So’nggi yangiliklar

03:05АПЛ. "Арсенал" бурчак зарбаларидан урилган голлар эвазига "Манчестер Юнайтед"ни мағлуб қилди  11 02:59ЛаЛига. Мбаппе пенальтидан гол ура олмаган ўйинда "Реал" мағлуб бўлди  26 02:30АПЛ. "Манчестер Сити"да ниҳоят ғалаба, "Ньюкасл" — "Ливерпуль" ўйинида 6та гол ва "Челси"дан йирик ғалаба  17 01:57Турк футболчисига МЮ, "Ливерпуль", "Арсенал" ва ПСЖ қизиқмоқда  0 01:32Жаҳонгир Ортиқхўжаев, "Пахтакор" янги бош мураббийи ва Максим Шацких иштирокидаги матбуот анжуманидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  1 00:37Куртуа "Реал" билан шартномани узайтирмоқчи. Дарвозабоннинг вакиллари Саудия Арабистонидан қизиқиш ҳақида билишмайди  1 00:04АПЛ. "Арсенал" - "Манчестер Юнайтед" баҳси асосий таркиблари маълум!  15 23:56"Атлетик" — "Реал". Беллингем, Мбаппе ва Родриго асосий таркибда  20 23:15Озарбайжон кубоги. "Сумқайит" кейинги босқичга чиқди, Жалолиддинов 120 дақиқа ҳаракат қилди  0 22:54ОЧЛ-2. "Насаф" навбатдаги мағлубиятини қабул қилиб олиб, мусобақани тарк этди  122 22:34"Байер" Вирцнинг нархини белгилади  3 21:40АПЛ тўртта топ клуби Испания терма жамоаси юлдузига қизиқмоқда  1 20:47"Боруссия Д" қишда Маленни қўйиб юборишга тайёр  0 20:18"Шабаб Ал Аҳли" — "Насаф". Таркиблар маълум  8 19:54Илёс Қурбонов: "Қаршида ўйнаб қайтганимиз сабабли тайёргарлик кўриш учун бизда 1 кун вақт бўлди"  5

"OFKda yana 50 yil qolsak ham hech narsaga erishmaymiz" - O'FA sobiq xodimi SHerzod Igamberdiev bilan hozirgi ishi, federaciyadagi faoliyati hamda nega UEFAga o'tishimiz kerakligi haqida ochiq suhbat Yangiliklar

"OFKda yana 50 yil qolsak ham hech narsaga erishmaymiz" - O'FA sobiq xodimi SHerzod Igamberdiev bilan hozirgi ishi, federaciyadagi faoliyati hamda nega UEFAga o'tishimiz kerakligi haqida ochiq suhbat

Xabaringiz bor, "Lokomotiv" 28 yanvar - 12 fevral kunlari Turkiyada yig'in o'tkazdi.

28 yanvar kuni Antaliya xalqaro aeroportiga qo'nganimizda, bizni u erda O'FA sobiq xodimi SHerzod Igamberdiev kutib oldi. "Temiryo'lchilar" 15 kun o'quv-mashg'ulot yig'inini olib borgan bo'lsa, Igamberdiev ham doim biz bilan birga bo'ldi. 

Men SHerzodni anchadan beri taniganim bois undan intervyu olish niyatim borligini bildirdim. Natijada har ikkalamiz uchun maqul vaqtni tanlab, "Loko" Antaliyadan qaytishidan bir kun oldin ushbu suhbat amalga oshdi. Aytish mumkinki, suhbatimiz ochiq va samimiy kechdi. 

- SHerzod, avvalo hozirgi faoliyatingiz bo'yicha malumot bersangiz. 

- Men 2017 yilning noyabr oyidan boshlab "McSport" kompaniyasida ishlab kelyapman. "McSport" FIFAdan licenziya olgan bo'lib, agentlik faoliyati, terma jamoalar va klublar o'rtasida o'rtoqlik uchrashuvlari hamda turli musobaqalarni tashkil etish bilan shug'ullanadi. Biz Osiyo, Afrika va Evropa jamoalari bilan ishlab kelmoqdamiz. "McSport" dunyodagi eng taniqli va kuchli kompaniyalardan biri. Biz nafaqat erkaklar futboli, balki ayollar futboli, shuningdek futzal bilan ham shug'ullanamiz.


- Kompaniya shtab-kvartirasi qaerda joylashgan? 

- SHtab-kvartiramiz Parijda joylashgan. Marokash poytaxtida ham ofisimiz bor va u erdagilar Afrika jamoalari bilan ishlaydi. Moskvadagi ofisda men faoliyat yuritaman. Menga yuklatilgan vazifa bu rus tilida so'zlashadigan mamlakatlar va Osiyo davlatlari bilan ishlash. 


- Sizni Markaziy Osiyo va MDH davlatlari bo'yicha kompaniya vakili desa bo'ladimi? 

- Nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun Osiyo desak to'g'riroq bo'ladi. CHunki biz Malayziya, Tailand, Eron, arab mamlakatlari bilan ham ishlaymiz. Aytmoqchi bo'lganim, Moskvadagi ofis menga qarashli va MDH, Boltiqbo'yi davlatlari hamda Osiyo bilan ishlayman. 


- “Lokomotiv” futbol klubining Turkiya yig'ini "McSport" kompaniyasi tomonidan tashkil qilindi, to'g'rimi?

- Ha.


- Bu sizning o'zbek klubi bilan birinchi ishingizmi?

- Kompaniyamiz O'zbekiston futbol associaciyasi hamda klublarimiz bilan ishlashga doim ochiq. 2018 yil Marokash va Senegal bilan o'rtoqlik o'yinlarini ham kompaniyamiz tashkil qilgan. O'zbekiston U-23 Tailanddagi «Qirol Kubogi»-2017 musobaqasida ham kompaniyamiz orkali qatnashgan. Undan tashqari, Ektor Kuperni O'zbekiston milliy terma jamoasiga biz taklif kilganmiz. Lekin O'zbekiston klublari miqyosida “Lokomotiv” bilan ishlash biz uchun birinchi qadam bo'ldi. O'ylaymanki, kelajakda boshqa klublar bilan ham hamkorlikda ish olib boramiz. 


- Sizni “Lokomotiv”ning Turkiya yig'inida koordinator bo'ldi deyish mumkinmi? Nima desak to'g'riroq bo'ladi? 

- Men kompaniya nomidan “Lokomotiv” PFKga taklif bilan chiqdim. Turli variantlarni ko'rsatdim. “Temiryo'lchilar” istiqomat qilgan “The Sense De Lux Hotel” mehmonxonasini klub tanladi va o'ylaymanki, sharoitlar maqul keldi. Turkiyada bo'lib o'tgan U-20 jahon chempionati paytida bazi jamoalar shu erga joylashgandi. O'zbekiston milliy terma jamoasi ham Turkiyaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi paytida shu mehmonxonada istiqomat qilgan. O'tgan yil oktyabr oyida Gana, Mali, Eron terma jamoalarini ham shu mehmonxonaga joylashtirdik. Bu mehmonxona sport jamoalarini qabul qilish bo'yicha katta tajribaga ega. Biz bundan tashqari BAA, Tailand, Portugaliya, Serbiya, Ispaniyadagi boshqa mehmonxonalar bilan ham ishlaymiz.


- "McSport" kompaniyasi vakili sifatida “Lokomotiv”ning Turkiya yig'inidan o'zingiz uchun qanday xulosalarni oldingiz?

- Maylimi, gapni biroz uzoqdan boshlasam. Men 2010 yil O'zbekiston futbol federaciyasiga ishga kirganman. U paytlari associaciya federaciya deb yuritilardi. SHundan beri turli yoshdagi terma jamoalar bilan ishlab keldim. Klublar miqyosida asosan Osiyo chempionlar ligasi paytida mahalliy koordinator, yani LGC bo'lib faoliyat yuritganman. “Lokomotiv” bilan hamkorlik orqali men klub bilan ishlash qanday bo'lishini ko'rdim, doim jamoa ichida bo'ldim va o'zim uchun ko'p yangi narsalarni oldim. Bu men uchun maktab bo'ldi deb ayta olaman. Bu o'rinda terma jamoa va klub bilan ishlash orasidagi kichkina farq ham ko'zga tashlandi. Menga eng yoqqan jihat – klubning ichki muhiti. "Lokomotiv"da ichki muhit juda yaxshi ekan, shunday jamoalar bilan ishlash juda oson.


- O'zbekiston futbol federaciyasida 2010 yil ish boshlaganman deb aytib o'tdingiz. Umumiy hisobda qancha muddat va qaysi bo'limda ishladingiz? 

- Aytib o'tganimdek, 2010 yilda ish boshlagan bo'lsam, xalqaro bo'limda toki 2017 yilga qadar faoliyat yuritdim. 2017 yil milliy terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqa olmaganidan keyin federaciyada ko'p o'zgarishlar ro'y berdi. Yangi rahbariyat ish boshladi va bir nechta bo'limlarda kadrlar almashdi. O'shanda ko'pchilik ishdan ketganini yaxshi bilasiz. Taqdir taqozosi bilan men ham ketganman. Oradan vaqt o'tib O'FA rahbariyatida yana almashinuv ro'y berdi. 

2019 yil Ravshan Ermatov O'FA birinchi vice-prezidenti etib tayinlangach, u kishi meni yana ishga taklif etib, xalqaro bo'limni topshirdi. Albatta, bu men uchun katta sharaf bo'lgandi. O'sha payt Moskvada edim, Toshkentdagi uyimni sotib to'liq ko'chib ketgandim. Lekin Ravshan Sayfiddinovich taklifi bilan yana poytaxtga qaytdim va O'FA xalqaro bo'limida bo'lim boshlig'i sifatida ish boshladim. Oldin etti yil ishlaganimda o'zimda ko'p ideyalar bo'lgan va bo'lim boshlig'i bo'lish men uchun sharaf va sinov bo'ldi – endilikda ko'p narsa o'zgarishi uchun sharoitlarga ega bo'ldim.


- Bu lavozimda qancha vaqt ishladingiz?

- 2019 yilning iyul oyidan 2020 yilning iyuniga qadar. Karantin elon qilingan payt Moskvaga ketdim va masofali tarzda ishlab turdim. Lekin ko'rdikki, masofaviy ishlagan bilan ishlash noto'g'ri. Men bazi ishlarni Toshkentdagi xodimlarimiz yordami orqali bajarib turdim. May oyiga kelib O'FAdan to'liq ketishga qaror qildim. Bo'lim ham bunga tayyor edi. Moskvada qolish niyatim bor edi, natijada iyun oyida ishdan bo'shash haqida ariza yozdim. 


- O'FAdan ikkinchi marta ketishingizga biror gap sabab bo'ldimi?

- Yo'q, hech kim bilan tortishuvga borgan emasman. Onam va oilam Moskvada edi, men esa bir o'zim Toshkentda yashaganman. Keyinchalik muntazam oilam yonida bo'lishim kerak degan qaror keldim. Sababi shu. Hozir xalqaro bo'limda ishlab kelayotgan xodimlarni 2019 yil Alim Arifov ikkalamiz yig'ganmiz. O'tgan vaqt mobaynida yangi kadrlar katta tajriba to'pladi. Hozirgi xalqaro bo'lim juda kuchli deb o'ylayman. Xodimlar o'zbek, rus, ingliz tilidan tashqari ispan, polyak, fors tillarini ham biladilar. Men shu bolalar bilan ishlaganimdan faxrlanaman.


- Avvallari feysbuk tarmog'ida juda faol edingiz. Hozir-chi?

- To'g'ri, oldin ko'proq faol bo'lganman. O'sha paytlari federaciya xalqaro bo'limida bor-yo'g'i uch kishi ishlardik: men, Akmal Rahmatov va Aleksandr Davidenko. Buni esa juda kam deb bilaman. Masalan, bizdan qaysidir jamoa OCHLda o'ynasa birorta xodim albatta klub bilan yurardi. Ikkita klub o'ynasa ikkita xodim ketardi va xalqaro bo'limda faqat bir kishi qolardi. 14ta terma jamoa bo'lgan – qaysi biri Toshkentda uyin utkazsa, bizdan kimdir mehmon jamoa bilan yurishi shart edi. Undan tashqari rasmiy o'yinlar oldidan komissar va hakamlar bilan kimdir yurgan. Ishonish qiyin, lekin har kuni 23:30gacha ishlardim, keyin metroda uyga qaytardim. 

Savol tug'ilishi mumkin: biz ishlagan payt xalqaro bo'lim nimaga javob bergan? Birinchidan, federaciyaga kelgan xorijiy xatlarni tarjima qilardik. Har kuni 30ga yaqin xat keladi. Federaciya nomidan hamma xatlarni yozish. Bundan tashqari oliy liga klublarining OFK licenziyasini olishda ko'maklashish, klublarni va har bir terma jamoani registraciyadan o'tkazish, OCHL safar o'yinlariga boradigan klublarga va terma jamoalarga viza olishda ko'mak berish, chetdan keladigan terma jamoalar yoki klublarga viza berishda yordam, hakamlar vizasini hal qilish va hokazo. CHetdan kim tashrif buyursa soat necha bo'lishidan qatiy nazar, aeroportga chiqib kutib olardik. 

Nafaqat milliy jamoa, balki boshqa yoshdagi jamoalarimizning ham xorij yig'iniga yoki musobaqaga ketishini taminlash ham vazifamiz bo'lgan. Xullas ish juda ko'p edi. OFK va FIFAga hisobot berardik. Aytish mumkinki, biz front ortida ishlaganmiz va ishimiz ko'pchilikka ko'rinmagan. Mirabror Zufarovich paytida futzal terma jamoamiz bilan birgalikda beshta turli terma jamoa jahon chempionatida o'ynadi. O'sha jahon chempionatlarida pley-offga ham chiqdik. Buni bemalol katta yutuq desa bo'ladi.


- O'FAga qaytgach, asosan nima bilan shug'ullandingiz?

- Maqsadlar ulkan edi. Ravshan Ermatov O'FA birinchi vice-prezidenti etib tayinlangach, bir qator ishlarni amalga oshirishga kirishdi. SHulardan biri - terma jamoalarimiz ishtirokidagi xalqaro o'yinlar translyaciya huquqi to'liq o'zimizga o'tgani deya olaman. Oldin huquq “World Sport Group”ga tegishli bo'lgan, keyinchalik kompaniya nomi o'zgarib «Lagardere Sports” bo'ldi. Va televizon huquqlar shu kompaniyada qoldi. Ravshan Ermatov eng shimarib ishga kirishgach, huquqni to'liq o'zimizga qaytarib oldi. 

Hozir qaysi jamoa bilan o'ynamaylik, televizion huquq o'zimizda bo'ladi. Bundan tashkari, o'zimizning mutaxassislar uchun OFK va FIFA orqali tajriba oshirishda bir qator seminarlar o'tkazdik. FIFA-TVni Toshkentga taklif qildik. Mutaxassislarimiz Qatarda bo'lib o'tgan klublar o'rtasidagi jahon chempionatida tajriba oshirib qaytishdi. Futbolimizning o'rni va kamchiliklarini bilish maqsadida UEFA inspekciyasini taklif etdik. 

- O'tgan yil “Paxtakor” stadionida O'zbekiston - Eron o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazilganida stadionda faqat Eron reklamalari qo'yildi. 

- Men shu uyindan oldin associaciyadan ketganman. Lekin, bunga to'g'ri qarash kerak. Zamonaviy futbol o'zi pul topishi lozim. Har ikki davlat terma jamoasi o'ynaganda Eron kompaniyalari yaxshi pul evaziga reklama berish istagi bilan chiqsa, nega endi O'FA yo'q deyishi kerak? 


- Buni to'g'ri tushunaman. Futbol bejizga biznes deyilmaydi. Lekin meni hayron qoldirgan jihat - nahotki o'sha payt bizdan birorta kompaniya reklama berishga qiziqib ko'rmagan bo'lsa?

- Albatta, bu ham og'riqli mavzu. Bu o'rinda taklif ko'proq kompaniyalar o'zidan chiqishi kerak deb o'ylayman.


- Feysbuk tarmog'iga oid savolga to'liq javob bermadingiz. Yoki xohlamaysizmi?

- Faqat shuni aytishim mumkin, o'sha paytlari biz katta bosim ostida ishlaganmiz. Ishlarni amalga oshirish qiyin bo'lgan. Men futboldagi ko'pchilik qiynalib ishlayotganini ko'rib turardim. Lekin ayrimlar bizni tushunmay nohaq tanqid qilishda davom etavergan. Terma jamoamiz 2018 yilgi jahon chempionatiga chiqishga juda yaqin kelgandi. Esingizda bo'lsa, oxirgi bosqichda Eron bilan ham, Janubiy Koreya bilan ham tengma-teng o'ynaganmiz. Hech qaysi bahsda yirik hisobda mag'lub bo'lmaganmiz. Faqat qandaydir kichik xatolar sabab mundialga chiqa olmadik. 

Birgina safarda Suriyaga qarshi kechgan bahsni yodga olaylik. O'yinni o'tkazish uchun Malayziyaga Dubay orqali uchganmiz. Tasavvur qilyapsizmi, Toshkent – Dubay - Kuala Lumpur yo'nalishi bilan. O'shanda Suriyaga qarshi bahsni Malayziyada bo'lsa ham, Kuala Lumpurda o'tkazaylik deb aytganmiz, lekin OFK boshqa shaharga qo'ygan. Keyin Kuala Lumpurdan yana boshqa shaharga ketganmiz. 

Bizga nisbatan nohaqliklarni ko'ra turib men jim tura olmasdim va feysbukka nima yozgan bo'lsam, faqat terma jamoamizni himoya qilib yozganman. Men futbol ichida yurib futbolchilar va murabbiylarga oson emasligini juda yaxshi tushunaman. Qilgan ishimni esa o'zim uchun noto'g'ri deb hisoblayman, chunki men federaciya ishchisi bo'la turib chegaradan o'tdim. 


- Maylimi, shu o'rinda bir savol. Siz terma jamoani himoya qilib post qoldirganman deyapsiz. Aslida bu ish bilan matbuot xizmati shug'ullanishi kerak emasmi?

- O'sha yillari O'FF matbuot bo'limida kuchli kadrlar ishlagan deb o'ylayman. Muhrim Azamxo'jaev, Diyor Imomxo'jaev, Sanjar Rizaev, SHerzod Rajabov, Baxtiyor Mametov, Zohid Akramov. Ular keyinchalik matbuot bo'limidan ketib, yanada yuqoriga ko'tarilishdi. Bu ham bejizga emas. O'sha payt sistemamizda bazi noqulayliklar yuzaga kelgan va shu bois O'FF matbuoti gapirmagan bo'lishi mumkin. Har xil davr bo'lgan. 


- Feysbukdagi postingizda Samvel Babayanga haykal qo'yish kerak degansiz. Bu juda ko'p tortishuv va etirozlarga sabab bo'lgandi. Nima uchun shunday yozgansiz? 

- Men Samvel Babayanni murabbiy sifatida ham, inson sifatida ham hurmat qilaman. O'ylaymanki, bizda qandaydir adolatsizlik bor. Masalan, Dilshod Nuralievni olaylik. Men u kishini ham hurmat qilaman. 2012 yil o'smirlar terma jamoamiz Osiyo chempioni bo'ldi, bir yo'ldan so'ng U-17 jahon chempionatida qatnashdik. Lekin 2017 yil o'smirlar saralash musobaqasida futbolchilarimiz Osiyo chempionatiga chiqa olmaganidan keyin Dilshod Nuraliev keskin tanqidga uchradi. Bir qator xunuk maqolalar chiqdi. Mening shaxsiy fikrim, o'zbek futboli matbuotiga og'ir-bosiq tahlil etishmaydi. Biz birdaniga yo qahramon qilib qo'yamiz yoki dushmanga aylantiramiz.

Matbuotda chiqadigan maqolalarni nafaqat murabbiyning o'zi, balki oilasi, qarindoshlari, farzandlari ham o'qiydi. Va agar maqolada quruq tanqid bo'lsa, bu murabbiyga juda tasir qiladi. Yoki bo'lmasa Ravshan Haydarovni olaylik. 2018 yil o'tkazilgan U-23 Osiyo chempionatida birinchi o'yinini mag'lubiyat bilan boshladik. SHunda guruh bosqichi tugamay turib tanqidiy maqola chiqqandi. Agar chuqur tahlilga ega tanqid bo'lsa mayli. Xato hammada uchraydi, hatto Mourinoda ham. Lekin afsuski, bizda nosog'lom tanqidlar ko'p bo'lgan. 

Men ko'plab xorijiy davlatlarda bo'lganman: Yaponiya, Koreya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA, Tailand va boshqa davlatlarda futbol sharoiti yuqori. Va murabbiylarimiz uchun ishlash oson bo'lmagan deb o'ylayman. O'z navbatida Samvel Babayan ham, boshka murabbiylarimiz xam oson bo'lmagan sharoitda ishlashdi va men buni yaxshi bilaman. Etibor bering, bizga jahon chempionatiga chiqish uchun atigi bitta gol etmay qolgandi. Suriya bilan o'yin uchun Malayziyaga Dubay orqali uchganimizni aytib o'tdim. Boshqalar charter reysdan foydalangan bir paytda biz bir davlatga ikkinchi davlat orqali uchganmiz. Futbolda mayda detallar bo'lmaydi va hammasini inobatga olish kerak. 

Samvel Vyacheslavovich hech bir intervyusida sharoitlardan nolimagan va hech kimni aybdor qilib ko'rsatmagan. Qanday qiyinchiliklarni ko'rgan bo'lsa ichiga yutgan. Xitoyga qarshi safarda kechgan bahsni olaylik, hakam yo'q penaltini bergan. Umuman olganda terma jamoamiz Samvel Babayan qo'l ostida jahon chempionatiga borishga juda yaqin kelgandi. SHu mutaxassis paytida Eldor SHomurodov, Aziz G'aniev, Otabek SHukurov kabi uyinchilar MTJda debyut qilganlar. 

Yana bir jihatga etibor bering, Vadim Karlenovich Abramov to'g'ri aytgan: nima uchun serbiyalik futbolchilar va murabbiylar bir-birini maqtab ko'klarga ko'taradi, nima uchun biz shuni qilmaymiz. Biz ham o'zimizning mutaxassislar qadriga etishimiz kerak emasmi? JCH-2018da bizdan Ravshan Ermatov boshchiligida hakamlar brigadasi ishladi, u kishiga Abdulhamid Rasulov bilan Jahongir Saidov yordam berishdi. Alim Arifov komissar bo'lib, Farhod Abdullaev nazoratchi sifatida faoliyat yuritdi. Baxtiyor Namozov plyaj futboli bo'yicha jahon chempionati finalini boshqardi. 

O'zimizda ham xalqaro darajadagi mutaxassislar ko'p, masalan Alisher Nikimbaev, Karina Muradyan, Avaz Berdiqulov, Sanjar Rizaev, Sanat SHaripov. Bu degani potencialimiz rostan xam kuchli. Lekin nimagadir o'zimizning ustimizdan kulamiz, o'zimizni yomonlaymiz. “Bunyodkor”da MTJ uchun yosh SHomurodov, Komilov, Ashurmatov, G'iyosov, Hamdamovni tayyorlagan murrabbiy Sergey Lushan hozir qaerda? Javob – tanqid ostida, bu kishini yomonlayverib shunday mutaxassisni yo'qotdik. 

Murabbiy va futbolchilarga nisbatan ko'p hurmatsizlik qilamiz. Oddiy misol, Igor Sergeev. Igorni MTJga Mirjalol Qosimov taklif kilgan, Osiyo Kubogi-2015 saralash o'yinlarida jamoamiz to'purari bo'lgan. Ektor Kuper terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlanganida Sergeevni ham mashg'ulotlarga chaqirgandi. Men Igorni 17 yoshidan beri bilaman. U 2012 yil U-19 Osiyo chempionatida 7ta gol bilan to'purar bo'lgandi. JCH-2018ga chiqa olmaganimizdan keyin Sergeev qattiq bosim ostida qoldi. Kuper uni chaqirganida bosim tufayli birinchi uyinda hatto to'pni to'xtata olmagandi. Vaholanki u juda yaxshi hujumchi. Ochig'i, o'yindan so'ng Kuperning shtabi ham muxlislardan hayron qolgan.

Jasur Abduraimov bilan Qatardagi U-23 turnirga borganimda Qirg'iziston bilan o'ynab 3:0 hisobida g'alaba qozongandik. O'sha o'yinda Qirg'izistondan kelgan kam sonli muxlislar yirik mag'lubiyat bo'lishiga qaramay, o'z jamoasini oxirigacha qo'llab turishgan. Lekin biz teng kurashda Osiyoning eng kuchli jamoalari bilan noqulay hisobda o'yinni tugatsak, muxlislarimiz buni “sharmanda” deb aytadi. Axirfutbolchilarimiz siz – muxlislar uchun uynaydilar. Ular ham oz oilasiga g'alaba bilan qaytishni xohlaydilar.

Agar toza tanqid bo'lsa, bunga qarshiligim yo'q. Marhamat, nega mag'lub bo'lganimizni televizorga chiqib asoslab berishsin, taktikani tahlil qilishsin, lekin tanqid birovning ustidan kulish bo'lmasligi kerak. Bizning guruhdan jahon chempionatiga chiqqan Janubiy Koreya bilan Eronni olaylik. Ko'pchilik koreyaliklar juda kuchsiz tarkib degandi, lekin ular mundialda Germaniyani mag'lub etishdi. Eron esa Portugaliya va Ispaniya bilan tengma-teng o'ynay oldi. 

Biz Samvel Babayan qo'l ostida ham, Mirjalol Qosimov boshchiligida ham oxirigacha kurashganmiz. Lekin katta marralarni zabt etishda bizga bog'liq bo'lmagan ko'p narsalar xalaqit bergan deb o'ylayman. “Jar” stadionida bo'lib o'tgan Eronga qarshi uchrashuvni oling, hakam toza golimizni hisobga olmagandi. Olimpiya saralash o'yini-chi? Biz guruhda Avstraliya, Iroq va BAA bilan joy olgandik. Uchta uyindan keyin Vadim Karlenovich bilan birinchi urinda bo'lganmiz. Lekin shunday bo'ldiki, FIFA va OFK qarori bilan BAAga 3 ochko olib berildi. 

Bahrayn bilan qaytadan o'ynaganimiz-chi? Bunaqasi jahon chempionati saralashida oldin kuzatilganmi? O'zingiz o'ylab ko'ring, hech zamonda tugagan o'yin qaytadan o'tkaziladimi? Men bu bilan nima demoqchiman, dunyoda bizning o'zimizdan boshqa do'stimiz yo'q. Biz hech kimga ishonmasligimiz kerak, faqat o'zimizdan boshqa. Agar o'zimizga o'zimiz yordam bermasak, bir xalq bo'lib birlashmasak futbolda hech narsaga erisha olmaymiz.


- 2010 yil O'FFda ish boshladim dedingiz. Federaciyaga kelishingizga kim sababchi bo'lgan?

- SHuni aytishim mumkin, 2001 yildan boshlab Rossiyada yashadim. U erda maktabni tugatdim va institutga o'qishga kirdim. Menda hozir yurist va moliyachi diplomi bor. Rossiyada yashaganim bilan doim O'zbekistonga qaytib shu erda ishlashni xohlaganman. 2010 yil iyul oyi boshida Toshkentda sinfdoshlar yig'iladigan bo'ldik. CHunki men 8-sinfga qadar CHilonzordagi 178-maktabda o'qiganman. Sinfdoshlar bilan uchrashuv chog'ida Alim Arifov - FIFA komissari, ham keldi, u mening sinfdoshim bo'lgan. Alimga ingliz tilini yaxshi bilaman, rezyumemni federaciyaga topshirib qo'ysam bo'ladimi deb so'radim. O'shanda federaciyada rahbariyat o'zgarib, yangi xodimlar ishga olinayotgan ekan. Meni chaqirishdi va ikki oy muddatli sinov asosida ishladim. SHunday qilib futboldagi faoliyatim boshlandi.


- Keling, endi boshqa savolga o'tsak. O'zaro suhbatlarimiz chog'ida O'zbekiston UEFAga o'tishi kerak mavzusi bir necha bor ko'tarildi. Buni soatlab muhokama qilsa bo'ladi. Siz esa UEFAga o'tish tarafdorisiz. Nima uchun shu fikrda ekaningizni tushuntirib bersangiz?

- O'zbekiston futbol federaciyadagi ko'p yillik faoliyatim hamda Osiyo miqyosidagi bir nechta xalqaro uchrashuvlarda ishtirok etib yakunda bizning o'rnimiz UEFAda degan to'xtamga keldim. Menimcha, bizning o'rnimiz Qozog'iston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Ukraina kabi davlatlar orasida. Mentalitetimiz ham o'xshaydi. 

Hozir fikrimni tushuntirib berishga harakat qilaman. Avvalo shuni aytishim mumkin, aksar o'yinlarda OFK chiqargan qaror yoki o'yinlarimizni boshqargan hakamlar qarori biz tomonda bo'lmagan. Yana qaytarib aytaman, bularning barchasi mening shaxsiy fikrim. Ko'p uchrashuvlarda bizga qarshi xatolar bo'lgan. Oldin xam bo'lgan, keyin ham bo'ladi. Mana yaqinda internetda xabar chiqdi: UEFA Bolgariyada mingta kichkina maydonlar qurib beribdi.

 

- Uzr, gapingizni bo'laman, OFK ham pul yoki boshqa yordam berib keladi-yu? “AFC Grassroots” degani bor masalan…

- OFK 250ta to'p berganini aytyapsizmi? O'sha to'plarning sifatini ko'rganmisiz? Lekin fakt shuki, UEFA o'z tarkibidagi mamlakatlar futboli rivoji uchun ko'p miqdorda pul beradi. Keyin azo davlatlar shu pulga maydonlar quradi, sharoitini yaxshilaydi. UEFA pul berib, bo'ldi, maydon quraveringlar demaydi. Ular o'z mutaxassislarini yuborib nima qilish kerakligini ko'rsatib beradi. So'ng FIFAga o'xshab berilgan pulni to'liq nazorat qiladi. 

SHunday konfederaciyalar borki, pulni bergani bilan nazorat qilmaydi. Pulni faqat saylovdagi ovoz uchun beradilar. SHu pulni boy davlatlarning kompaniyalaridan oladilar. Olingan mablag' futboldan boshqa narsaga ketib qolishi mumkin. UEFA esa bergan pulini tiyinigacha nazorat qilib turadi. Agar futbol rivoji uchun pul etmasa yana beradi. Masalan, Qozog'iston 2018 yilda UEFAdan 9 million evro olgan, Ozarbayjon 7 million. UEFA chempionlar Ligasi guruhida uynagan FK "Astana" 2015/2016 mavsumda 17 million, 292 evro olgan. Bu associaciya uchun ham, klublar uchun ham kuchli motivaciya va katta yordam. 

Qolaversa UEFA o'z mutaxassislarini yuboradi, rivojlanishni xohlayotgan davlatlarga yordam beradi, mahalliy kadrlarni o'qitadi. UEFA o'z hisobidan har yili associaciyalar uchun turli yoshdagi turnirlar o'tkazadi, bunda hamma xarajatlarni – chiptalarni ham, mehmonxonalarni ham o'zi ko'taradi. Yana bir mavzu - OFK o'z tarixida biror marta O'zbekiston vakilini FIFAdagi azosi deb taklif qilganmi? OFKning Ijro Qo'mitasida birorta vakilimiz bormi? 

OFK prezidenti shayx Salmon 2019 yil sentyabr oyida kelib bizga shuncha narsalarni vada qildi... O'zbekiston uchun alohida rivojlanish dasturini tuzamiz, O'zbekiston endi bizning etirofda degan gaplar bo'lgandi. Vada qildi va unutdi. Biz ham unutdik. Bu bilan nima demoqchiman, bizning OFKda tutgan o'rnimiz kuchli emas va ochig'ini aytganda, kuchli bo'lish uchun asos ham yo'q. O'z so'zimizni doim ayta olmaymiz. 

Oxirgi jahon chempionatiga saralash bosqichini qarab chiqishingiz mumkin, Yaponiya ishtirokidagi bahslarni koreyalik, Koreya o'ynagan o'yinlarni yaponiyalik hakamlar boshqargan. Arablar bilan uynasak – arab davlatidan hakam ishlaydi. Savol tug'iladi: nima uchun O'zbekiston ishtirokidagi uchrashuvlarni qirg'izistonlik yoki tojikistonlik FIFA hakamlari boshqarmaydi? To'g'ri, ko'pchilik o'ylaydi: agar UEFAga o'tsak bir umr jahon chempionatiga chiqa olmaymiz. Bu o'rinda muxlislarni to'g'ri tushunaman. Lekin JCHga chiqishdan nima maqsad? Menimcha, o'z davlatini ko'rsatish va kuchli terma jamoalar bilan uynash. 

UEFAda esa biz har yil kuchli terma jamolar bilan o'ynaymiz! Klublarimiz aytaylik, CHempionlar Ligasida emas, Evropa Ligasida o'ynasa! “Manchester Yunayted”, “Inter”, CSKA kabi klublar Vatanimizga kelsa – bu biz uchun katta tajriba va futbolchilarimiz uchun katta imkoniyat. Yaxshi o'yinchilarimiz ko'p, faqat bitta muammo - ularni Evropada hozircha kam bilishadi. UEFAga o'tsak, futbolchilarimizning narxi ham oshadi. Bundan tashqari, UEFA azosi bo'lsak, bizga pul uchun emas, o'zini ko'rsatish uchun ham yaxshi mutaxassislar keladi. 

OFKda qolsak, o'zidan o'zi nimadir o'zgaradi deb o'ylaysizmi? Vaziyatga real qarang – bundan yaxshi bo'lmaydi, afsus. 1994 yil Osiyoda chempion bo'lib yurishni boshladik. 2021 yilga kelib Falastin, Suriya, Iroq kabi jamoalarga yutqazadigan bo'lib qoldik. Yildan yilga futbolimiz darajasi pasayib bordi. Hozir hakamlarimizni OFKdagi Maldiv orollari, Hindiston kabi davlatlar instruktorlari o'qityapti. Ular o'rniga Ispaniya, Italiya yoki masalan Rossiya kabi instruktorlar kelsa yaxshi emasmi? 

O'tgan yilning mart oyida UEFAdan mutaxassislarni taklif etdik. Ular bizga kamchiliklarni birma-bir sanab berdi. Kamchilik ko'p. UEFAdan kelgan mutaxassis diplomatiya ko'rsatib, sizlarda hammasi zo'r ekan deb shunchaki maqtab ketmaydi, balki xato va kamchiliklarni bemalol aytadi. Ularning yordamida o'zimiz o'zgaramiz va yanada kuchli bo'lamiz. 

Biz har doim mana, yaxshi rahbar kelib, vaziyat o'zgaradi deb umid qilamiz. Bizga yaxshi rahbar emas, sistema kerak. Kuchli sistemaning o'zi kuchli rahbarni tayyorlab beradi. Ishlamaydigan sistemada kuchli rahbar ham ko'p narsani o'zgartira olmaydi. Bizda rahbar ketsa ham, sistema to'g'ri ishlashi kerak. 

UEFAga o'tsak yaxshi bo'lishining yana bir sababi - futbolchilarimiz 14-15 yoshidan boshlab Gollandiya, Germaniya, Ispaniya, Angliyadagi tengdoshlari bilan birga o'sadilar. Bizda juda yaxshi futbolchilar bor, lekin ko'pincha kuchsiz raqiblar bilan o'ynab kelamiz. O'zimiz uchun plankani pasaytiryapmiz. Masalan, Qozog'iston sekin-asta rivojlanishga erishyapti. Ular rasmiy uyinda SHotlandiyani 3:0 yutishdi. 

SHunda biz ham Evropaning kuchli vakillari bilan o'ynashni orzu qilmaymiz, balki ular bilan o'ynash imkoniga ega bo'lamiz. Menimcha, bizning klublar UEFAda autsayder maqomiga tushib qolmaydi. UEFAga o'tsak kuchli homiylar qiziqishi ortadi. Ko'proq pul kirib keladi. Bundan tashqari turizm ham rivojlanadi. 

Agar Evropa terma jamoalari yoki klublari bilan o'ynasak, ulardan ko'plab ishqibozlar tashrif buyuradi. Milliy terma jamoa misolida olaylik, qachonki Yaponiya yoki Janubiy Koreya bilan o'ynasakgina ulardan muxlislar kelishi mumkin. Lekin boshqa davlatlar bilan o'ynaganda bunday bo'lmayapti. Evropada esa muxlislarning safar uchrashuvlariga borishi allaqachon odat tusiga kirgan. SHu orqali Vatanimizni yanada tanitib olamiz. 

UEFA qarori bilan Evropa chempionatining bir qator o'yinlari shu yil iyun oyida Bokuda o'tkaziladi. Biz Ozarbayjondan kam emasmiz. OFKda xohlaymizmi-yo'qmi, puli ko'p associaciyalar doim haq bo'lib chiqaveradi. Yaqin yillarda mana ko'rasiz, Hindiston bilan Tailand futboli rivojlanib ketadi. CHunki ularda ham katta pul bor. 

Mening fikrimcha, OFKda yana ellik yil qolsak ham hech narsaga erishmaymiz. UEFAda nafakat o'yinchilar, murabbiylar – futbol ichidagi mutaxassislar xam katta tajriba oladilar. UEFAning xar xil yo'nalishda dasturlari bor – marketing, OAV, medicina, stadionlar qurish, menejerlar, sobiq futbolchilar uchun. Biz ham xohlaymizmi-yo'qmi, to'g'ri ishlashga majbur bo'lamiz. 

Men sizga aytsam, Osiyodagi futbol – futbol emas. Siz Osiyo chempionlar ligasining birorta finalini to'liq ko'rganmisiz? Hozir chempion kim? Ko'chada birorta bolani Osiyo klubi futbolkasida ko'rasizmi? UEFA uchun futbol bu - shou. Mamlakatimizga ham shou kelsin. Biz futbolni sevadigan davlatmiz, muxlislarimiz haqiqiy futbolni ko'rishga loyiq.

 


- Xo'p, biz UEFAga o'tishimiz mumkinmi?

- Ha, mumkin. Axir biz oldin sobiq Ittifoq paytida 70 yil UEFA tarkibida bo'lganmiz. Geografik tomondan qaraydigan bo'lsak, Osiyo davlatimiz. Lekin biz UEFAga o'tamiz demaymiz, balki o'zimiz bo'lgan oldingi tashkilotga qaytamiz deymiz. Uyimiz shu. Eng muhimi, hozirgi UEFA rahbariyatining poziciyasi. Mening shaxsiy tushunimcha, o'tgan yil mart oyidagi suhbatlardan keyin bizda UEFAga qaytish imkoniyati bor. 


- SHu o'rinda O'FA buni xohlaydimi degan savol tug'iladi.

- Men bu mavzu bo'yicha O'FA rahbariyati bilan xech kachon gaplashmaganman va ularning ichidan nima o'tayotganini bilmayman. Buni avval jurnalistlar va muxlislar o'rtasida ovozga qo'yish kerak. O'ylaymanki, hozirgi vaziyatdan kelib chiqib UEFAga qaytsa bo'ladi. CHunki bunday imkoniyat boshqa bo'lmasligi mumkin. Biz yo paytdan foydalanib o'zimiz bo'lgan oldingi tashkilotga qaytamiz yoki butunlay shu erda qolamiz. OFK futbolimiz rivoji uchun hech narsa qilmagan. Hammasiga o'zimiz sobik Ittifoq paytida olingan tajriba tufayli erishdik. Katta dengizda suzishni xohlasang, dengiz yoniga borish kerak. O'z o'zidan dengiz sening oldingga kelmaydi.

- Hech agent sifatida o'zingizni sinab ko'rganmisiz?

- Jasur Abduraimov 1997 yil tug'ilgan futbolchilarni boshqargan payt Yaponiyaga borgandik. O'sha erda taniqli yaponiyalik agent Tom Xirasava bilan tanishganman. Men uni bizda ham yaxshi futbolchilar bor, kelib ko'ring deb O'zbekistonga taklif qilgandim. Oradan ikki-uch oy o'tib u yurtimizga keldi va “Nasaf” ishtirokidagi bahsni kuzatdi. O'shanda SHarof Muhitdinov, Aziz G'aniev va Bobir Abduxoliqovni tavsiya qilgandim. Lekin shunday bo'ldiki, agentga Fozil Musaevning o'yini yoqib qoldi va Musaev Yaponiya chempionatiga yo'l oldi. Agent bo'lib ishlagan emasman-u, lekin yaponiyalik agentga yordam berganman. Keyinchalik shu agent orqali ko'p futbolchilarimiz Koreya va Yaponiyaga yul oldilar.


- Kelajakdagi rejalaringiz nimalardan iborat?

- SHuni aytishim kerak, futbolni juda yaxshi ko'raman. Maktabdan bo'sh paytlari ham ko'p futbol o'ynardim, bolaligimdan "Paxtakor" va MHSK stadionlariga borardim. Hozircha o'zimni "McSport" kompaniyasiga bag'ishlaganman va kelajakda nimalar bo'lishi haqida o'ylayotganim yo'q. Lekin, umid kilamanki, futbolda qolaman.


- SHerzod, suhbat uchun tashakkur. Doimo sog' bo'ling va ishlaringizga omad yor bo'lsin. 

Xayrulla XOLIQOV suhbatlashdi.

Reyting: +48   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика