Top-klubda o'ynamay turib, APLning asosiy kashfiyotlaridan biriga aylangan futbolchi haqida
24 dek 14:20
Yangiliklar
Top-klubda o'ynamay turib, APLning asosiy kashfiyotlaridan biriga aylangan futbolchi haqida
"Bornmut" etakchilaridan biri Antuan Semeno – APLda mavsumning asosiy kashfiyotlaridan biri desak, mubolag'a bo'lmaydi. Boshqa tomondan uni kashfiyot deyish ham qiyin, sababi 25 yoshli futbolchi o'tgan yili ham maydondagi harakatlari bilan ajralib turgandi. Gol+pas tizimida 16 (11+5) ochko aqlbovar qilmas natija bo'lmasada, harakatchanligi, tabiatdan inom etilgan quvvati tufayli u muntazam ravishda raqiblar himoyasiga bosim uyushtiradi. Bundan tashqari o'tgan mavsum omadli driblinglar soni bo'yicha TOP-3ga kirishni uddaladi. Bu borada faqatgina Jeremi Doku ("Siti") va Muhammad Quddus ("Vest Xem") undan teparoqda joylashdi.

Shunga qaramay, Semeno bu mavsum yangi darajaga chiqqandek. Jamoasi 15-o'rindaligiga qaramay, Antuan to'purarlar poygasida (8 tadan gol) Ekitike bilan 3-o'rinni bo'lishib turibdi.
Agarda biroz kattaroq vaqt oralig'ini oladigan bo'lsak, aprel oyidan buyog'iga qayd etilayotgan natija ham yomon emas: gol+pas tizimida 12+4, bu esa jamoa gollarining yarmidan ko'prog'i degani.
Xo'sh, Semeno qaysi jihati bilan kuchli? Qayd etish lozim, uning samaradorligi bevosita jamoaning uslubi bilan ham bog'liq. Andoni Iraola qo'l ostida barcha futbolchilar raqibni pressing qilishga qaratilgan. Etiborli jihati, ular yuqori pressing bilan to'pni imkon qadar qulay zonalarda olib qo'yib, ustunlikka ega bo'lishni ko'zlashadi. Bu muvaffaqiyatli amalga oshirilganda esa to'pni ko'pincha Semenoga etkazishadi. U oldingi chiziqda (207) va maydonning uchinchi qismida (72) eng ko'p uzatma qabul qilib olgan. Aksariyat epizodlarda to'p vingerga kelib tushdimi, u vaziyatni bir o'zi ham yakunlab qo'yishi mumkin. Bunga yorqin misol sifatida "Fulxem"ga qarshi o'yinni eslash mumkin. Semenoni bir yo'la ikki futbolchi qo'riqlayotganiga qaramay, u oldinga qarab harakatlandi va o'tkir burchakdan gol urishni uddaladi.


Uni to'xtatib qolish juda qiyin. Ganalik nafaqat jismonan baquvvat balki ajoyib dribling sohibi hamdir, qo'shimchasiga har ikki oyoqda birdek foydali harakat qila oladi. Buning natijasida u ham o'ng oyoqda, ham chap oyoqda zarba yo'llashi, raqibni aldamchi harakatlar bilan chalig'itib, har ikki yo'nalishda birdek davom etishi mumkin. Odatda professional futbolda himoyachilar malum raqib bilan o'yinga tayyorgarlik vaqtida u uchun qulay oyoq qaysiligiga qarab, tayyorgarlik ko'radilar va o'yin vaqtida bir-birlarining yodlariga solishadi: "o'ng oyoq" yoki "chap oyoq", lekin qahramonimiz aytganimizdek, har ikki oyoqda birdek o'ynayveradi.

Statistik ko'rsatkichlarga qaytadigan bo'lsak, aynan zarbalar Semenoning har ikki oyog'i birdek ishlashini ko'rsatadi. U joriy mavsum raqib darvozasiga 32 bor zarba bergan: 15 ta – chap oyoqda, 15 ta – o'ng oyoqda va 2 bor – bosh bilan. Ideal mutanosiblik. Aynan "Bornmut"ning tezkor hujumlarga tayangan o'yinida esa Semeno ayniqsa xavfli ko'rinadi. "Opta" malumotlariga ko'ra jamoa to'pga o'rtacha – bor yo'g'i 8,7 soniya egalik qiladi va bu orada 3,3 ta uzatma amalib oshirib ulguradi. Yaniki Antuan ko'pincha raqib hali ortga qaytib ulgurmagan va himoyachilar o'z zonalariga joylashib olmasidan bo'sh hududlardan unumli foydalanadi. O'tgan mavsum "Bornmut"ning asosiy "fishkalaridan" biri ham markaziy himoyachi Din Xyoysenning Semenoga atalgan diagonal uzatmalari edi.

Darvoqe, yozda "Bornmut"ning bir qator futbolchilarini kuchliroq jamoalar olib ketdi, ammo hech kim Semenoni sotib ololmadi. Klub strategiyasi yaxshi narxga xaridor chiqsa, istalgan futbolchini sotish mumkin va har bir o'yinchiga avvaldan o'rinbosar tayyorlab turiladi. Ko'rib turganimizdek, tizim yomon ishlamayapti. Hozirda "Bornmut"ni evrokuboklar zonasidan bor yo'g'i 7 ochko ajratib turibdi.
Nima bo'lganda ham Semenoning transferi – vaqt masalasi. O'tgan yozdan buyon MYU, "Liverpul" va "Manchester Siti" klublari futbolchiga qiziqayotgani haqida xabarlar aylanib yuribdi. Avvalroq, Fabricio Romano "shaharliklar" bu masalada oldinga siljigani haqida xabar berdi. Ganalikning "Bornmut" bilan 2030 yilgacha mo'ljallangan shartnomasi bor. "talkSPORT"dan Aleks Krukning malum qilishicha, vingerning shartnomasida tovon puli borasida alohida band bor. Biroq tafsilotlar ochiqlanmayapti. Avvalroq, "Bornmut" futbolchisi transferidan taxminan 75 mln evro olmoqchiligi aytilgandi. Yana bir muhim nyuans – JCH-2026. Gana terma jamoasi mundialga chiqa oldi va bu kabi musobaqalar odatda futbolchilar uchun ko'rgazma maydoni bo'lib xizmat qiladi. Boshqa tomondan agar Semeno jarohat olmasa, xaridorlar yozni ham kutib o'tirmay, yanvardayoq uni o'z saflariga qo'shib olishlari mumkin.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
Ла Лига. "Барселона" меҳмонда "Вильярреал" устидан ишончли ғалабага эришди, мезбонлар ўйинчиси 39-дақиқада майдондан четлатилди
"Реал" Абдуқодир Ҳусановни ўз сафига қўшиб олмоқчи
Breaking! Ўзбекистоннинг ЖЧдаги рақиби Португалия Эрон билан ўйнайди
Элит ОЧЛ. "Насаф" "Ал Иттиҳод"га кичик ҳисобда ютқазиб, плей-оффга чиқиш имкониятини йўқотди
Fikrlar