liverpul” safarda “Kristal Pelas” bilan kuch sinashadi. Mersisaydliklar 15 ochko bilan beshinchi o'rinda, mezbonlar esa etti ochko bilan xavfli hududda turibdi. “Liverpul” to'qqiz o'yinda to'rtta g'alaba, uchta durang va ikkita mag'lubiyat qayd etgan. Jamoa peshqadamlarga yaqinlashmoqchi bo'lsa, bunday raqiblarga qarshi imkoniyatdan foydalanishi kerak.

“Manchester Yunayted”ning ahvoli esa ancha og'ir. Manchesterliklar to'qqiz turda atigi bir marta g'alaba qozonib, 17-o'ringa tushib ketgan. Navbatdagi raqib - 12 ochko bilan o'ninchi pog'onadagi “Aston Villa”. Mezbonlar uchun bu uchrashuv mavsum boshidan beri to'planib kelayotgan muammolar fonida alohida ahamiyatga ega.
10-tur taqvimi:
“Everton” - “Koventri” - 6 noyabr, 01:00
“Lids” - “Tottenxem” - 7 noyabr, 17:30
“Arsenal” - “Hall” - 7 noyabr, 20:00
“Fulxem” - “Nyukasl” - 7 noyabr, 20:00
“Nottingem Forest” - “Manchester Siti” - 7 noyabr, 22:30
“Brayton” - “Brentford” - 8 noyabr, 19:00
“Kristal Pelas” - “Liverpul” - 8 noyabr, 19:00
“Ipsvich” - “Bornmut” - 8 noyabr, 19:00
“Sanderlend” - “Chelsi” - 8 noyabr, 19:00
“Manchester Yunayted” - “Aston Villa” - 8 noyabr, 21:30
Ispaniya: “Atletiko” – “Barselona” bahsi chempionlik poygasini o'zgartirishi mumkin
Ispaniya La Ligasida navbatdagi turning markaziy uchrashuvi Madridda bo'lib o'tadi. Ikkinchi o'rindagi “Atletiko” peshqadam “Barselona”ni qabul qiladi. Jamoalarni atigi ikki ochko ajratib turibdi. Demak, madridliklar g'alaba qozonsa, chempionat peshqadami o'zgaradi.
11 turdan keyin “Barselona” 30 ochko bilan birinchi o'rinda bormoqda. Kataloniyaliklar o'nta g'alabaga erishib, faqat bir marta mag'lub bo'lgan. Jamoa 46 ta gol urgan - bu La Ligadagi eng yuqori ko'rsatkich. O'rtacha har o'yinda to'rttadan ko'proq gol urayotgan “Barselona” hujumdagi samaradorligi bilan raqiblaridan ajralib turibdi.
“Atletiko” esa 28 ochko bilan ikkinchi o'rinda. Madridliklar to'qqizta g'alaba, bitta durang va bitta mag'lubiyat qayd etgan. E'tiborlisi, jamoa so'nggi beshta uchrashuvning barchasida g'alaba qozongan. Umuman, “Atletiko” 11 o'yinda bor-yo'g'i sakkizta gol o'tkazib yuborgan. Bu chempionatdagi eng yaxshi himoya ko'rsatkichi.

Shunday qilib, Madridda La Liganing eng sermahsul hujumi eng ishonchli himoyasiga qarshi maydonga tushadi. “Barselona” o'zining hujumkor o'yini bilan ustunlikka erishishga intilsa, “Atletiko” raqibning xatolaridan foydalanishga harakat qiladi. Bu bahsda faqat uch ochko emas, chempionlik poygasidagi tashabbus ham o'rtaga qo'yiladi.
Uchinchi o'rindagi “Real” esa safarda “Valensiya” bilan o'ynaydi. Madridliklar 27 ochko bilan peshqadamdan uch ochko ortda qolmoqda. “Valensiya”ning ahvoli esa og'ir: jamoa 11 turda to'qqiz ochko jamg'arib, 19-o'ringa tushib ketgan. Mezbonlar chempionatda atigi sakkizta gol urgan.

“Real” uchun bu tur qulay imkoniyat bo'lishi mumkin. Chunki uning chempionlik uchun kurashdagi ikki asosiy raqibi o'zaro to'qnash keladi. Madridliklar “Valensiya”ni mag'lub etsa, “Atletiko” - “Barselona” uchrashuvi qanday yakunlanishidan qati nazar, raqiblaridan kamida biriga nisbatan o'z holatini yaxshilaydi. Ayniqsa, Madriddagi bahs durang bilan tugasa, “Real” uchun bu tur yanada foydali bo'ladi.
12-tur taqvimi:
“Sevilya” - “Alaves” - 6 noyabr, 01:00
“Malaga” - “Rasing” - 7 noyabr, 18:00
“Espanol” - “Deportivo” - 7 noyabr, 20:15
“Osasuna” - “Atletik” - 7 noyabr, 22:30
“Valensiya” - “Real” - 7 noyabr, 01:00
“Elche” - “Betis” - 8 noyabr, 18:00
“Real Sosedad” - “Rayo Valekano” - 8 noyabr, 20:15
“Selta” - “Levante” - 8 noyabr, 22:30
“Vilyarreal” - “Xetafe” - 8 noyabr, 22:30
“Atletiko” - “Barselona” - 8 noyabr, 01:00
Italiya: “Lacio”ni Neapolda jiddiy sinov kutmoqda
Italiya A Seriyasida o'n turdan keyin “Lacio” 28 ochko bilan chempionat peshqadami. Rimliklar hali mag'lubiyatga uchramagan: to'qqizta g'alaba va bitta durang. “Inter” 25 ochko bilan ikkinchi, “Roma” 24 ochko bilan uchinchi, “Komo” esa 23 ochko bilan to'rtinchi o'rinda bormoqda.
Navbatdagi turning markaziy uchrashuvlaridan biri Neapolda o'tadi. Sakkizinchi o'rindagi “Napoli” peshqadam “Lacio”ni qabul qiladi. Neapolliklar o'n o'yinda to'rt marta mag'lub bo'lib, 14 ochko jamg'argan. Mavsumni bunday boshlash ularni chempionlik uchun kurashda ancha ortda qoldirdi.

“Lacio” esa butunlay boshqacha natijalar qayd etmoqda. Rimliklar o'nta o'yinda 24 ta gol urib, o'z darvozasidan sakkizta to'p o'tkazgan. Shunga qaramay, Neapoldagi uchrashuv peshqadam uchun oson bo'lmasligi mumkin. “Napoli” o'z muxlislari qarshisida chempionat yetakchisini to'xtatishga harakat qiladi.
Milanda ham yuqori o'rinlar uchun muhim bahs bo'lib o'tadi. Ikkinchi o'rindagi “Inter” to'rtinchi pog'onadagi “Komo”ni qabul qiladi. Jamoalarni atigi ikki ochko ajratib turibdi. “Inter” g'alaba qozonsa, “Lacio”ga bosimni kuchaytiradi. “Komo” esa uch ochko olgan taqdirda raqibidan o'zib ketadi. Bu uchrashuv turnir jadvalidagi kuchlar nisbatini o'zgartirishi mumkin.
11-tur taqvimi:
“Veneciya” - “Udineze” - 6 noyabr, 00:45
“Kalyari” - “Frozinone” - 7 noyabr, 19:00
“Torino” - “Lechche” - 7 noyabr, 19:00
“Parma” - “Bolonya” - 7 noyabr, 22:00
“Roma” - “Sassuolo” - 7 noyabr, 00:45
“Napoli” - “Lacio” - 8 noyabr, 16:30
“Jenoa” - “Milan” - 8 noyabr, 19:00
“Monca” - “Atalanta” - 8 noyabr, 19:00
“Inter” - “Komo” - 8 noyabr, 22:00
“Fiorentina” - “Yuventus” - 8 noyabr, 00:45
Germaniya: peshqadamlikdar kim o'zib ketadi?
Bundesligada sakkiz turdan keyin “Bavariya” va Dortmundning “Borussiya” klublari 18 ochkodan jamg'argan. Har ikki jamoa hali mag'lubiyatga uchramagan. To'plar farqi bo'yicha myunxenliklar birinchi o'rinda turibdi.
“Bavariya” sakkiz uchrashuvda 27 ta gol urgan. Bu chempionatdagi eng yuqori ko'rsatkich. Dortmundliklar esa 14 ta gol bilan cheklangan. Demak, ochkolar teng bo'lsa-da, hujumdagi samaradorlik bo'yicha myunxenliklar ancha ustun.

Navbatdagi turda “Bavariya” safarda “Maync” bilan o'ynaydi. Mezbonlar o'n ochko bilan to'qqizinchi o'rinda. Myunxenliklar g'alaba qozonib, peshqadamlikni saqlashga harakat qiladi. “Maync” esa o'z maydonida favoritdan ochko olishni maqsad qilgan.
“Borussiya” o'z maydonida “Elversberg”ni qabul qiladi. Mehmonlar 13 ochko bilan ettinchi o'rinda bormoqda. Dortmundliklar uchun bu uchrashuvda g'alaba qozonish muhim, chunki “Bavariya” bilan tengma-teng kurashda har qanday ochko yo'qotish qimmatga tushishi mumkin.
Uchinchi o'rindagi “Frayburg” “Union Berlin”ga qarshi maydonga tushadi. “Frayburg” 16 ochko bilan peshqadamlardan atigi ikki ochko ortda qolmoqda. “Union” esa etti ochko bilan 16-o'rinda. Mezbonlar g'alaba qozonsa, yuqoridagi ikki jamoaga yanada yaqinlashadi.
9-tur taqvimi:
“Gamburg” - “Borussiya Myonxengladbax” - 6 noyabr, 00:30
“Borussiya Dortmund” - “Elversberg” - 7 noyabr, 19:30
“Maync” - “Bavariya” - 7 noyabr, 19:30
“Paderborn” - “Ayntraxt” - 7 noyabr, 19:30
“Leyptsig” - “Augsburg” - 7 noyabr, 19:30
“Shtutgart” - “Verder” - 7 noyabr, 22:30
“Kyoln” - “Bayer” - 8 noyabr, 19:30
“Frayburg” - “Union Berlin” - 8 noyabr, 21:30
“Xoffenxaym” - “Shalke” - 8 noyabr, 23:30
Fransiya: PSJning ustunligi bor-yo'g'i ikki ochko
Fransiya chempionatida to'qqiz turdan keyin PSJ 20 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Parijliklar oltita g'alaba, ikkita durang va bitta mag'lubiyat qayd etgan. “Lill” 18 ochko bilan ikkinchi, “Lion” va “Parij” esa 17 ochkodan jamg'arib, keyingi o'rinlarni egallab turibdi.
PSJ navbatdagi turda o'z maydonida “Trua”ni qabul qiladi. Mehmonlar sakkiz ochko bilan 16-o'rinda. Parijliklar so'nggi beshta uchrashuvda g'alaba qozongan va bu safar ham yaqqol favorit hisoblanadi. Ammo peshqadamning ustunligi bor-yo'g'i ikki ochko ekanini hisobga olsak, har qanday kutilmagan natija vaziyatni o'zgartirishi mumkin.

“Lill” esa safarda “Renn” bilan kuch sinashadi. Mezbonlar 16 ochko bilan beshinchi o'rinda. Jamoalarni atigi ikki ochko ajratib turibdi. “Renn” g'alaba qozonsa, raqibidan o'zib ketadi. “Lill” uchun esa bu uchrashuv PSJni taqib qilishda muhim ahamiyatga ega.
“Lion” safarda “Brest”ga qarshi maydonga tushadi. Lionliklar 17 ochko bilan uchinchi, “Brest” esa 12 ochko bilan o'ninchi o'rinda. Mehmonlar g'alaba qozonsa, peshqadamga yaqinlashishi mumkin.
10-tur taqvimi:
“Tuluza” - “Strasburg” - 6 noyabr, 00:45
“Oser” - “Parij” - 7 noyabr, 23:00
“PSJ” - “Trua” - 7 noyabr, 01:05
“Renn” - “Lill” - 8 noyabr, 19:00
“Anje” - “Nicca” - 8 noyabr, 21:15
“Brest” - “Lion” - 8 noyabr, 21:15
“Gavr” - “Loryan” - 8 noyabr, 21:15
“Le Man” - “Monako” - 8 noyabr, 21:15
“Lans” - “Marsel” - 8 noyabr, 00:45



