Sergey Lushchan: "Hassaga tayangan kampir maydonga chiqsa ham oltita gol urardi"
20 sen 22:32
Yangiliklar


Sergey Lushchan: "Hassaga tayangan kampir maydonga chiqsa ham oltita gol urardi"
- O'yin haqida fikringiz?
- O'yin haqida nima deyishim mumkin, biz 0:5 hisobida mag'lub bo'ldik. Birinchi taymni juda rasvo o'tkazdik. Natija haqqoniy, agar sen himoyani o'ylamay futbol o'ynasang natijasi shunaqa bo'ladi. Balki oltita gol o'tkazishimiz ham mumkin edi.
Raqibni g'alaba bilan tabriklayman. Jamoamizda har tomonlama muammolar etarli: qarzdorlikdan tortib shartnomalargacha. O'ylaymanki, yaqin orada jamoaga etibor qaratilib vaziyat yaxshi tomonga o'zgaradi. To'g'risini aytsam, bazi futbolchilarimiz uchun mavsum tugadi. Chunki ular jamoa uchun emas, jamoaga qarshi futbol o'ynashyapti. Vaziyatni o'zgartirishga harakat qilyapmiz, lekin o'xshamayapti.
- Uchrashuv statistikasini ko'rganimizda "Navbahor" ko'p jihatlar bo'yicha oldinda ekanligi ko'rindi. Lekin tablodagi hisob buning aksi bo'ldi. Balki jamoangiz o'ynashni xohlamadimi?
- Yana qaytarib aytaman, bugungi o'yindan keyin yarim jamoa uchun mavsum tugadi. Chunki bazilar bugun raqib foydasiga harakat qilishdi. Men buni boshqacha tushuntirib bera olmayman. Hammasini tahlil qilamiz.
- "Buxoro"dan shunday qarshilik kutganmidingiz?
- Qanday qarshilik haqida gapiryapsiz? Biz o'zimizga o'zimiz beshta gol olib keldik. Agar hassaga tayangan kampir maydonga chiqsa ham oltita gol urardi. Albatta, oson bo'lmasligini bilardik, raqibni hurmat qilamiz. Lekin o'yinni ko'ring, faqat o'zimiz yutqazdik.
- Tezkor gollar ham o'yinga o'z tasirini o'tkazdimi?
- Yana qaytaraymi? Bizda bugun maydonda faqat uch kishi futbol o'ynadi. Ettita o'yinchimiz umuman o'ynamadi. To'g'ri, qarzdorlik bor, balki boshqa klublarda ham bordir. Jamoa uchun o'ynamaslik bugun boshlangani yo'q. Ikkinchi davra boshlanibdiki, jamoaga qarshi o'ynash davom etyapti. Nimalar bo'layotganini tushunmayapman. Birinchi davradagi jamoadan asar qolmagan.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar