So’nggi yangiliklar

01:46Ўзбекистон терма жамоасининг шанба кунги машғулоти  1 01:42Миллатлар лигаси. Испания, Португалия, Сербия, Руминияда ғалаба, Беларусь ва Шимолий Ирландия нурсиз дуранг ўйнади  4 01:31"Ливерпуль" туркиялик футболчига қизиқмоқда  2 00:49"Хвича икки йилдан сўнги Англия ёки "Реал"га йўл олади. Бошқалар унинг учун тўлай олишмайди"  1 23:28"Ал Ҳилол" келаси йили Винисиус Жуниорни харид қилмоқчи  4 22:57Миллатлар лигаси. Хорватия ўз уйида ғалабага эришди, Болгария — Люксембург ўйинида 11та сариқ карточка кўрсатилди  6 22:07Ўткир Юсупов: "Эрон билан ўйинда 1 очко ҳам яхши натижа, БААни эса мағлуб этмоқчимиз"  7 21:41Суперлига. "Динамо" — "Навбаҳор" 0:1  0 21:29Мбаппе Франция терма жамоасининг фақат муҳим ўйинларида ҳаракат қилмоқчи. "Реал" форварди 2025 йилги "Олтин тўп"ни кўзлаган  3 20:55Суперлига. "Навбаҳор" 14-турнинг қолдирилган ўйинида "Динамо"дан устун келди  35 20:26Ўзбекистон терма жамоасининг бугунги машғулотларидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  0 19:49"Манчестер Сити"нинг машҳур спорт директори клубни тарк этяпти  4 19:18Кроос "Реал"га қайтяпти  5 18:45Ўзбекистон терма жамоасининг машғулоти Сречко Катанец назорати остида ўтади  43 18:25Про лига. Бешимовнинг голи "Қўқон-1912"га ғалаба тақдим этди  2

"Milan" yakka peshqadam: A Seriya 16-tur yakunlari Yangiliklar

"Milan" yakka peshqadam: A Seriya 16-tur yakunlari

Italiya chempionatining 16-tur o'yinlarida bir qator qiziq voqealar yuz berdi.

"Yuventus" "Jenoa"ni engdi

Avvalgi turdagi g'alabadan keyin "keksa sinora" 3 ochkoga ega chiqishi muhim edi. Qo'shimchasiga "Jenoa" hozirgi holatida bunga qarshilik qila oladigan ahvolda emas. 9-daqiqadayoq Xuan Kuadradoning ajoyib zarbasi golga aylanmaganida bahs qay yo'sinda davom etardi, nomalum. Ko'p o'tmay Bernardeskida yaxshi imkoniyat bo'ldi, u raqiblarini chalg'itishni uddaladi, ammo zarbasiga aniqlik etishmadi. "Yuventus" ketma-ket hujum uyushtirar, darvoza tomon zarbalar berardi, Sirigu esa ikkinchi bor to'p o'tkazib yuborishni istamasdi. Ayniqsa De Ligtning yaqin masofadan bosh bilan bergan zarbasi xavfli ko'rinish oldi.

Ikkinchi bo'lim startida Dibalaning aylanma zarbasidan keyin to'p darvoza to'sini ustidan santimetr yuqoriroq o'tib ketdi. Ko'p o'tmay, Moratada zarba berish uchun qulay imkon tug'ildi, biroq bu safar ham Sirigu ajoyib harakat qildi. "Jenoa" esa deyarli hech nima qila olmasdi. Vaziyatlardan birida "keksa sinora"ning uch nafar vakili darvozaga qarab yaqinlashib keldi, lekin Dibalaning zarbasini yana Sirigu qaytarishga erishdi. Allegri asabiylasha boshlagani yaqqol sezilardi, jamoa 2-golni urib olishi kerak edi, biroq to'p darvoza to'riga borishni istamasdi. Bu ish 87-daqiqada amalga oshdi. Bernardeskining uzatmasidan keyin Dibala jarima maydonchasida to'pni qabul qilib, darvoza burchagini aniq nishonga oldi. "Yuventus" yaxshi o'yin ko'rsatdi, biroq vaziyatlardan foydalanish borasida jiddiy ish olib borish zarur. Etiborlisi, "Jenoa" biror marta raqib darvozasiga xavf sola bilmadi.


"Roma" "Inter"ga yutqazdi

Ha, "Roma" kadrlar borasida jiddiy muammoga duch keldi. Biroq har qanday vaziyatda ham Joze Mourino uchun "Inter"ga qarshi bahs o'zgacha ahamiyatga ega ekanligi sabab, to'qnashuv katta qiziqish bilan kutildi. O'yinning ilk daqiqalari murosasiz kurashlar ostida o'tdi. SHunday vaziyatda, Xakan CHalxanoglu 15-daqiqada burchak zarbasini golga aylantirdi, to'p Ruy Patrisiuning oyoqlari orasidan o'tib ketdi. "Inter" qon isini sezgan yirtqichdek "Roma" himoyasiga bosimni davom ettirdi. Kombinaciyalarning birida CHalxanoglu to'pni Jekoga etkazdi, Edin esa sobiq jamoasi darvozasini aniq mo'ljalga oldi. Bosniyalik futbolchi "Roma"ga bo'lgan hurmati yuzasidan golni nishonlamadi. Bir necha daqiqa o'tib, u yana bir bor golni nishonmalaslik imkoniyatiga ega bo'ldi, ammo bu safar Ruy Patrisiu uzoq burchakka yo'llangan to'pni qaytardi. "Inter" esa baribir gol urdi, Bastoni qanotdan uzatgan to'pni, Dyumfris boshi bilan darvozaga to'g'rilab qo'ydi va "neradzurri" safidagi birinchi golini urdi.

Ikkinchi bo'lim juda sokin ruhda o'tdi. "Inter" oldinda "Real"ga qarshi ECHL guruh bosqich hal qiluvchi o'yini borligini yaxshi bilardi, "Roma" esa bu bahs natijasini o'zgartirish imkonsiz edi. Butun bo'limdan faqatgina Zanoloning zarbasi va to'p tashqi tomondan darvoza to'riga borib tushganini yodga olish mumkin. O'zbekistonlik futbol muxlislarni quvontiradigan bir jihat, Eldor SHomurodov o'yinni to'liq o'tkazdi. "Inter" o'ziga kelib oldi chog'i, navbatdagi uch ochkoni qo'lga kiritdi, lekin Joze Mourino jamoasi qiyin vaziyatda qolmoqda.


5ta gol urilgan o'yinda "Napoli" "Atalanta"ga yutqazib qo'ydi

O'yin ilk daqiqalardan o'ta yuqori tempda start oldi, Havodan uzatilgan to'p uchun kurashda Sapata Rraxmanidan ustun keldi va uni Malinovskiyga yo'lladi, Ruslan esa 7-daqiqadayoq kuchli zarbasi bilan hisobni ochdi. Ko'p o'tmay, endi "Napoli" golga yaqin keldi, Lozano qanotdan uzatilgan to'p bilan darvozaga kirib ketishiga biroz omad etishmadi. Mezbonlar bosimni davom ettirdi va tanaffusgacha muvozanatni tiklashga ulgurishdi. Qanotdan uzatmadan keyin Zelinski zarba berdi, himoyachilar to'p yo'liga to'g'anoq bo'ldi, ammo polshalik futbolchi ikkinchi urinishdan gol urishiga hech kim qarshilik qila olmadi.

Ikkinchi bo'lim boshida "Atalanta" "Napoli"ning oldinga tashlanishini o'tkazib yubordi. Malkyuning uzatmasidan so'ng Mertens va Lozano darvozabon bilan "uchrashuvga" chiqib ketishdi, belgiyalik to'pni sherigiga tashlab beradigandek harakat qilib, zarbani o'zi berib qo'ya qoldi. "Atalanta" bunday natijaga rozi bo'lmasligi aniq edi. Gasperini shogirdlari darhol hujumga tashlanishdi. Sapataning zarbasidan keyin to'p ustunga tegib qaytdi. Bosim davom etgan bo'lsada, gol kutilmagan vaziyatda yuzaga keldi. Toloy ajoyib tarzda "kesuvchi pas" amalga oshirdi va qaerdandir jarima maydonchasida paydo bo'lgan Demiral to'pni darvozabon ustidan tashlab qo'ydi. "Napoli" markazda kurashlarni boy bera boshladi, oqibatda "Atalanta" bundan foydalanib ketdi. Ilichichdan to'pni qabul qilib olgan Remo Froyler mohirona zarbasi bilan darvoza burchagini nishonga oldi. So'nggi daqiqalarda neapolliklar raqibni qamal qilishga urinib ko'rdi, lekin Spaletti shogirdlari harakatlarida charchoq alomati sezilib turardi. SO'nggi daqiqada Petanya jamoasini mag'lubiyatdan qutqarib qolishi mumkin edi, ammo hujumchi zarbasidan keyin to'p yuqoriroqdan o'tib ketdi. 


"Lacio" kamchilikda "Sampdoriya" ustidan ishonchli g'alabani qo'lga kiritdi

"Udineze" bilan o'yindagi gollar shousidan keyin Sarri jamoasi uchun Genuedan g'alaba bilan qaytish muhim edi. "Burgutlar" ilk daqiqalardan keskin o'yin ko'rsata boshlashdi va Immobile-Cakanya va Milinkovich-Savich kombinaciyasini serbiyalik yarim himoyachi gol bilan yakunladi. Mezbonlar himoyasi raqib hujumi oldida ojiz qolardi, "burgutlar" esa bundan ustalik bilan foydalanib qolishdi. Yana 10 daqiqa o'tib, Cakanya to'p bilan jarima maydonigacha bordi va Immobilega yo'lladi, CHiro esa bunday imkoniyatlarni ko'kka sovurmasligini ko'p bor ko'rsatib qo'ygan. Ko'p o'tmay, CHiro dubl qayd etishi mumkin edi, lekin darvozabon bunga to'sqinlik qildi. Immobile ikkinchi golini baribir urdi. Milinkovich-Savichning jarima maydonchasiga yo'llangan ajoyib uzatmasidan keyin forvard birgina harakat bilan darvozani nishonga oldi. "Sampdoriya" nima qilishini bilmasdi.

Tanaffusdan keyin mezbonlar biroz jonlanishdi. Torsbida imkoniyat bo'ldi, ammo Strakosha pand bermadi. Edkalning urinishiga esa aniqlik etishmadi. Maydon egalari safida Gabbyadini ayniqsa faol edi, uning zarbalaridan biridan keyin to'p ustunga tegib qaytdi. "Lacio" esa aksincha xotirjamlik bilan o'yinni tugatib qo'yish niyatida edi, bunga hattoki uchrashuv qaxramoni Milinkovich-Savichning qizil kartochka olib, maydondan chetlatilishi ham to'sqinlik qila olmadi. "Sampdoriya" ikkinchi taymdagi o'yini uchun rag'bat sifatida bitta gol urdi va uning muallifi Gabbyadini bo'lgani yanada ramziy mano kasb etdi. 


"Milan" "Salernitana"ga imkon qoldirmadi

"Rossoneri" masalani cho'zib o'tirmay, hal qilishdi. Leao qanotdan oldinga o'tib bordi va to'pni markazroqdagi Kessiega etkazdi, Frank 4-daqiqadayoq hisobni ochdi. Ko'p o'tmay, Leao endi boshqa qanotdan uzatmani amalga oshirdi, Braim Dias havodan kelayotgan to'pni darvozaga to'g'rilab yubora oldi, lekin ustunni poyladi. 10-raqam sohibi gol ura olmagan bo'lsada, golli uzatmani qoyillatdi. Ispaniyalik futbolchining pasidan keyin Salemakers himoyachini chalg'itib, uzoq burchakni mo'ljalga oldi. Oradan bir oz vaqt o'tib, u dublni rasmiylashtirishi mumkin edi, lekin bunga raqib posboni yo'l qo'ymadi. "Salernitana" esa tanaffusgacha aytarli hujum uyushtira olmadi.



Tanaffusdan keyin maydondagi vaziyat deyarli o'zgarmadi. "Milan" shoshilmasdan, lekin muntazam ravishda hujum uyushtirardi. Ayniqsa uzoq masofadan beriladigan zarbalarga etibor qaratildi. Zaxiradan o'yinga qo'shilgan Messias ancha faol bo'ldi. Biroq debyutant jamoa kiperi ham o'zini yaxshi tomondan ko'rsata oldi va ketma-ket qiyin holatlarda jamoasini goldan qutqardi. O'yin so'nggida "Salernitana" ham imkoniyatga ega bo'ldi, Yaroshinski qulay imkoniyatdan yo'llagan zarbasi qovushmadi va to'p darvozadan ancha yuqoridan o'tib ketdi. Natijada, "Milan" ishonchli g'alabani tantana qilib, yakka etakchiga aylanib oldi.


Sergey Rumyancev

Reyting: +5   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика