So’nggi yangiliklar

03:05АПЛ. "Арсенал" бурчак зарбаларидан урилган голлар эвазига "Манчестер Юнайтед"ни мағлуб қилди  11 02:59ЛаЛига. Мбаппе пенальтидан гол ура олмаган ўйинда "Реал" мағлуб бўлди  26 02:30АПЛ. "Манчестер Сити"да ниҳоят ғалаба, "Ньюкасл" — "Ливерпуль" ўйинида 6та гол ва "Челси"дан йирик ғалаба  17 01:57Турк футболчисига МЮ, "Ливерпуль", "Арсенал" ва ПСЖ қизиқмоқда  0 01:32Жаҳонгир Ортиқхўжаев, "Пахтакор" янги бош мураббийи ва Максим Шацких иштирокидаги матбуот анжуманидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  1 00:37Куртуа "Реал" билан шартномани узайтирмоқчи. Дарвозабоннинг вакиллари Саудия Арабистонидан қизиқиш ҳақида билишмайди  1 00:04АПЛ. "Арсенал" - "Манчестер Юнайтед" баҳси асосий таркиблари маълум!  15 23:56"Атлетик" — "Реал". Беллингем, Мбаппе ва Родриго асосий таркибда  20 23:15Озарбайжон кубоги. "Сумқайит" кейинги босқичга чиқди, Жалолиддинов 120 дақиқа ҳаракат қилди  0 22:54ОЧЛ-2. "Насаф" навбатдаги мағлубиятини қабул қилиб олиб, мусобақани тарк этди  122 22:34"Байер" Вирцнинг нархини белгилади  3 21:40АПЛ тўртта топ клуби Испания терма жамоаси юлдузига қизиқмоқда  1 20:47"Боруссия Д" қишда Маленни қўйиб юборишга тайёр  0 20:18"Шабаб Ал Аҳли" — "Насаф". Таркиблар маълум  8 19:54Илёс Қурбонов: "Қаршида ўйнаб қайтганимиз сабабли тайёргарлик кўриш учун бизда 1 кун вақт бўлди"  5

"Nasaf"ning OFK Kubogidagi o'yini, "Navbahor"dan bo'lgan taklif, "Al Hilol" ustidan tarixiy g'alaba, o'zbek va tojik futboli haqida "Istiqlol" bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko bilan katta intervyu Yangiliklar

"Nasaf"ning OFK Kubogidagi o'yini, "Navbahor"dan bo'lgan taklif, "Al Hilol" ustidan tarixiy g'alaba, o'zbek va tojik futboli haqida "Istiqlol" bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko bilan katta intervyu

Xabaringiz bor, 14-20 may kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbeda OFK Kubogi-2021 Markaziy Osiyo mintaqasi "F" guruhi bellashuvlari bo'lib o'tdi.

Unda Qarshining "Nasaf" klubi barcha uch o'yinda g'alaba qozondi va 100 foizli natija bilan pley-offga yo'l oldi. Ana shu musobaqani bevosita voqea joyidan yoritib borgan "Championat.asia" xodimi Tolibjon Qosimov guruh bahslari yakunlanganidan keyin Tojikiston chempioni "Istiqlol" jamoasi mashg'ulotiga tashrif buyurdi. O'sha mashg'ulot fotolari va maxsus lavhalarni avvalroq etiboringizga havola etgan edik.

FOTO  OCHLda barchani lol qoldirgan "Istiqlol" klubi mashg'ulotidan eksklyuziv GALEREYA

Ana o'sha mashg'ulot o'z yakuniga etganidan keyin xodimimiz dushanbeliklar bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko bilan intervyu uyushtirdi. Quyida ana shu suhbatni o'qishingiz mumkin.

- Avvalo "Nasaf" jamoasining OFK Kubogidagi o'yinlari haqida fikringiz qanday? Siz qarshiliklarning barcha 3 o'yinini bevosita stadiondan kuzatib bordingiz.

- Ha, men "Nasaf"ning barcha o'yinini stadiondan kuzatdim. Menga bu jamoa juda ham yoqdi, o'yinchilar saralangan, o'yin yaxshi yo'lga qo'yilgan. Bu haqiqatdan ham ushbu guruhdagi eng kuchli jamoa edi. Ular adolatli ravishda guruhda birinchi o'rinni qo'lga kiritishdi. Bos ustiga, o'z darvozalaridan birorta ham gol olib chiqishmadi. Musobaqada o'yin bo'yicha ham ulardan kuchliroq jamoani ko'rmadim.

- OCHLda siz boshqargan "Istiqlol" S.Arabistonining "Al Hilol"dek kuchli jamoasini 4:1 hisobida mag'lub eta oldi. Vaholanki, tarkib va imkoniyatlar jihatidan raqib sizlardan ancha ustun edi. OFK Kubogida "Nasaf"ning 3 raqibi to'g'ri taktika va o'yinga to'g'ri yondashuv evaziga "ajdarlar"ga siz "Al Hilol"ga ko'rsatganingiz kabi qarshilik qila olishlari mumkinmidi?

- Guruhdan kim chiqishini belgilab bergan "Oltin Asr"ga qarshi o'yindan boshlasak. "Oltin Asr" bahsni 5 himoyachi, 4 yarim himoyachi va bitta hujumchi (5-4-1) bilan boshladi. Lekin, ularda mana shu sxemada o'yin ko'ngildagidek chiqmadi. SHu sabab "Nasaf" birinchi bo'limning o'zida 2:0 hisobida oldinga chiqib oldi. Ikkinchi bo'limda esa o'z-o'zidan jamoa boshqa sxemaga o'tishi va o'yinni o'zgartirishi kerak edi. Ikkinchi 45 daqiqalikda turkmanistonliklar ko'proq pressing qila boshlashdi. Bu to'g'ri edi. CHunki, "Nasaf" ko'proq qisqa va o'rta masofaga paslar bilan o'ynaydi. Agar ularga shunday futbol o'ynash imkonini bersangiz, bu jiddiy muammolar keltiradi. Buni amalda ko'rdik ham. "Oltin Asr" o'yinchilari esa butun bo'lim davomida pressing qilish uchun jismoniy tomonlama tayyor emas ekan. Ularni kuchi tugab qoldi.

"Xo'jand" esa 4-3-3 sxemasidan foydalandi. Lekin, ularda o'yin "Nasaf"dagidek maromida yo'lga qo'yilmagani sezildi. Nima uchunligini esa aniq aytolmayman. Sababi, bu borada aniq fikr berish uchun sizda barcha mayda detallar haqida malumot bo'lishi kerak. Men ichki holat va murabbiylar talabi qanday bo'lganini bilmayman. "Xo'jand" yomon harakat qilmadi, lekin "Nasaf" o'yin jihatidan kuchliroq edi va ulardagi kabi hamjihatlikni raqiblarda ko'rmadim.

"Oloy" bu guruhdagi eng kuchsiz jamoa bo'ldi. "Nasaf"ga qarshi ular shunchaki himoyada turishdi va kelgan to'pni tepib yuboraverishdi. Bunday holatda "Nasaf" birinchi golni urib olishi muhim edi, shunda o'yin ochilardi. Buni ular ikkinchi bo'lim boshida uddalashdi. Guruhda "Nasaf" eng kuchli, o'yini to'g'ri yo'lga qo'yilgan jamoa bo'ldi.


- "Nasaf" bu yil OFK Kubogini qo'lga kirita oladimi?

- Menimcha, ha. Jamoada ham, rahbariyatida ham ushbu musobaqani yutish uchun ambiciyalar borligini ko'rdim. "Nasaf" uchinchi marta musobaqada ishtirok etmoqda va har safar guruhdan chiqmoqda. Ukrainalik Anatoliy Demyanenko boshqaruvida g'oliblikni ham qo'lga kiritishgan. Qo'shimchasiga ularda yaxshi yosh o'yinchilar ham bor, zaxiradan tushganda o'yinni buzib qo'yishmayapti. Bu rotaciya uchun katta ustunlik beradi. Bazi uchrashuvlarda murabbiy etakchi futbolchilariga dam berib yoshlarni tushirishi mumkin. Ular esa o'yinni buzib qo'yishmaydi. Plus ularda akademiya juda yaxshi ishlab turibdi, har yili bir necha nafar asosiy o'yinchilari boshqa klublarga ketishadi va shunga qaramay jamoa ichki chempionat turnir jadvalida yuqori o'rinlarda qolishda davom etmoqda. O'ylashimcha, ularda OFK Kubogini yutish uchun katta imkoniyat bor.

- "Nasaf" tarkibida qaysi o'yinchilar sizga yoqdi va nima uchun?

- Menga 77-raqam (Oybek Bozorov)dagi kichik jussali o'yinchi juda yoqdi. Ikkita tayanch yarim himoyachilari serb (Marko Stanoevich) va Mozgovoy ham yoqdi. O'ngda ham kreativ yarim himoyachi (Suhrob Nurulloev) harakat qildi. Qanotda o'ynagan yarim himoyachilar uchun birga-bir holatda aldab o'tish muammo emas. Bundan tashqari, qanot himoyachilari ham menga yoqdi. Ular hujumlarga faol qo'shilishyapti, bu esa o'yinni tashkil qilishda katta ustunlik beradi.

- CHap qanot himoyachi (SHerzod Nasrullaev) haqida qanday fikrdasiz? U har uchchala o'yinda golli harakatni amalga oshirdi (3 o'yinda jami 1ta gol va 4ta golli pas).

- Bu zamonaviy qanot himoyachisi uchun qo'yiladigan talab. U hujumga qo'shilishi va kerak paytda hujumchidek o'ynashi kerak. Yodingizda bo'lsa u (Nasrullaev) "Xo'jand"ga uchinchi golni urganda xuddi markaziy hujumchidek ochildi, unga pas berishdi va u pasni golga aylantirdi. Bu zamonaviy futbolda qanot himoyachilariga qo'yiladigan talab.

- Siz jamoangiz bilan OCHLda "Al Hilol", AGMK va "SHabab Al Ahli" bilan bir guruhda bahs olib bordingiz. Sizningcha, "Nasaf" hozirgi holatida CHempionlar ligasida harakat qilganida guruhdan chiqa olgan bo'larmidi?

- Bitta cho'pning ikkita uchi bor. O'yinga tayyorlanayotganinda raqibni o'rganasan, ular nima hisobiga o'ynashini ko'rasan. Guruhdagi raqiblar orasidan faqat "Oltin Asr" ikkinchi bo'limda "Nasaf"ga pressing uyushtirganini ko'rdim. Bu quroldan foydalanish kerak edi. Boshqa murabbiylar manziliga tosh otmoqchi emasman, lekin "Nasaf"ga to'pni erkin nazorat qilish va hujumlar tashkil etishga bermaslik kerak edi. Lekin, OFK Kubogida raqiblar nisbatan bo'sh harakat qilishdi. O'ylashimcha, "Nasaf" OCHLda o'ynaganida ham shunday harakat qilardi va guruhdan chiqish uchun kurashgan bo'lardi. Bu aniq.


- CHempionlar ligasida bunday muvaffaqiyatga nimaning evaziga erishdinglar? Bu natija tagida qanday mehnat yotibdi?

- Biz maydonda yugurish hajmi ustida katta ish olib bordik, musobaqaga jismonan tayyor bo'lish uchun ishladik. Va albatta raqiblarimiz haqida to'liq malumotlarga ega edik. Menda barcha raqiblarimizning o'tgan mavsumdan boshlab hozirgi kungacha CHempionlar ligasi va ichki chempionatda o'tkazgan o'yinlari bor edi. Men ana shu o'yinlarni ko'rib chiqdim va tahlil qildim. Bu jamoalar bilan ochiq futbol o'ynash biz uchun juda og'ir bo'lishini tushundim. CHunki, futbolchilar darajasi va mahorati bu jamoalarda bizdan yuqori edi. Ularning yillik byudjeti hatto Evropa futboli darajasida ham salmoqli. "Al Hilol"da 72 mln dollar, "SHabab Al Ahli"da yillik byudjet 65 mln, AGMKda esa 5 mln atrofida. Bu borada eng kam byudjet bizniki edi. SHu sabab biz o'zimizning kuchliroq taraflarimizni ko'rsatishga urindik va bu o'xshadi. Bu himoya, raqibga bo'sh hudud bermaslik va tez qarshi hujumlar. Rejalashtirgan narsalarimiz hammasi o'xshaganidan juda ham mamnunman.

Boshidan oldimizda guruhdan chiqish vazifasi turganini aytib keldim. SHunchaki, bunga hamma ham ishonmadi. Bizni aqldan ozganlar deb o'ylaganlar ham bo'ldi. Amalda bu narsa haqiqatga aylanganidan so'ng esa vaziyat o'zgardi. Endi odamlar murabbiy aytgan gaplarga jiddiy yondoshishmoqda.

- AGMK bilan birinchi to'qnashuvingiz (3:1 "Istiqlol" foydasiga)da hisob 2:1 bo'lib turganda olmaliqliklar ikkinchi golni ham kiritishgandi. Ammo, hakam golni hisobga olmadi. Agar gol hisoblanganida o'sha o'yin umuman boshqacha tus olishi mumkinmidi?

- Albatta, kiritiladigan har bir gol vaziyatni o'zgartirib yuborishi mumkin. Hakamlik haqida gapirmoqchi emasman. CHunki, xatolar u tomonga ham, bu tomonga ham bo'ldi. O'yin bo'yicha esa guruhdagi barcha jamoalarga qarshi o'ynash bizga juda qiyin bo'ldi. SHu jumladan, AGMKga qarshi ham. CHunki, bu tajribali va kombinacion futbol o'ynashni yoqtiradigan jamoa. Biz AGMKga o'zining eng yaxshi futbolini ko'rsatishga imkon bermaslik uchun katta hajmda ish bajardik. Oxirgi o'yinda jismoniy holatimiz ham, ruhiy holatimiz ham yuqori darajada emasdi. AGMK ikkinchi golni urganda raqib g'alaba haqida o'ylay boshladi va bizda bo'sh zonalar paydo bo'ldi. Bitta javob to'pini kiritdik va yana imkoniyatlar bo'ldi. Afsuski, ulardan foydalana olmadik. SHu bois har bir gol o'yinni o'zgartirib yuborishi mumkin. Haqli ravishda guruhdan chiqdik deb o'ylayman.

- "Al Hilol" bilan birinchi o'yindagi mag'lubiyatdan keyin bunday tarixiy natija (4:1 hisobidagi g'alaba)ga erishish uchun nimani o'zgartirdingiz?

- Avvalo "Al Hilol" bilan birinchi o'yinda ular bilan deyarli teng o'ynagan va ularga imkon bermagan vaziyatlarimizni ko'rsatdim. Keyin o'tkazib yuborgan gollarimizni qayta qo'yib berdim. Bu erda eng asosiy jihat - ruhiyat. Men yigitlarga bu jamoa bilan to'g'ri o'ynalsa natija qilish mumkinligini, agar birinchi bellashuvdagi kabi noto'g'ri harakat qilinsa muammolarga duch kelishimizni aytdim. Raqibning kuchli tomonlarini, birinchi o'yinda nimalarga imkon berganimizni ko'rsatdim. Mashg'ulotda taktik tomonlama "Al Hilol"ning hujumlarini to'xtatish ustida ishladik. Bular uchinchi zonaga pas va qanotlardan yugurib kirish. Yigitlar bilan jiddiy gaplashib oldik, xulosa chiqardik va ikkinchi bahsda ijobiy natija qayd etdik.


- OCHLda Eron chempioni "Persepolis" bilan bellashasizlar. Tarkibda o'zgarishlar bo'ladimi? Balki legioner olib kelish mo'ljalda bordir?

- Hozir potencial yangi futbolchilarni kuzatyapmiz, ularning imkoniyatini ko'rib chiqyapmiz. Tarkibimizda bor legionerlardan kimlardir bizga yordam berdi, bazilar esa aksincha. Yozgi transfer oynasi vaqtida bazi legionerlar bilan o'zaro kelishgan holda shartnomani bekor qila olsak yangi legionerlarni olib kelamiz, agar shartnomani bekor qila olmasak, o'zimizda bor futbolchilarga etibor qilamiz.

- Rejangizda O'zbekistondan ham futbolchi jalb qilish bormi?

- O'zbekistonlik ikki futbolchi bilan muzokara olib borayapmiz. Ammo hozir shartnoma tuzilmagan va ularning ismini aytishim to'g'ri bo'lmaydi. Bundan tashqari o'zbekistonlik futbolchilarning moliyaviy talablari ancha yuqori. Agar bu jihatlar borasida kelisha olsak albatta ular bilan shartnoma tuzamiz.

- Hech bo'lmasa ularning qaysi poziciya vakillari ekanligini ayta olasizmi?

- Markaziy himoyachi va hujumchi.

- Sizda qachondir O'zbekistondan taklif bo'lganmi?

- Ha, takliflar bo'lgan. CHempionlar ligasidan keyin taklif bo'ldi, bungacha qishda ham taklif bo'lgandi.

- Aynan qaysi jamoalardan taklif bo'ldi?

- CHempionlar ligasidan keyin qaysi jamoa chiqqanini aytolmayman. Qishda esa Namanganning "Navbahor" jamoasidan taklif bo'lgan.

- Nima uchun o'sha taklifni qabul qilmagansiz?

- Ular mening moliyaviy talabimni yuqori deb hisoblashgan. Men agentim bilan, u esa klub bilan gaplashgan. Moliyaviy savollar asosiy planga chiqqan. O'sha vaqtda jamoani No'mon Hasanov boshqarardi.

- Iyun oyida Usmon Toshev Tojikiston terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketadi. Agar Toshevdan keyin sizga terma jamoa murabbiyligini taklif qilishsa, qabul qilasizmi?

- Siz bu savolni menga bergan birinchi odam emassiz. Mening rejalarim biroz boshqacharoq. Boz ustiga, terma jamoa bosh murabbiyi boshqa ishga chalg'imasligi va bor etiborini faqat terma jamoaga qaratishi lozim. U klub bilan birga terma jamoada ham faoliyat olib borishi kerak emas. "Istiqlol" bilan shartnomam bor. Bir vaqtda ikkita stulda o'tirish juda qiyin. Emocional nuqtai-nazardan ham charchaysiz. SHu sabab terma jamoada ishlaydigan murabbiy erkin bo'lishi kerak, meni klub bilan shartnomam bor va men uni bajaryapman. Hozirda bor etiborimni klubdagi ishimga qaratganman va nimanidir o'zgartirish niyatim yo'q. Menda boshqa rejalar bor.

- O'zbek va tojik futbolidagi infrastruktura haqida fikringiz?

- O'zbek futbolida hozirgi infrastruktura Sobiq sovet davridan qolgan. O'zbek klublari o'z stadionlariga, o'z bazalariga va o'z mashg'ulot maydonlariga ega bo'lib kelishgan. Futbolda o'zbek hududi bor edi. Yillar o'tishi bilan sizlarda progress bizdan ko'ra ancha yaxshiroq ketayotganini ko'rish mumkin. Masalan, sizlarda Superliga klublari o'z stadioniga, bazasiga, mashg'ulot maydoniga, tiklanish uchun sharoitga, o'yinchilarning normal ovqatdanishi uchun sharoitlarga ega. Futbolchilar uchun ideal sharoitlar yaratib berilgan.

Sizda yaqinda qabul qilingan yangi qarorga ko'ra sifatli maydonga va jahon talablariga javob beradigan yoritish tizimiga ega bo'lmagan klub chempionatda ishtirok eta olmaydi. Bu to'g'ri qaror. CHunki, futbol rivojlanishi infrastrukturadan boshlanadi. Infrastruktura va rivojlanish jihatidan O'zbekiston Tojikistondan biroz oldinda. Qo'shimchasiga, har bir o'zbek klubi o'z akademiyasi va futbol maktablariga ega. Masalan: "Nasaf". Ular chetdan deyarli o'yinchi sotib olishmaydi. O'z akademiyalaridan tayyor o'yinchilarni asosiy jamoaga olib o'tishadi va ularga o'yin amaliyoti berishadi. Buning evaziga yosh futbolchilarda ishonch paydo bo'ladi, ular o'sadi va klub har yili o'z tarbiyalanuvchilarini sotadi. Bu katta potencial.

Biz ham rivojlanyapmiz, lekin biz uchun etarli tezlikda emas. Ehtimol, iqtisodiy savollar sabab Tojikistonda futbol infrastrukturasi yuqori tempda rivojlanmayotgandir. SHunga qaramay, rahbariyatimizda futbolni rivojlantirish uchun o'z rejalari bor. Ular o'zlariga bog'liq bo'lgan hamma narsani qilishlariga ishonaman.


- Yaqin orada "Istiqlol" akademiyasini ochish rejasini bormi?

- Nasib, nasib. CHunki, har bir buyuk bo'lishni xohlagan klubda, har bir etakchi klubda o'z akademiyasi, infrastrukturasi, ayollar jamoasi, futzal jamoasi bo'lishi kerak. Bu hammasi vaqt masalasi. Bu erda hammasi xohlagandek tez amalga oshmaydi. Lekin, bu narsa rejada bor.

- Siz o'zbek futbolini ham diqqat bilan kuzatar ekansiz. Bizdan qaysi yosh o'yinchilarni etirof etgan bo'lardingiz?

- "Nasaf"ni deyarli butun tarkibi yosh o'yinchilardan iborat. Bundan tashqari, Superligangizdagi har bir klubda o'zining yosh futbolchilari bor. Oxirgi vaqtlarda etiborimni tortgan yoshlardan "Bunyodkor" azosi Ibrohim Ibragimov. Biz uni "Istiqlol"ga olib kelmoqchi ham bo'lgandik. "Metallurg" ham shu yigitni olish uchun qo'ldan kelgancha harakat qildi. Ibragimov poteciali yuqori bo'lgan yosh iqtidor. "Paxtakor"da yosh markaziy himoyachi Marlen CHobanov bor. Men ko'plab iqtidorlarni sanashim mumkin. O'ylashimcha, O'zbekistonda yosh iqtidorli o'yinchilar tanlovi bilan bog'liq muammolar yo'q.

Bundan tashqari, sizlarda faqat yosh futbolchilardan tashkil topgan va birinchi liga (Pro liga)da harakat qiladigan "Olimpik" jamoasi bor. Bu jamoani Timur Kapadze boshqarmoqda. Bu jamoada terma jamoaga nomzodlar bor va ular aynan shu jamoada o'yin amaliyotiga ega bo'lishmoqda. Bu juda yaxshi. Ko'ryapsizmi, menda o'zbek futboli haqida qancha malumot bor (kuladi).


Tolibjon Qosimov suhbatlashdi

Muallif : Tolibjon Qosimov
Reyting: +69   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика