So’nggi yangiliklar

09:25"Сўғдиёна" — "Навбаҳор" ўртасида бўлиб ўтган супер учрашувдан ажойиб ГАЛEРEЯ  0 08:48Sofascore. Ашурматов ва Файзуллаев неча баҳога лойиқ кўрилди?  3 08:21Ўзбекистон U-23 ва U-21 терма жамоалари таркибида биттадан ўзгариш содир бўлди  0 08:10МЛС. "Интер Майами" иродали ғалаба қозонди. Месси гол урди, Алба 89-дақиқада ҳал қилувчи голга ассистентлик қилди  4 07:53Sofascore. Шомуродов кечаги баҳсда қандай баҳога лойиқ кўрилди?  4 07:25А Серия. "Ювентус" ва "Лацио" йирик ҳисобда мағлуб бўлди. "Интер" эса сафарда ишончли ҳисобда ғалаба қозонди  1 05:25Алиқулов расман терма жамоамизнинг март ойидаги ўйинларида ёрдам бера олмайди. Унинг ўрнига ким чақирилгани маълум  28 03:57Иван Бошкович: "Ўз мухлисларимиз қаршисида мағлуб бўлиш аламли, мен кўпроғини кутгандим"  4 03:36"Манчестер Юнайтед"нинг "Орзулар театри": "Олд Траффорд" тарихи (мутолаа учун)  1 03:20Сергей Лушан: "Ўйиннинг сўнгги қисмида фаоллашишимиз тактика билан боғлиқ ҳолат эди"  8 03:04АПЛ. "Манчестер Юнайтед" аутсайдерни йирик ҳисобда мағлуб этди  9 03:02Ла Лига. "Барселона" "Атлетико"ни даҳшатли камбэк эвазига мағлуб этди  187 01:39Педру Морейра: "Бизнинг ўйин услубимизни яхшироқ тушунадиган футболчиларга кўпроқ имконият берамиз"  7 00:31Иско АПЛга йўл олиши мумкин  5 23:48Журналист Элиас: "Бюджети 1,1 млрд евро бўлган "Реал" устози Анчелотти 72 соатлик танаффуссиз ўйиндан шикоят қилди. Бюджети 200 млн евродан кам бўлган "Бетис" ҳозиргача 11та шундай ўйин ўтказди"  18

"Manchester Yunayted"ning "Orzular teatri": "Old Trafford" tarixi (mutolaa uchun) Yangiliklar

"Manchester Yunayted"ning "Orzular teatri": "Old Trafford" tarixi (mutolaa uchun)

Tarixiy stadion tarixi haqida hikoya qilamiz.

Voqea 1954 yil atrofida, odatdagi ish kunining tonggi soatlarida sodir bo'ladi. "Old Trafford", Manchester. Mahalliy aholi ishga, ehtimol yaqin atrofdagi kemalar to'xtash joyiga yo'l olayotgan paytda, sarg'ish sochli bolakay qo'yosh ko'kka ko'tarilmasdan turib, to'pni stadionning qizg'ish g'ishtdan qurilgan devoriga yo'naltirardi va to'p o'ziga qaytib kelardi.

O'spirin bu ishni qayta-qayta takrorlardi: avval chap, so'ngra o'ng oyoqda devor bilan to'p oshirishardi, shu orqali u aniqlik, kuch va to'p nazoratini oshirish masadida muttasil shug'ullanardi. Vaqti-vaqti bilan u yanada uzoqroq masofadan zarba berish uchun orqaga tisariladi. Bir kun kelib bu bola o'sha qizil devorlar ichida qizil yulduzga aylanishni orzu qilardi.

Bolakayning ismi Bobbi Charlton edi.

Oradan ellik yil o'tgach, Charlton bu lahzalarni xotirladi. Bobbi "Manchester Yunayted"ning afsonaviy uelslik murabbiyi Jimmi Merfi uni "Old Trafford"ga olib borgani va Charltondan stadionni o'ziga do'st sifatida qabul qilishi lozimligi haqida so'raganini yodga oldi. Shu sababli, Charlton o'z tarjimai holida: "Ko'pincha mashg'ulotlardan bir soat oldin stadionga borar edim," deb yozgan.

"Yunayted" va "Old Trafford"ni bir-biriga bog'laydigan millionlab qizil tola mavjud — chipta sotib olgan har bir muxlisdan tortib, u erda to'p tepgan har bir o'yinchigacha. Ammo bu rishtalar klubning eng muhim o'yinchisiga aylangan bolakayning bahor tongida stadion tashqarisida to'p tepishni mashq qilayotgan manzaradan ko'ra kuchliroq yoki tasirliroq bo'lmasa kerak.

Charlton "Yunayted"da XX asrning 20-yillaridan keyin paydo bo'ldi. U klub 1950 yillarda erishgan shon-shuhratining bir qismi bo'lgan "Basbi bolalari" hamda Myunxendagi aviahalokatdan so'ng MYUning qayta tiklanishi yo'lida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. U klub uchun unutilmas oqshomda — 1968 yilgi Evropa Chempionlar kubogi finalida raqib darvozasini ishg'ol qildi. Umuman olganda, Charlton muntazam o'z nomini tabloga yozdirib qo'yardi.

Keyinchalik Charlton klub direktorlari safiga qo'shildi va 1986 yil "Aberdin"dan Aleks Fergyusonni olib kelishda ishtirok etib, zamonaviy "Yunayted"ning muvaffaqiyatli ikkinchi to'lqinini boshlab berdi. Aynan Charlton "Old Trafford" uchun "orzular teatri" iborasini o'ylab topgan edi.

Charltonda ulkan orzular bor edi. Biroq orzular faqat uniki emasdi. Bu orzular mavsumdan-mavsumga, goldan-golga ulanib, oddiy maydon, tribuna va devorlardan ko'ra yuqoriroq ulug'vorlikka erishgan stadion ichidagi qizil ranglilarning har bir muxlisiga tegishli edi. "Old Trafford" odamlarning qo'nim topadigan, intiladigan maskaniga aylandi.

"Old Trafford" o'ziga xos joziba baxshida etardi.

Strukturaviy jihatdan, muhiti, boshidan o'tkazgan voqea-hodisalari va uzoq yillik faoliyati bilan stadion klub va ingliz futboli tarixidagi asosiy personajga aylandi.

"Old Trafford" 115 yildan buyon o'z joyida qad rostlab turibdi. Biroq 2025 yilga kelib, "Manchester Yunayted" maydonni o'zgartirish vaqti keldi degan qarorga keldi. Yonma-yon hududda 100 ming tomoshabinga mo'ljallangan yangi stadion barpo etiladi. Bu qaror iqtisodiy, memoriy va logistik sabablarga asoslangan bo'lib, kelajakdagi muvaffaqiyat uchun zarur deb topilgan. "Yunayted"ning yangi hamrahbari ser Jim Retkliff "Old Trafford"ning mohiyatini saqlab qolish" istagini bildirdi va bu loyiha hududda "ijtimoiy va iqtisodiy yangilanish uchun turtki" bo'lishini takidladi.

Bazilar esa bu qarordan xavotirda. Ular "Old Trafford" bilan bog'liq shaxsiy xotiralari, maydonda guvoh bo'lgan dastlabki o'yinlari, sevimli futbolchilari, do'stlik rishtalari, g'alaba va mag'lubiyat ko'zyoshlari singari yo'qotishlari mumkin bo'lgan narsalar haqida o'y surishadi. Shaxsiy va jamoaviy jihatdan, asl "Old Trafford" bir umrlik xotiralarni o'z bag'riga jo qilgan.

Saymon Inglisning 1980 yillarda nashr etilgan "Buyuk Britaniyaning futbol maydonlari" asarida shunday satr borki, u jumla "Yunayted" muxlislari va kuzatuvchilarini Bobbi Charltonning kuchli zarbasi kabi hayratga soladi va chuqur xo'rsinishga majbur etadi.

"1920 yillarning oxiriga kelib, - deb yozgan edi Inglis, - "Old Trafford" ancha eskirib qolgandi."

O'shanda, 1910 yil fevralida ochilgan maydon hali 20 yoshga ham to'lmagan edi.

Inglis "Arsenal"ning "Hayberi", "Everton"ning "Gudison Park" va "Tottenhem"ning "Uayt Hart Leyn" stadionlarini "Old Trafford"dan ustun bo'lgan zamonaviy inshootlar misolida keltiradi. Bu zamonaviy tuyg'u bilan yo'g'rilgan bir qator tarixiy malumotlardan biridir.

"Old Trafford"ga ko'chishdan oldin, "Yunayted" 1893 yildan beri Manchesterning sharqiy qismidagi Bank Stritda joylashgan edi. O'shanda klub " Nyuton Hit" deb atalgan. 1902 yilda moliyaviy tanglik paytida, mahalliy tadbirkor J.H. Devis klubni qutqarib qoldi, uning nomini "Manchester Yunayted"ga o'zgartirdi va Stretfordda yirik maydonni 40 000 funt sterlingga sotib oldi.

Stadionlarning mashhur memori Archibald Leitch nazorati ostida qurilgan "Old Trafford"ning ochilish paytida bugungi asosiy tribuna joylashgan qismida deyarli 12 000 o'rinli bitta tribuna mavjud edi. Qolgan 80 ming kishilik sig'im esa usti yopilmagan terrasalardan iborat edi. Dastlab 100 000 kishilik sig'imga mo'ljallangan bo'lsa-da, xarajatlar oshganligi sababli rejalar o'zgartirildi.

Shunga qaramay, "Yunayted" yangi uyidan g'oyatda mamnun edi... tomoshabinlar ham shunday fikrda edi. Ian Marshall 2010 yilda stadionning yuz yillik tarixiga bag'ishlangan yodnomasida takidlaganidek, Trafford Park atrofida kichik yuksalish yuz bergan. Bu joy hozirgi shahar atrofi emas, balki dunyodagi birinchi sanoat hududi — "Manchesterning Kremniy vodiysi" edi.

1894 yilda bitkazilgan qo'shni Manchester kema kanali — 1894 yilda qo'shni Manchester kema kanali qurib bitkazildi. "Kanal" so'zi inglizcha manoda haqiqiy ko'lamini ifodalamaydi — ushbu hudud o'z portlarida yuk kemalarini ham qabul qilishga qodir edi. Bank-stritda gazi o'chirib qo'yilgan, o'ta qashshoq bo'lgan "Yunayted" klubi endi hududning taraqqiy etib borayotgan sanoati va farovonligiga mos keladigan stadion egasiga aylandi.

Asosiy tribunada bilyard xonasi, suzish havzasi, massaj xonasi, sport zali va hakamlar xonasi mavjud edi. Ilk professional futbol klublari o'yinchilari ust-boshlarini bazan yo'lning narigi tomonidagi qovoqxonada joylashgan kiyinish xonalarida almashtirgan bo'lsa, endilikda bunday xonalar bevosita bino ichida joylashgandi. Maydonga, yorug'lik sari chiqib kelishda devor bilan o'ralgan tunnel bor edi, o'yinchilar avval pastga tushib, so'ng yuqoriroqda joylashgan maydonga ko'tarilar edilar. Bu sport tomoshabopligi uchun ajoyib manzara edi.

Maydon Manchester shahri va manchesterliklar, shuningdek, butun ingliz futboli uchun ramziy manoga ega edi.

Barcha klublar orasida "Liverpul" birinchi raqobatbardosh mehmon bo'ldi. O'sha kuni "Manchester Yunayted"ning chap qanot hujumchisi Uoll familiyali o'yinchi edi va mezbon jamoa 3:4 hisobida mag'lubiyatga uchradi.

Har holda, "Old Trafford"dagi ilk gol "Yunayted" futbolchisi Sendi Ternbull nomiga yozilgan. Etti yil o'tgach, Birinchi jahon urushi paytida Ternbull Franciyaning Arras shahridagi jangda halok bo'ldi. O'sha yili Arrasda jon bergan yana bir britaniyalik askar Aleksandr Basbi edi. Uning o'g'li Mettning klubni keyinchalik boshqalarga o'xshamaydigan tarzda shakllantirishi taqdirga bitilgan ekan. 

"Old Trafford"ning o'z maqomiga ega bo'lgani sifatida 1911 yilgi Angliya kubogi finalining takroriy o'yini o'tkazilganini takidlash mumkin. 58 000 tomoshabin kuzatgan uchrashuvda "Bredford Siti" "Nyukasl"ni 1:0 hisobida mag'lubiyatga uchratdi. 1915 yilning aprelida, Birinchi jahon urushi sababli futbol o'yinlari to'xtatilishidan oldingi so'nggi kubok finali ham shu erda bo'lib o'tdi. Unda "Sheffild Yunayted" "Chelsi"ni 3:0 hisobida mag'lub etdi. O'sha paytda "Uembli" stadioni hali qurilmagan edi.

"Liverpul"ga qarshi ochilish o'yinida 45 000 kishi ishtirok etdi, "Yunayted" o'sha mavsum yakunida beshinchi o'rinni egalladi. Biroq klubning yangi stadiondagi birinchi to'liq mavsumi 1910/11 yilgi mavsumga to'g'ri keladi, o'shanda qizillar chempionlikni qo'lga kiritishdi. "Old Trafford"ni bunyod etishdan ko'zlangan maqsad tez orada o'z tasdig'ini topdi.

Qiziq tomoni shundaki, chempionlikni taminlagan "Sanderlend" ustidan qozonilgan so'nggi g'alabaga ko'pchilik guvoh bo'lmadi. Amaldagi chempion "Aston Villa" tur oldidan peshqadamlik edi va jadval o'rtasida joylashgan "Liverpul"ni osonlik bilan engishi kutilayotgandi. Buning ustiga, o'sha kuni Manchesterda yomg'ir yog'gani sababli, atigi 10 000 ga yaqin tomoshabin stadionga tashrif buyurgandi.

Biroq "Liverpul" "Villa"ni mag'lub etdi. "Yunayted" o'yinchilari esa shodiyonani nishonlash uchun yaqin atrofdagi Chester shahriga sayohatga jo'natildi.

Mavsum davomida o'rtacha tomoshabinlar soni 30 000 nafarga yaqin edi, ammo Angliya kubogi o'yiniga 65 000 kishi tashrif buyurdi. Bu esa kubok bahslarining odamlarni qanchalik o'ziga rom qila olishini va "Old Trafford" stadionining imkoniyatlarini yaqqol namoyon etardi.

O'z unvonini himoya qila olmagan "Yunayted" 1911/12 yilgi mavsumda 13-o'ringa tushib ketdi va 1950 yillargacha ligada chempionlik unvoniga ega bo'la olmadi. Yangi stadionning afzalliklari, ayniqsa uning iqtisodiy xarajatlari bilan solishtirganda, sovrinsiz mavsumlar o'tishi bilan boshqacha baholana boshlandi. Klub Devisning bank kafolatlari va qarzlariga tayanib qolgan edi.

Birinchi jahon urushi futbolni to'xtatib qo'ydi. Amerikalik harbiylar Angliya tuprog'iga kelib, "Old Trafford"ga beysbolni olib kirishdi. Futbol o'yinlari davom eta boshlanganida, mablag' etishmasligi sababli Salfordga yangi ko'prik va avtomobil to'xtash joyi qurish rejalari kechiktirildi. Devis "Xayd-roud" nomli stadioni yaroqsiz holga kelgan "Manchester Siti"ga "Old Trafford"dan foydalanishni taklif qildi. Bu daromad manbai bo'lishi mumkin edi. "Siti" bu taklifni rad etib, 1923 yilda ulkan "Meyn-roud" stadionini qurdi. 

Bir yil ilgari quruvchilar to'lovi talab qilingani va jamoaga sarmoya kiritilmagani uchun "Yunayted" quyi ligaga tushib ketdi. Ikkinchi divizion futboli kamroq daromad keltirdi. Garchi "Yunayted" yana yuqori ligaga ko'tarilgan bo'lsa-da, notinch davr hukmron surardi va jamoa 1931 hamda 1937 yillarda yana quyi ligaga tushib ketdi. "Old Trafford"da regbi-yunion bo'yicha Yangi Zelandiya "Ol Bleks" jamoasi va Lankashir o'rtasidagi o'yin kabi boshqa sport tadbirlari ham o'tkazildi. Shuningdek, 1926 yilda bu erda Angliya milliy terma jamoasining Shotlandiyaga qarshi ilk o'yini ham bo'lib o'tdi.

Devis 1927 yil vafot etgach, Buyuk depressiya yaqinlashib kelayotgan edi. Undan sal oldin, "Yunayted" homiysi "Old Trafford" qurilgan er maydonining erkin egalik huquqini sotib olish uchun yangi ipotekaga kafolat bergan edi. O'sha paytdagi erkin egalik huquqi Manchester pivo zavodi kompaniyasiga tegishli edi. Bu yana bir iqtisodiy yuk bo'lib, Marshall yozishicha, bir paytlar klub muxlislardan hatto kir yuvishda yordam so'rashga majbur bo'lgan.

1951 yil "Kliff" maydoni sotib olingunga qadar "Yunayted"ning maxsus mashg'ulot maydoni bo'lmagan, shu bois, futbolchilar stadion ichidagi yoki uning yonidagi kichik maydonchadan foydalangan. Ular stadion atrofida yugurish mashqlarini bajarishgan va tribuna zinalaridan yuqoriga va pastga tushib-chiqqan. Maydon "Yunayted"ning kundalik hayotida muhim o'rin egallagan.

Biroq umumiy moliyaviy ahvolni hisobga olgan holda, har qanday takomillashtirish yoki tamirlash ishlari to'xtatib qo'yilgan edi. Aynan shu sababdan Inglis 1920 yillarning oxiriga kelib "Old Trafford" "eskirgan"ini takidlagan.

1931 yil oxirida Devisga o'xshagan mankuniyalik tadbirkor Jeyms Gibson klubni saqlab qolishga va 30 000 funt sterlinggacha bo'lgan qarzlarga kafolat berishga rozi bo'ldi. Gibson, shuningdek, temir yo'l tarmog'ini "Old Trafford"da bekat qurishga ham ko'ndirdi. O'sha paytgacha ko'pchilik muxlislar shaharning Pikadilli vokzalidan uch mil masofadagi stadionga piyoda borishardi. Bugungi kunda logistika muammosi hisoblangan temir yo'l aloqasi o'sha paytda echim bo'lgan edi.

Asosiy tribuna tomi 1935 yilda kengaytirildi. 1939 yil mart oyida esa "Old Trafford" tarixidagi eng ko'p — 76 962 nafar tomoshabin "Vulverhempton Uonderers" va "Grimsbi Taun" o'rtasidagi Angliya kubogi yarim finaliga piyoda va poezdda tashrif buyurdi.

So'ngra Ikkinchi jahon urushi, Lyuftvaffe va Germaniyaning Trafford Park sanoat hududini vayron qilishga bo'lgan urinishi boshlandi.

1941 yil 11 martda "Old Trafford"ga ikkita bomba tushib, asosiy tribunani vayron qildi hamda klub ofisi, zinasimon teras va maydonni jiddiy shikastladi. 1945 yil oktyabrda bosh murabbiy sifatida tayinlangan Mett Basbi stadionni "bombardimon qilingan xaroba" deya baholagan edi.

Shunday so'ng qo'shni "Manchester Citi" jamoasi "Yunayted"ga o'z maydonini baham ko'rishni taklif qildi. Bu Birinchi jahon urushidan keyin Devis tomonidan yuborilgan taklifning aksi edi. Buning badali yiliga 5000 funt sterling va chipta sotuvidan tushgan daromadning bir qismini tashkil etardi. "Yunayted"ning boshqa iloji yo'q edi va 1949 yilgacha uy o'yinlarini "Meyn Roud"da o'tkazdi.

Klub "Urush davridagi zararlarni qoplash komissiyasi"dan olingan davlat grantlari yordamida "Old Trafford" stadionini avvalgisi singari tiklash umidida edi. Biroq bu imkonsiz bo'lib chiqdi. Stadion qayta ochildi, ammo asosiy tribuna tom bilan yopilmagan edi. Stadionning ikkala tomoni ochiq qolgan, faqat ikkita burchak qismigina yopilgan edi. 1957 yilgacha stadion yoritgichlari o'rnatilmagan edi. Basbi va uning xodimlari yaqin atrofdagi Kornbrukda joylashgan Gibsonning ofislarida ishlar edi.

Bunday holatd vaziyatni o'nglash umidli ko'rinmasada, Basbining tasiri darhol sezildi. 

"Meyn Road"da o'z o'yinlarini o'tkazayotgan "Yunayted", urushdan keyingi ilk mavsumda, yani 1946/47 yilgi mavsumda ikkinchi o'rinni egalladi. Keyin yil ham ular yana ikkinchi bo'lishdi va Angliya kubogini qo'lga kiritishdi. Ularning o'yin uslubi muxlislarni o'ziga jalb qilar, bu esa "Siti" stadionida ijarada turgan bo'lsalar-da, foyda keltirardi. "Yunayted" ishlab topgan mablag'larini o'z maydonini yangilashga sarflash imkoniyatiga ega edi. 

"Old Trafford"ga qaytgach, Charli Mitten "Yunayted"ning ilk goliga mualliflik qildi. Nihoyat, 1951 yilning mart oyida Devisning bevasi hamda pivozavodga bo'lgan qarzlar to'liq to'landi.

Marshallning yozishicha, "Yunayted" "Old Trafford" qurilgan erning hujjatlariga ega bo'ldi. Bir mavsumdan so'ng, bu manzilgoh yana chempionlar maskaniga aylandi — 54 000 tomoshabin ko'z o'ngida "Yunayted" "Arsenal"ni 6:1 hisobida mag'lub etib, 1911 yildan beri ilk bor chempionlikni qo'lga kiritdi. So'ngra "Yunayted"ning shon-shuhratli, o'zgarishlarga boy va fojiali davri bo'lgan 1950 yillar boshlandi.

Basbi jamlagan sarguzashtmand, dovyurak, o'rtacha yoshi 22 ni tashkil etgan "Yunayted" olti mavsumda uchta chempionlikni qo'lga kiritdi. 1957/58 yilgi ettinchi mavsumda to'rtinchi chempionlik kutilayotgan edi. "Yunayted" shuningdek, 1952 yilda tasis etilgan Angliya yoshlar kubogining dastlabki beshta musobaqasida g'olib bo'lgan edi. Futboldan tashqari, yangi "o'smirlar" dunyosi shakllanayotgan bo'lib, "Yunayted"ning yosh futbolchilari — Basbining yosh shogirdlari uning bir qismi edi.

Odatdagidek, yangi davr o'tmish bilan chambarchas bog'liq bo'ladi. 1956 yil yotoqxonasidan stadion tomon piyoda yo'l olgan va debyutini amalga oshirgan 18 yoshli Charlton keyinchalik bu damlarni shunday xotirlaydi: "Hozirgi "Old Trafford" bilan solishtirganda, meni qarshi olgan maydon go'yo futbol jinko'chasining markazida joylashgandek edi".

"Stretford" va "Siti" tomonlari ochiq bo'lib, asosiy tribuna qarshisidagi tribuna zamonaviy nigoh bilan qaraganda mo'rt va eskirgan ko'rinardi. Ammo... "Bobbi, yigitcha, — dedim o'zimga o'zim, — hech qanday ikkilanishga o'rin yo'q, sen hozir jannatdasan".

Garchi qitaning yangi musobaqasi — Evropa Chempionlar kubogining 1956/57 yilgi mavsumidagi dastlabki uchta o'yinni "Meyn Roud"da o'tkazganiga qaramay, yorqin va g'alabali o'yinlari tufayli "Yunayted"ning obro'si oshdi.

"Old Trafford"ga 1957 yil aprelida "Real Madrid"ga qarshi yarim final o'yini oldidan projektorlar o'rnatildi. Stadion 65 ming tomoshabin bilan to'ldi. Bellashuv mahalliy "Granada TV" telekanali orqali to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatildi. "Yunayted" umumiy hisobda 5:3 hisobida mag'lub bo'lsa-da, katta auditoriyani jalb qilishga erishdi. "Old Trafford" endilikda shunchaki mahalliy ahamiyatga ega bo'lib qolmasdan, Evropa sportining ajralmas qismiga aylandi. 

1958 yil 6 fevralda esa o'yingoh yanada ulug'vor maqomga erishdi.

Belgradda bo'lib o'tgan Evropa Chempionlar kubogi doirasidagi uchrashuvdan qaytish chog'ida 23 kishi, shu jumladan, sakkiz nafar futbolchi aviahalokatga uchradi. Myunxen fojiasi "Manchester Yunayted"ni oddiy futbol klubidan butun dunyo bo'ylab muxlislari va hamdardlariga ega sport tashkilotiga aylantirdi.

Chuqur qayg'uga botgan, hayratda qolgan muxlislar o'z dard-alamlarini ifoda etish uchun "Old Trafford"ga borishga ichki ehtiyoj sezishdi. Germaniyadan qaytgan 10 nafar halok bo'lgan kishilarning jasadlari ham shu erga olib kelingan edi. Bu haqda Devid Pis o'zining "Myunxenliklar" romanida hikoya qilgan. Asosiy tribuna ostidagi sport zalida yotgan o'sha 10 ta jasad stadionni butunlay boshqa maskanga aylantirdi.

Aynan shu erda, halokatdan 13 kun o'tgach, klub o'z faoliyatini qayta boshladi. "Yunayted" 11 ta o'yinchi ismi-sharifi yozilishi kerak bo'lgan ro'yxatni bo'm-bo'sh holda taqdim etdi.

"Hakamning ilk hushtagidan so'ng, ilgari hech qachon quloqqa chalinmagan g'alati chinqiriq boshlandi," deydi yozuvchi o'sha oqshom hissiyotlari haqida yozarkan. Bu ovoz va xotira "Old Trafford"ning o'zgaruvchan memorchiligidagi mix va boltlar kabi stadionning ajralmas qismiga aylandi. Kuchli insoniy tajriba stadionning ahamiyatini yanada chuqurlashtirdi. 

Ikki yil o'tgach, Myunxen yodgorligi ochildi va Myunxen soati namoyish etildi.

Amaliy jihatdan muhim bo'lgan yangi o'rindiqlar 1964 yilda o'rnatildi, chunki stadion 1966 yilgi jahon chempionatining uchta guruh o'yiniga mezbonlik qilish uchun hozirlik ko'rayotgan edi. Hozir asosan yopiq ko'rinishda bo'lgan "Old Trafford" stadioni sharsimon shaklga kira boshladi va Basbining taklifi bilan korporativ lojalar joriy etildi. Roy Kinning "qisqichbaqa sendvichlari" haqidagi piching gapi qiziqarli tarixga ega edi.

1964 yil yanvar oyi ham maydondagi muhim o'zgarish bilan esda qoldi: birinchi marta Lou, Best va Charlton familiyalari o'n bir kishidan iborat tarkibda paydo bo'ldi.

Denis Lou, Jorj Best va Charlton Myunxen fojeasidan keyingi tushkunlikdan so'ng "Manchester Yunayted" va "Old Trafford"ni qayta jonlantirdi. Ularning har biri "Oltin to'p"ni qo'lga kiritdi; bu uch futbolchining bir jamoada bo'lishi olov, suv va mo'jizani mujassam etgandi. Rangli televidenie qamrovi kengayib borgan sari, bu uchlik "Yunayted"ning jasoratli tiklanish ramziga aylandi. Maftunkor "Old Trafford"ni butun dunyo kuzatish imkoniga ega bo'ldi. Ligada zafar quchildi, Evropa chempionlar kubogi qo'lga kiritildi va bu yutuqlarga shunday uslubda erishildiki, Charlton aytganidek, "Old Trafford" haqiqiy teatrga aylandi.

Stadion 1970 yil "Chelsi" va "Lids Yunayted" o'rtasidagi Angliya kubogi finalining takroriy o'yiniga mezbonlik qildi. Bellashuvda 62 000 tomoshabin ishtirok etdi. Angliya aholisi 46 million bo'lgan bir paytda, o'yin 28 million mahalliy televidenie tomoshabinini o'ziga jalb qildi.

Futboldagi bezoriliklar jozibador ko'rinmasa-da, stadion uchun moddiy jihatdan muhim ahamiyatga ega edi.

1971 yildan boshlab maydon atrofiga to'siq o'rnatish zarur deb topildi, chunki "Yunayted" muxlislarining tartibsizliklari shu qadar jiddiy ediki, 1971/72 yilgi mavsumning dastlabki ikkita uy o'yinini ushbu stadionda o'tkazishga taqiq o'rnatildi. Natijada, Basbining vorislaridan biri Frenk O'Farrell o'zining birinchi "uy" o'yinini "Enfild"da o'tkazishga majbur bo'ldi. Muxlislar o'rtasidagi keskin raqobatga qaramay, "Liverpul" (Basbining sobiq klubi) "Yunayted"ga o'z stadionidan foydalanishni taklif etdi.

1974 yilga kelib, "Yunayted" ikkinchi divizionga tushib qoldi va yana chempionlik unvonini qo'lga kiritish uchun 26 yillik uzoq kutish davrining boshlanish nuqtasiga etib keldi. 1978 yilda stadionning sig'imi 60 500 tomoshabinga mo'ljallangan bo'lib, "Uembli"ni hisobga olmaganda, Angliyaning eng katta stadioniga aylandi. Maydonning o'lchamlari ham katta bo'lib, 116 x 76 yardni tashkil etardi ("Meyn Roud" undan biroz kattaroq edi).

"Yunayted" "Liverpul" va boshqalarning soyasida qolgan bo'lsa-da, 1950-1960 yillarda shakllantirilgan "Old Trafford" ning sehri hamon saqlanib qolgan edi. U hali ham odamlarni o'ziga jalb qila olardi. 1980 yillarda yosh Gari Nevill otasi bilan shanba kunlari MYUning uy o'yinlariga borib, K-Stend tribunasiga joylashardi. Ular stadionga ertaroq kelishar, Garining otasi do'stlari bilan uchrashgan payt o'g'li yolg'iz o'tirardi.

"Old Trafford" bo'm-bo'sh bo'lardi, — deb yozgan edi Nevill o'zining "Qizil" nomli avtobiografiyasida, — lekin men atrofga mahliyo bo'lib qarardim. Shovqinni, manzaralarni, iforlarni his qilardim. Bular butun umrim davomida men bilan qoldi.

Futbolchilar mashq qilish uchun maydonga chiqqanida, ulardan ko'z uzmay qolardim. Arnold Myurenning keskin yo'nalishi o'zgaradigan zarbalarni mashq qilayotganini hali ham ko'z oldimga keltira olaman".

Myuren 1984 yilda ishtirok etgan o'sha kechada MYU Diego Maradona boshchiligidagi "Barselona" jamoasini hozirda mavjud bo'lmagan UEFA kubogi chempionlari kubogida 3:0 hisobida mag'lub etgandi. Muxlislar shunchalik shovqin ko'targan ediki, "Yunayted" yarim himoyachisi Brayan Robson nafaqat tribunalar, balki maydonning o'zi ham " titrayotgandek" tuyulganini aytgan.

Bu xotiraning yana bir qatlami. Bu voqea 1986 yilda, Fergyuson bosh murabbiy sifatida kelgan yili ochilgan yangi stadion muzeyiga ham joylashtirilishi mumkin edi. U o'yin boshlanishidan oldin futbolchilariga maydonning katta o'lchamini eslatib o'tardi. "Men ularning ongiga raqiblarni so'nggi 15 daqiqa ichida holdan toydirib qo'yish g'oyasini singdirmoqchi edim," deya yozgan edi u "Etakchi" kitobida.

Bu vaqt "Fergyuson vaqti" tushunchasini ifodalardi, go'yo  soat kabi aniqdek tuyulardi. Mahalliy muxlislar bu vaqtni his qilib, sabrli bo'lishar va har safar o'yin oxirida g'alabani nishonlashardi. Stiv Bryusning 1993 yil aprelida "Sheffild Uensdey"ga qarshi urgan ikkita goli Fergyuson tomonidan qayta kuchaytirilgan "Old Trafford"ning timsoli edi. Fergyuson bu tajribani "sarxush qiluvchi" deb tariflardi. Sky Television yangilangan "Yunayted" jamoasini yangilangan maydonda yangi qiziqish uyg'otgan holda namoyish etardi. 

Bryusning o'sha gollari "Stretford End" tomonda urilgandi. U er faqat tik turib kuzatiladigan tribunadan iborat edi. Keyinchalik "Stretford End" buzib tashlandi va qayta qurildi. Qadimiy stadiondagi so'nggi uchrashuv 1992 yil yoshlar o'rtasidagi Angliya kubogi finali bo'ldi. "Yunayted" ushbu kubok g'olibligini 1964 yildan beri ilk bor qo'lga kiritdi. Basbining o'tmishi bilan yuzlashish muqarrar hodisaga aylandi.

Stadion "Yunayted"ning g'alaba sovrinlari kabineti singari kengayib bordi. Klub ham rivojlandi — 1994 yilda "Megastor" ochildi va Shimoliy tribuna, hozirgi Ser Aleks Fergyuson tribunasi, 28 million funt sterling evaziga qayta qurildi. U er 25 000 muxlisni sig'dirar va Evropadagi eng katta konsolli tomga ega edi. Yangi asr boshlanishi bilan "Stretford End" va uning qarshisidagi Sharqiy tribunada yangi qavatlar qurilib, sig'imi 67 000 dan oshdi.

2003 yilgi Chempionlar Ligasi finali shu erda o'tkazildi, biroq chiptalar taklifi talabni qondira olmadi. Shu yili "Yunayted" shimoli-sharqiy va shimoli-g'arbiy "kvadrantlar"ni o'zlashtirishga kirishdi.2006 yilga kelib, 8000 dan ortiq o'rindiq qo'shildi va "Old Trafford" 76 000 o'rinli stadionga aylandi. 2007 yil mart oyida "Blekbern Rovers"ga qarshi o'tkazilgan o'yinga 76 098 kishi tashrif buyurib, rekord o'rnatildi.

Basbi davrida bo'lgani kabi, "Yunayted" Fergyusonning muvaffaqiyatiga tayangan holda rivojlandi. Har ikkala murabbiyning ham stadionda haykali o'rnatilgan, shuningdek, "Muqaddas uchlik" deb nom olgan Lou, Best va Charltonning nodir metaldan yasalgan siymosi qad ko'targan.

Biroq o'tirindiqli boshqa stadionlarda ham quloqqa chalinadigan atmosfera (havo) etishmasligi haqidagi shikoyatlar ko'tarildi. 2013 yil Manchester Evening News xabar berishicha, "Stretford End" tribuna qismida hosil bo'ladigan shovqinning butun stadion bo'ylab tarqalishi mumkinligini aniqlash maqsadida "akustika muhandisi" bilan maslahatlashuvlar olib borilayotgan edi.

Olti yil o'tib, tomdagi teshikdan yomg'ir suvining oqib tushishi yana bir muammoni yuzaga chiqardi. Bu hodisa 2024 yil yana takrorlandi. Garchi stadion, bazilar takidlaganidek, butunlay qarovsiz bo'lmasa-da (2022 yilgi ayollar o'rtasidagi Evropa chempionati doirasida Angliya — Avstriya o'yinini 68 000 tomoshabin kuzatgan), "Old Trafford" tarixi shuni ko'rsatadiki, ambiciya va kengayish faol boshqaruv ostidagina ro'y beradi.

Gleyzerlar oilasining yigirma yillik boshqaruvi davrida rivojlanish to'xtab qoldi. "Tottenhem," "Arsenal," "Siti" va yaqin orada "Everton" XXI asr stadionlariga ega bo'lmoqda. "Eskirgan" so'zi yana bir bor eski "Old Trafford"ga nisbatan ishlatilmoqda.

Mulkchilikning yangi INEOS bo'limi bu masalaga etibor qaratmoqda. Ko'plab muxlislarni xursand qiladigan narsa shuki, Ratkliffening ustuvor yo'nalishlarida asl stadionning "mohiyatini" saqlab qolish maqsadi yuqori o'rinda turibdi. "Biz dovyurak bo'lishimiz lozim," dedi Fergyuson klub bayonotida.

Ikkalasiga ham o'rinli savol bor: qanday qilib? Qanday qilib, XXI asr talablariga javob beradigan Yangi Trafford ko'pincha korporativ manfaatlarga yo'naltirilgan iqtisodiyotga mos kelishi va shu bilan birga XX asr ruhini saqlab qolishi mumkin? O'tmish va kelajakka bir vaqtning o'zida qanday xizmat qilish mumkin?

Bu savollar faqat "Manchester Yunayted"ga taalluqli emas.

Stadion bo'ylab ekskursiyalar tashkil etilgan payt eski tunnel 1910 yilgi maydonning oxirgi qoldig'i sifatida ko'rsatiladi. Bombalarga bardosh bera oladigan qalin devorlar yangi inshootga qo'shilishi mumkin va qo'shilishi kerak. 

Bu sezish mumkin bo'lgan tuyg'u. Ammo sezib bo'lmaydigan mohiyat ham bor. Kassada yordamchi sifatida markalarni elim o'rnida yalab o'tirgan Nobbi Staylzni qanday tasavvur qilasiz? O'smir Charlton maydon chetida to'pni qayta-qayta tepayotganini-chi? Myunxen fojeasining oqibatlari, maydonning larzaga kelganini-chi? Payshanba kechqurunidagi shovqin va "sarxush qiluvchi" ehtirosli qiyqiriqlar haqida nima deysiz?

Bularning barchasini – uzoqdagi ovozlarni, yashab o'tilgan umrlarni, sarflangan vaqtlarni asl holatida qayta tiklash juda murakkab, balki imkonsiz bo'lar.

Bular "Manchester Yunayted"ning asosini tashkil etadigan, "Old Trafford"ning ulug'vor tarixining g'isht va devorlariga muhrlangan voqealardir.


Oqil Abdubarnoev tarjimasi.

Reyting: +2   

Fikrlar

   
17 mar 07:46:27
Абдулазиз Кодиров
Бу таржима лиги билинди лекин яхши макола...
Фергюссон даври хакида жуда кам малумотлар...?
championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика