Islom Ismoilov: "Barcha o'yinlarni stabil o'tkazishning iloji yo'q"

4 sen 2026, 23:47
Superliganing 20-turi doirasidagi "Nasaf" - "Neftchi" (6:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- "Nasaf" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. Muxlislarimizdan, rahbariyatimizdan bugungi mag'lubiyat uchun uzr so'rayman. Barcha aybni o'z bo'ynimga olaman. O'yin og'ir o'tdi, tushunarsiz holatlar ko'p bo'ldi. Raqib barcha standartlardan foydalanib ketdi, biz buni ko'rib chiqamiz. Lekin shu holatda ham futbolchilarga etirozim yo'q, ular harakat qilishdi. Bu o'yin haqida biror nima deyish ham qiyin.

- "Neftchi" qatorasida bir necha o'yinlarni yaxshi o'tkazib kelayotgandi. Buxoro va Qarshidagi mag'lubiyatga qanday izox bera olasiz?

- Buni xatolar bilan izoxlaymiz. Nimalarnidir kam ishlayotgandirmiz. Qayerdadir bizning xatolar, qayerdadir raqibning sovuqqonligi hal qilmoqda. Barcha o'yinlarni stabil o'tkazishni iloji yo'q. Chunki jamoa katta bosim ostida o'ynaydi. Doimo yuqori notada bo'lish qiyinchilik tug'diradi. Har bir o'yinning qadri baland. Buni barcha futbolchilar ham yaxshi tushunib turibdi. Lekin bunday holatlar ham kuzatilmoqda. Vaziyatni to'g'rilashga harakat qilamiz. Bunday vaziyatdan chiqib ketish uchun, safardagi o'yinlarda ham g'alabalar qozonish uchun ham o'ynaymiz.

- "Neftchi" amaldagi chempion hisoblanadi. Superligadagi boshqa jamoalar bilan solishtirish qiyin. Jamoa futbolchilari boshqalarga qaraganda ko'proq oylik oladi, murabbiylar ham xorijdan, ularda ham yaxshi oylik. Jamoa birinchi davrani yaxshi o'tkazdi. Ikkinchi davrada esa pasayish bo'ldi. Murabbiylar shtabidagi ayrim insonlarning ketgani bilan bog'lasak bo'ladimi yoki o'tgan yili chempion bo'lgan yigitlar yana bemalol chempion bo'lamiz deb o'ylashmoqdami?

- Murabbiyning ketishi jamoaning o'yiniga ta’sir qilmaydi. Ikkinchi davrada ko'plab xatolar kuzatilishiga sabab tarkibda ko'plab yo'qotishlar bo'lmoqda. Ayrim asosiy futbolchilarimiz yo'q, ularning o'rnini boshqalar to'ldirmoqda. Jarohatdan qaytganlar esa tezda tarkibga qo'shilib keta olmaydi. Bu ham vaqt talab qiladigan jarayon. Har bir o'yinga jarohatlar bilan kelyapmiz va tarkibda o'zgarishlar qilishga majbur bo'lyapmiz. Bu ham o'yin sifatiga ta’sir qiladi. Chunki bir xil o'ynab turgan tarkib boshqa va doimiy almashib turadigan tarkib boshqa. Hammasi ham jarohatlar bilan bog'liq emas. Qayerdadir murabbiy sifatida men ham xato qilayotgandirman. Shuning uchun aniq bir narsa aytolmayman. Biz oxirigacha kurashamiz. Hali hech narsa yo'qotilgani yo'q, jamoa birinchi o'rinda. Mavsum oxirigacha bor kuchimiz bilan harakat qilib, turgan o'rnimizni saqlab qolamiz.

- Jamoadan OCHLdan nima kutsak bo'ladi yoki o'zingiz nimani kutyapsiz?

- Elit OCHL - oddiy musobaqa emas. U yerda kuchli raqiblar bor. Buni biz ham his qilib turibmiz. O'zbekiston nomidan munosib ishtirok etishimiz shart. Bu ruhiyatga ham bog'liq. Bu turnirga futbolchilar ham boshqacha yondashadi. Xalqaro maydonda munosib ishtirok etamiz.

- "Nasaf"ga qarshi o'yinda ochiq futbol o'ynash "Neftchi"ning xatosi bo'ldi deb o'ylaysizmi?

- Yo'q. Unday demagan bo'lardim. O'yin taqdirini standartlar hal qilib ketdi. Avval jarima zarbasidan, keyin burchakdan gol. Burchakdan uzatilgan to'plar golga aylanaverdi. Birinchi bo'limda jamoa nokdaun holatiga tushib qoldi. Bunday paytda futbolchilarni qaytadan uyg'otish juda qiyin, ruhiy tomondan qiyinchilik tug'diradi. Shu sababdan ochiq futbol o'ynayapmiz. Uyda "Paxtakor"ga qarshi ham ochiq futbol o'ynadik. O'ylaymanki, bu yomon emas.

- Siz jamoa faqatgina standartlardan keyin gol o'tkazdi, deyapsiz. Himoyachilar va darvozabonning o'yiniga qanday baho berasiz?

- Real holatda ham shunday bo'ldi. Har bir zarba golga aylandi va shu sababli raqib 6ta gol urdi. Hech kimdan shubhalanmayman. Barcha futbolchilarga ishonamiz, ularni qo'llab-quvvatlayman. Shu kungacha jamoa uchun borini bergan futbolchilar. Bundan keyin ham shunday bo'ladi. Bugun shunday bo'lishi kerak bo'lgan ekan, bo'ldi.

- Birinchi bo'limdayoq o'zgarish amalga oshirdingiz. Bu nimalarni o'zgartirishi kerak edi?

- Qanotlarni kuchaytirish maqsadida Alisher Odilovni maydonga tushirgandik. Yovovichni hujumchilar ortiga olib o'tdik. Shu o'zgarish orqali markazdagi keskinlikni oshirishni maqsad qilgandik. Afsuski yana burchakdan keyin gol bo'ldi, undan keyin ham.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia