Superliga. Markaziy o'yinlarga boy 18-tur prevyusi
10 avg 16:30
Yangiliklar


Superliga. Markaziy o'yinlarga boy 18-tur prevyusi
"So'g'diyona" – "Mashal"
"So'g'diyona" ikkinchi raqiblarga qarshi boshladi va munosib qarshilik ko'rsatganiga qaramay, ortga ters o'girilishga sabab bo'ladigan natijalar qayd etdi – 2 o'yinda 1 ochko. Jizzaxliklar o'tkazib yuborilgan gollarda ko'proq kombinacion o'yin qurboni bo'lishdi.
"Mashal"da ham shunga o'xshash holat yuz berdi. Muborakliklar avvaliga "Paxtakor", so'ngra "Dinamo"ga qarshi mardonavor kurash olib bordi, biroq yakunda baribir ularning mashalasiga suv sepib ketishdi.
Jamoalar Superliga doirasida 32 marotaba to'qnash kelishgan. Ularning 14 tasida muborakliklarning qo'li baland kelgan bo'lsa, 8 uchrashuvda jizzaxliklarning varragi yuqoriga uchgan. 10 bellashuv esa na u, na bu jamoaning kayfiyatiga tasir o'tkazgan. To'plar nisbati: 42-31, "Mashal" foydasiga.
Yodingizda bo'lsa, jamoalar o'rtasidagi birinchi davra to'qnashuvida Islombek Baratov Ronaldinoning Angliya darvozasiga urgan golini ko'rmaganlar uchun takroriy harakat amalga oshirgan holda muborakliklarga muborak g'alabani tuhfa etgandi.
Taxmin. Jadvalda qo'shni bo'lib turgan raqiblar to'qnashuvidan so'ng Jizzax somsaxonalarining yakshanba kungi savdosi avj olishiga va u erda shodon kayfiyatdagi hayqiriqlar yangrashiga ko'proq ishonyapman.
"Neftchi" – "Nasaf"
Vitaliy Levchenko uchun, ehtimol, "Nasaf"ga qarshi o'yin 429-marta berilayotgan so'nggi imkoniyat bo'lishi mumkin. "Neftchi" o'tgan tur Farg'ona derbisida "Qo'qon-1912"ni mag'lub etish uchun jangga tayyorgarlik ko'rayotgan yakkakurashchi singari ter to'kdi. Ikki turda 3 ochko jamg'arganiga qaramay, "Neftchi" jadvalda ikkinchi o'rinda joylashgan, bu yomon natija emas.
O'sha ikkinchi o'rinda esa bo'lajak raqib "Nasaf" mustahkam o'rnashgan. Qarshiliklar ham so'nggi o'yinlarda jiddiy qarshiliklarga uchramoqda. Bu esa ularning xotirjamlikka berilmaslikka undashi tabiiy. Ayniqsa, bo'lajak o'yindagi mag'lubiyat ortdagilar bilan farqni bittagacha qisqartirishi mumkin. Shu bois, qarshiliklar Gilderoy Lokxart kinoqahramoni kabi tanholikka berilmaslik choralarini ko'rishi kerak.
Jamoalar Superliga doirasida 53 marotaba to'qnash kelgan bo'lib, 22 o'yinda "Nasaf", 19 uchrashuvda "Neftchi" g'alaba qozondi. Yana 12 bellashuvda kuchlar teng kelgan. To'plar nisbati: 68-58, "Nasaf" foydasiga.
Birinchi davradagi to'qnashuvdan kelib chiqsak, ushbu mavsumdagi o'zaro qarama-qarshilikda tomoshabinlar 134 kundan beri gol kutishmoqda.
Taxmin. O'ylashimcha, bugungi o'yinda hech bir jamoa g'alaba qozonmaydi, ammo bu natijadan "Neftchi" ko'proq yutqazsa kerak.
"Dinamo" – "Paxtakor"
Mazkur bellashuv ham qiymatii jihatdan yuqoridagisidan qolishmaydi. G'alaba Samarqandliklarni yanada yuqoriroqqa olib chiqishi, "Paxtakor"ni esa yaqin taqibchilariga yaqinlashtirishi mumkin. "Dinamo" o'z o'yinlari va natijalari bilan Gasperini davridagi "Atalanta"ni yodga solmoqda – istasa, bukkanda tugab qoladigan barmoqlarga teng o'yinlarda to'p kiritolmayotgan jamoalarga ikkitalab gol tuhfa qilsa, ko'ngli tusaganda, mana-man degan jamoalarni qo'shoyoqlab jazolamoqda. "Paxtakor" esa Amerikanskie gorki attrakcioni singari shiddat bilan yuqoriladi-yu, o'tgan turda pastga sho'ng'ishga majbur bo'ldi.
Jamoalar Superliga doirasida 53 marotaba to'qnash kelgan bo'lib, qirchillama qirqtasida "Paxtakor", etti bellashuvda "Dinamo" ustun kelgan. Olti uchrashuvda esa durang qayd etilgan. To'plar nisbati: 108-30, "Paxtakor" foydasiga.
Birinchi davradagi bellashuvda "Dinamo" Toshkentdan Samarqandga uch ochko va Portugaliya qovog'i bilan qaytgandi.
Taxmin. Bunday o'yinlarda istalgan jamoa g'alaba qozonishi mumkin. Samarqanddagi yaqin yillarda bunyod etilgan oyog'i osmonda bo'lgan inshoot buzilmoqda, biroq bo'lajak uchrashuv samarqandliklarning ko'nglini ham chilparchin qilmasdan, xursand kayfiyatda stadionni tark etishiga zamin yaratsa kerak.
OKMK – "Qizilqum"
Birinchi davra yakunida olmaliqliklarning natijalari aks ko'rinish olgan bo'lsa, ikkinchi davrani ular, garchi mehmonda o'tkazayotgan bo'lsa-da, ijobiy boshladi. Asosan, standart vaziyatlar Toshkent viloyati jamoasi joniga ora kirdi. Raqib "Qizilqum" haqida ham shunday deyish mumkin, navoiyliklar 4 ochkoni cho'ntakka urishdi.
Jamoalar Superliga doirasida 37 marotaba to'qnash kelgan. 18 o'yinda OKMK, 14 tasida "Qizilqum"ning qo'li baland kelgan. 5 uchrashuvda tomonlar murosa ko'chasini tanlagan. To'plar nisbati: 63-47, OKMK foydasiga.
Birinchi davradagi bellashuvda OKMK safarda 3:1 hisobida ustun kelgandi.
Taxmin. Ikki "konchilar"ning qay birida qimmatbaho madani ko'pligi o'z yo'liga-yu, ularning yashil maydondagi "qazishma"sida mezbonlarning mexanizmi yaxshiroq chiqsa kerak.
"Andijon" – "Navbahor"
"Andijon" ikkinchi davrani ko'tarinki ruhda boshladi. Asosiy ustunlik hisoblangan standartlarni kombinacion futbolga almashtirgan Maksim Shackix shogirdlari dastlab "Qo'qon-1912"ni yirik hisobda mag'lub etgan bo'lsa, so'ngra peshqadam "Nasaf"ni ochko yo'qotishga majbur qildi.
Namanganliklar oxirgi ikki o'yinda o'zlarini ham, raqiblarini ham xafa qilishmayapti. "Andijon" singari kombinacin vaziyatlardan unumli foydalanayotgan Lushan shogirdlari ikkinchi qavatdagi kurashlardagi muvaffaqiyatsizliklar tufayli ochko yo'qotishga majbur bo'ldi.
Jamoalar Superligada o'zaro 57 marotaba to'qnash kelishgan. "Navbahor" 27 o'yinda g'olib chiqqan bo'lsa, "Andijon" g'alabalari soni professorga kelinoyisining tog'asini jiyaniga katta o'g'il bo'lgan inson salomini etkazgan mullo Sunnatilloning bilet raqami bilan bir xil. Yana 17 bellashuvda durang qayd etilgan. To'plar nisbati: 82-59, "Navbahor" foydasiga.
Birinchi davrada jangovar 2:2 hisobi qayd etilgan.
Taxmin. Nafaqat futbolchilar, balki borasida ham katta raqobat kuzatiladigan vodiy derbisida ikki tomon ham "paper streamer" otib nishonlashiga to'sqinlik qilmaydigan natija qayd etilsa kerak.
"Sho'rtan" – "Qo'qon-1912"
Ko'pchilik fikrimga qo'shilmas, biroq mazkur o'yin ham turning markaziy qarama-qarshiliklaridan biri sanaladi. Sababi, ikki jamoa javdvalning oxirgi ikki pog'onasida joylashgan. Shu bois, yuqoriga ko'tarilish va asosiy taqibchisidan o'zib ketish maqsadida ikki jamoa ham tish-tirnog'i bilan kurash oli borishi tabiiy.
"Sho'rtan" o'tgan turda "Bunyodkor" maydonida ochko tortib oldi, "Qo'qon-1912" esa "Neftchi"ga yutqazganiga qaramay, mardonavor kurasha oldi. Biroq ikki jamoa ham g'alaba so'zini qizil kitoblariga kiritib qo'yishgan.
Jamoalar Pro ligada bir necha marta duch kelgan bo'lsa-da, Superliga doirasida 7 marotaba uchrashishgan. Ularning beshtasida "Qo'qon-1912" g'alaba qozongan, Pro ligadagi qarama-qarshiliklarda "Sho'rtan" ustun bo'lishiga qaramay, Superligada vodiy jamoasini mag'lub eta olgani yo'q. Yana ikki o'yinda kuchlar teng kelgan. To'plar nisbati: 17-8, "Qo'qon-1912" foydasiga.
Birinchi davradagi bellashuvda hisob ochilmagan. Umuman olganda, jamoalar o'rtasidagi oxirgi uchta o'yinda kuchlar teng kelgan.
Taxmin. Nazarimda, olti ochkolik deya baholanayotgan to'qnashuvda ikki jamoa bor kuchini ishga soladi, shu bois bo'lsa kerak, yakanda ikkalasi ham besh ochkoni boy berib qo'yadi.
"Buxoro" – "Xorazm"
Ushbu uchrashuv ham qiziqarli kurashlarga boy o'tishi kutilmoqda. "Buxoro" jon saqlab qolish uchun suv chetidagi xasga tirmashib turgan bo'lsa, "Xorazm" o'sha jarlik qirg'og'i yaqinida turibdi.
Bakaev shogirdlari ikkinchi davrani yoqimsiz holatda boshladi, ehtimol, ularga Buxoro nafasi etishmayotgandir. "Xorazm" esa aksincha, ikki uchrashuvda 4 ochko jamg'arib qo'ydi va jadvaldagi holatini biroz yaxshiladi.
Jamoalar Superliga doirasida 15 o'yin o'tkazgan bo'lib, ularning 11 tasida "Buxoro", 4 tasida "Xorazm" zafar quchgan. Qizig'i, durang qayd etilmagan. To'plar nisbati: 36-16, "Buxoro" foydasiga.
Birinchi davradagi bellashuvda "Buxoro" safarda 4:1 hisobida ustun kelgan.
Taxmin. Ikki moziy o'rtasidagi bellashuvda aniq fikr bildirish qiyin, sababi, o'yin tizgini istalgan holatda o'zgarib ketishiga birinchi davradagi bellashuvda guvoh bo'lganmiz. Ehtimol, bu gal omad Hakim Fuzaylov shogirdlariga kulib boqishi mumkin.
"Surxon" – "Bunyodkor"
"Surxon" birinchi davrani qanday yakunlagan bo'lsa, ikkinchi davrani xuddi o'sha ko'rinishda boshladi. Turnir jadvali o'rtalig'i sari intilayotgan jamoaning natijalari ham o'rtaliqdan nariga o'tmayapti.
"Bunyodkor" esa "Neftchi" maydonidan 3 ochko bilan qaytib, tahsinga sazovor bo'lgandi. Biroq o'tgan turda o'ziga tegishli stadionning koncertdan keyingi holati ruhiy tasir qildi shekilli, boshqa maydonda "Sho'rtan"ga qarshi uchrashuvda ochko boy berdi.
Jamoalar Superliga doirasida 13 marotaba to'qnash kelishgan. 8 o'yinda "Bunyodkor", 5 tasida "Surxon" g'alaba qozongan. Raqiblar hozirgacha Evropadagi ikki mamlakat singari biror marta murosaga kela olishgani yo'q. To'plar nisbati: 22-13, "Bunyodkor" foydasiga.
Taxmin. O'ylashimcha, malum muddat maydonidan ayrilgan "Bunyodkor" 56 yoshli xonandaning libosini muhokama qilmasdan o'ziga kerakli natijaga erishadi.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar