So’nggi yangiliklar

03:05АПЛ. "Арсенал" бурчак зарбаларидан урилган голлар эвазига "Манчестер Юнайтед"ни мағлуб қилди  11 02:59ЛаЛига. Мбаппе пенальтидан гол ура олмаган ўйинда "Реал" мағлуб бўлди  26 02:30АПЛ. "Манчестер Сити"да ниҳоят ғалаба, "Ньюкасл" — "Ливерпуль" ўйинида 6та гол ва "Челси"дан йирик ғалаба  17 01:57Турк футболчисига МЮ, "Ливерпуль", "Арсенал" ва ПСЖ қизиқмоқда  0 01:32Жаҳонгир Ортиқхўжаев, "Пахтакор" янги бош мураббийи ва Максим Шацких иштирокидаги матбуот анжуманидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  1 00:37Куртуа "Реал" билан шартномани узайтирмоқчи. Дарвозабоннинг вакиллари Саудия Арабистонидан қизиқиш ҳақида билишмайди  1 00:04АПЛ. "Арсенал" - "Манчестер Юнайтед" баҳси асосий таркиблари маълум!  15 23:56"Атлетик" — "Реал". Беллингем, Мбаппе ва Родриго асосий таркибда  20 23:15Озарбайжон кубоги. "Сумқайит" кейинги босқичга чиқди, Жалолиддинов 120 дақиқа ҳаракат қилди  0 22:54ОЧЛ-2. "Насаф" навбатдаги мағлубиятини қабул қилиб олиб, мусобақани тарк этди  122 22:34"Байер" Вирцнинг нархини белгилади  3 21:40АПЛ тўртта топ клуби Испания терма жамоаси юлдузига қизиқмоқда  1 20:47"Боруссия Д" қишда Маленни қўйиб юборишга тайёр  0 20:18"Шабаб Ал Аҳли" — "Насаф". Таркиблар маълум  8 19:54Илёс Қурбонов: "Қаршида ўйнаб қайтганимиз сабабли тайёргарлик кўриш учун бизда 1 кун вақт бўлди"  5

"Kuperning uslubi, Olimpiada yo'llanmasi qo'yilgan BAA bilan o'yin, Mirabror Usmonov va Yaponiyadagi faoliyati". Fozil Musaev bilan eksklyuziv intervyu Yangiliklar

"Kuperning uslubi, Olimpiada yo'llanmasi qo'yilgan BAA bilan o'yin, Mirabror Usmonov va Yaponiyadagi faoliyati". Fozil Musaev bilan eksklyuziv intervyu

Deyarli to'rt yilga yaqin vaqt davomida Yaponiyaning "Jubilo Ivata" klubida to'p tepgan o'zbekistonlik yarim himoyachi Fozil Musaev jamoasi bilan shartnomasi yakunlangani bois yurtimizga qaytishga qaror qildi.

Biz esa fursatdan foydalangan holda tajribali yarim himoyachini studiyamizga videointervyuga taklif qildik. Suhbatimiz davomida uning Yaponiyadagi faoliyati, futbolimizga hozirgi munosabati, o'sha JAR stadionidagi BAA bilan kechgan alamli uchrashuv xotiralari va boshqa fikrlarini bilishga harakat qildik. Quyida ushbu intervyuning matnli variantini taqdim etamiz:





- Keling suhbatimizni ayni paytda nimalar bilan band ekanligingiz haqidagi fikrlaringiz bilan boshlasak. Bu muxlislarga ham qiziq tuyulishi tabiiy...
- Hozirgi kunda uyda oilam davrasidaman. Yakka tartibda mashg'ulot o'tkazmoqdaman. "Jubilo Ivata" bilan 31 dekabr kuni shartnomam tugagan.

- Mazkur jamoa safida to'rt yil davomida to'p tepdingiz. Klubdagi faoliyatingiz davomida pasayishlar ham bo'ldi. Qolaversa 2018 yil boshida o'zingiz ham og'ir jarohat oldingiz. Umuman Yaponiyadagi faoliyatingizni qanday xotiralar bilan yodga olasiz?
- Jamoaga kelgan birinchi paytimda hammasi yaxshi edi. Jey ligada 34ta uchrashuv bo'lsa shularning 32tasida maydonga tushdim. 2018 yil milliy terma jamoa yig'inida og'ir jarohat oldim. SHundan so'ng o'sha yili maydonga tushmadim, qaytib kelganimda chempionat yakunlanish arafasida edi. Murabbiylar jarohatim qaytalamasligi uchun sabr qilib kutishimni aytishdi. Keyin sekin-asta zaxiradan maydonga tushishni boshladim. Bu oraliqda jamoaning natijalari yaxshi ko'rinish olmadi. Murabbiy o'zgardi, ispaniyalik mutaxassis keldi. Uning qo'l ostida bir nechta turda o'ynadim. Keyinchalik aksi kuzatildi. Nima sababdan to'p tepmaganimni bilmayman. Ikkinchi dvizionga tushib ketgan bo'lsakda klubdagilar uni olib qolishga qaror qilishdi. Orada yana natijalar o'xshamagach mahalliy murabbiyga ishonib topshirishdi. Yakunda men yana o'ynamadim.

- Milliy terma jamoada jarohat olganingizdan so'ng FIFA qoidasi bo'yicha yani termada jarohat olgan futbolchining klubiga pul o'tkazib berilishi kerak. Haqiqatdan ham bu amalga oshdimi?
- Bundan xabarim yo'q. Klubda har bir futbolchini sug'urtalash degan narsa bor. Menimcha mening jarohatimni Yaponiyaning sug'urta kompaniyasi to'lab berdi. Jarroxlik amaliyotidan keyingina yashil maydonga qaytardim. 



- Jarohatingizni davolash uchun qancha harajat ketganini bilasizmi?
- Bilmadim. Lekin Aziz G'aniev ham xuddi menikidek jarohat oldi. Men yotgan shifoxona, doktorlar qaradi. "Nasaf" harajatlarni qopladi. Adashmayotgan bo'lsam 30 ming dollar sarflandi. Ha, men orqali amalga oshirildi. CHunki, O'zbekistondagi shifokorlar bilishmadi. Menga tahlil javoblarini yubordi, natijada shifokorimga ko'rsatdim. U esa rasm aniqrog'i rentgen orqali aniqlab bo'lmasligini o'zi ko'rishi kerakligini takidladi. Aziz G'aniev Yaponiyaga kelgach darhol shifokorni qabuliga kirdik va shu zaxoti jarroxlik amaliyoti o'tkazilishi kerakligini aytishdi.

- Yaponiya terma jamoasi Toshkentga keladigan bo'lsa matbuot anjumanlarida, o'yinlarda jurnalistlar o'z o'zidan ko'payadi. Ular bizdan ancha ilgarilab ketgandek ko'rinadi. Kun chiqar yurt mamlakatida klublarni yoritish, media va matbuot qanday yo'lga qo'yilgan?
- Har bir jamoada kamida 5-6 nafar matbuot xodimi bo'ladi. Kimdir maydon ichida ishlaydi, yana kimdir esa mashg'ulotlarda faoliyat ko'rsatadi, muxlislarni kirishi, dastxat olishiga javobgar. Matbuot tomonidan etibor yuqori darajada, ushbu holatni proffessionalizm bilan bog'layman.

- Klubda o'tkazgan 4 yil ichida mahalliy tilni ham o'zlashtirib oldingiz. Bundan tashqari "Jubilo Ivata" sizga qanday sharoitlarni yaratib berdi?
- Barcha legionerlar qatori uy va mashina bilan taminladi. 2018 yil jarohat olgan vaqtimda olti oy yapon tili kurslariga qatnadim. Individual tarzda dars oldim. Zo'r bilaman demayman, lekin o'zim uchun kerak bo'lgan so'zlarni o'zlashtira olganman.

- O'zbekiston bilan solishtirganda Yaponiyada hayot haqida fikringizni aytsangiz, sizni hayron qoldirgan jihatni ko'rdingizmi?
- Yaponiyada madaniyat, insonlarga hurmat yaxshi shakllangan. Ko'chalarni ozodaligini aytishim mumkin. Hech kim ko'chada ahlat tashlamaydi. Oddiy buyumlar ham kerakli joyga tashlanadi. Masalan o'z uyimdagi chiqindini alohida narsaga solib umumiy idishga tashlayman. Bazadan esa mahsus mashina olib ketadi. SHu tomonlari

- O'zbekiston milliy terma jamoasida to'rtta murabbiy qo'l ostida mashg'ulotlar o'tkazgansiz, uchrashuvlarda maydonga tushgansiz. Samvel Babayan, Mirjalol Qosimov, Vadim Abramov va Ektor Kuper. Ushbu murabbiylar o'zbek futboliga nimadir yangilik bera oldimi? Deylik argentinalik Kuper...
- Ko'pchilik Ektor Kuperni futbolimizga to'g'ri kelmaydi, biz hujumkor futbol ko'rsatishimiz kerak deyishdi. SHaxsiy fikrim, to'g'ri himoyaviy o'yin qilgan bo'lishi mumkin, lekin shu vaqtgacha hujumkor o'ynab natija ko'rsatmadik-ku. Mirjalol Qosimov boshqaruvida Jahon chempionatiga juda yaqin kelganmiz.



- Ektor Kuperning mashg'ulotlarida ishtirok etish barobarida o'zbekistonlik murabbiylardan qanday farqni sezgansiz?
- Ochig'i ushbu murabbiyning mashg'ulotlarida kam qatnashganman. Osiyo kubogiga ketishdan oldin Turkiyadagi yig'inga borib qo'shilganman. Bunda ko'proq jismoniy tayyorgarlikka etibor qaratilgan. Antonio Soriog'lu degan yordamchisi bilan ishlaganmiz. O'zbekistonlik murabbiylar bilan solishtirganda katta farqni ko'rmadim.

- Intervyularingizda milliy terma jamoa haqida fikr bildirmayman deb aytgansiz. Keling shu bugun ochiqchasiga ayting, buning sababi nimada?
- Gapirishni istamayman deylik qanday savol berishingiz mumkin?

- Yaqinda terma jamoalar bo'limi boshlig'i Aziz Haydarov yurtimizdagi OAVlardan biriga bergan intervyusida o'sha paytlarda etibor past bo'lganligini, vitaminizaciya, charter reyslar yo'lga qo'ilmaganligini takidladi. Siz ham turli yillar davomida terma jamoamiz libosida harakat qilgansiz, termamizga etibor qanchalik bo'lgan?
- To'g'risi ancha vaqtdan beri terma jamoada emasman. Hozirda vitaminizaciya o'zgargandir. O'sha paytlarda vitaminizaciya yo'qligi to'g'ri edi. Avvallari ham xudo rahmat qilsin Mirabror Usmonov davrida ham charter reyslar amalga oshirilardi. KXDRga safar qilganimizda charter reys orqali borganmiz, Avstraliyaga ham charter reysda uchganmiz. Har doim bo'lmasa ham ko'p hollarda charter reyslardan foydalanilardi.

- O'sha paytda klubingizda vitaminizaciya bormidi?
- Klubimda ham har bir futbolchi o'ziga kerakli vitaminlarni sotib olardi. Mana buni ichasan degan majburlash bo'lmagan.

- Barchaga beriladigan oddiy savol. Nima uchun Jahon chempionatiga chiqa olmayapmiz?
- Demak ko'proq ishlashimiz kerak yoki hali tayyor emasmiz. Yaponiya bilan taqqoslaganda futbolchilarimizning salohiyati mening fikrimcha ularnikidan past. Yaponiyaning o'zida quyi dvizionida o'ynaydigan shunday zo'r futbolchilar bor, raqobat kuchliligidan terma jamoaga chaqirilmaydi. Bitta poziciyaga futbolchi tanlovi juda keng.

- Mundialga chiqishimiz uchun nimani o'zgartirishimiz kerak? Bu borada etishib chiqayotgan yoshlarga qanday maslahat berasiz?
- Har bir jamoaning o'z akademiyasi bo'lishi lozim. To'g'ri bu o'zidan o'zi bo'lib qolmaydi. Qaysidir manoda mablag'ga ham taqaladi. SHaroiti yoki puli yo'qligidan qaerda akademiya qurishi mumkin? SHuningdek jamoalar o'zining qarorgohiga ega bo'lishi kerak, meniimcha ayni paytda ko'p klublarda qarorgohi yo'q. SHuncha sharoitlar yaratib berilgani bilan futbolchilar ham ishlashi zarur.


- Yaponiyada universitetlar ligasi bor. SHu haqida ham gapirib bersangiz. CHunki bizda bunday turnir o'tkazilmaydi...
- J1, J2, J3 ligalaridan so'ng universitetlar ligasi boshlanadi. JFL deb nomalanadi. Ketma-ketlik bo'yicha olganda to'rtinchi liga hisoblanadi. Deylik u erda bitta futbolchi jamoa topa olmasa universitetga boradi va shu turnir orqali o'zini ko'rsatib kattaroq jamoaga yo'l olish imkoniyati bor. Universitetlar ligasi translyaciya qilinishini ko'rmadim. Lekin J1, J2, J3 translyaciya qilinadi. Hamma o'ylagandek televizion formatda emas maxsus DAZN platformasida ko'rsatadi. Oddiy xalq ham J1 ligasini pul to'lab sotib olib ko'radi. Egallagan o'rniga qarab federaciya yil yakunida klublarga pul ajratadi. Bu pullar DAZN'dan kelib tushadi.

- So'nggi yillarda o'zbekistonlik futbolchilar mavqeyi biroz past bo'lgan Bangladesh, Malayziya kabi chempionatlarga borishmoqda. Tabiiyki maosh jihatdan u erda klublar biznikilarga qaragandan ko'proq to'laydi. Futbolchilarimizning kuchliroq chempionatlarga o'tmayotganini sababi nimada deb o'ylaysiz?
- Milliy terma jamoamizning darajasini ko'tarishimiz darkor. Natijalar yaxshilangan sari futbolchilarga ham etibor oshadi. Masalan men terma jamoa orqali o'ynab xorijga ketmaganman, "Nasaf"da o'ynab yurgan kezlarimda taklif tushgan. To'g'ri futbolchining o'ziga ham bog'liq. Milliy terma jamoamizning darajasi oshgach futbolchilarda ham boshqa Evropa chempionatlariga yo'l olish osonroq bo'ladi.

- Legionerlar haqida gap ketar ekan Italiyada o'ynayotgan Eldor SHomurodov haqida ham to'xtalib o'tsak. Hujumchimizning o'yinlarini ko'ryapsizmi?
- Hali to'liq ko'rmadim. Ijtimoiy tarmoqlarda o'yinlarini videosini kuzatdim. O'ziga bo'lgan ishonchi yuqori ekanligi ko'rinib turibdi.

- Bundan xulosa qilish mumkinki, o'zbekistonlik futbolchilar ham shunday darajada o'ynay olishadi?
- O'ynay olishadi. Hamma ham Eldor SHomurodov emas. Biroq qolganlar ham shunga intilishi kerak.

- Yana bir hamyurtimiz Jaloliddin Masharipov arab klublaridan biriga o'tishga yaqin turibdi. Nima uchundir o'zbekistonlik muxlislarning nazdida arab chempionatlariga o'tish ortga tashlangan qadam hisoblanadi. Siz ham o'z vaqtida Qatar, Eron klublarida to'p tepgansiz. SHu bois fikringizni bildirsangiz...
- Kuchli klublarga, OCHLni yutishni maqsad qilgan jamoaga o'tsa ortga tashlangan qadam deb o'ylamayman. Balki biz istayotgan kuchli jamoalardan taklif yo'qdir. Yoki moliyaviy tomonlaridan kelib chiqib tanlov qilishi ham mumkin.



- Bilamiz Fozil Musaev instagram ijtimoiy tarmog'ida faol. Yaponiyaga borganingizdan so'ng ko'proq vaqt ajratishni boshladingizmi yoki ungacha ham faol bo'lganmisiz?
- To'g'risi Yaponiyaga borgach instagramda faolroq bo'ldim. Ungacha ko'p foydalanmaganman. Yaponiyaga kelgach mashg'ulotdan so'ng vaqtimni o'tkazishim lozim edi, zerikardim.

- Endilikda biroz faoliyatingizni boshiga qaytsak. 2008 yil Ahmad Ubaydullaev boshchiligida yoshlar terma jamoasi safida Osiyo chempionatida kumush medallarni qo'lga kiritgansiz. O'sha jamoaning asosiy futbolchilaridan biri edingiz. Misrdagi mundialdan oldin jarohat olib Jahon chempionatidan chetda qolgansiz. Bu haqida eshitganingizdan so'ng hissiyotlar qanday bo'lgan?
- Ketishimizdan bir kun oldin "Bunyodkor" bilan JAR stadionida o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazganmiz. Ushbu o'yindan 2-3 kundan so'ng uchib ketishimiz kerak edi. Raqib safidagi adashmasam Leomar Rodriges ko'rikda o'tayotgan bo'lgan, o'sha futbolchi bilan to'qnashib ketganman. Ko'zimda yosh bilan maydonni tark etganim yodimda. Federaciya, murabbiylar va Ahmad aka o'ynamasam ham qo'llab-quvvatlab Jahon chempionatiga olib ketishgan.

- Misr mezbonlik qilgan Jahon chempionatida vakillarimiz kuchli guruhdan joy olishgan. Gana bilan ham juda yaxshi o'yin ko'rsatganmiz...
- Ganaga qarshi 60 daqiqaga qadar munosib kurashganmiz. Keyingi daqiqalarda haqiqatdan ham raqib kuchlilik qilgan. O'yindan keyin yigitlar ham aytishgandi. Urugvay bilan bir kishi kam bo'lib harakat qilganmiz. To'liq tarkibda o'ynaganimizda ham Urugvay ancha kuchli raqib hisoblanardi. Bejizga Gana finalga chiqmagan, jismoniy jihatdan ham ustun sanalardi. Angliyalik tengqurlarimiz bilan ajoyib o'yin o'tkazganmiz. G'alab qozonishimiz ham mumkin edi.

- Bilishimizga qaraganda ushbu terma jamoa hozirgacha bo'lgan termalar orasida eng ko'p xorijda yig'in olib borgan. Yodingizda qolganlarini, qaysi mamlakatlarda yig'inlar o'tkazilganini sanab bera olasizmi?
- Germaniya, Barselona kabi shaharlarga borganmiz. Misrga ketishdan oldin Ispaniyaning yana qaysidir shahrida mashg'ulot qilganmiz. Mundialdan so'ng Angliyada o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushganmiz.

- Biz yodga olayotgan terma jamoadan faqatgina Islom To'xtaxo'jaev milliy jamoada barqaror o'ynab keta oldi...
- O'sha paytda milliy jamoadagi futbolchilar kuchli bo'lganligi bilan izohlash mumkin. Balki yigitlarni o'zida ham etarlicha ishonch etishmagandir yoki murabbiylar qo'llab-quvvatlashmagan. Buning sababini bitta narsa bilan bog'lash qiyin.



- O'zbek futbolining og'riqli nuqtalaridan biri futbolchilarning o'smirlikdan katta futbolga o'tish jarayonida yo'qolib qolishidir. Ushbu holatga asosiy sabab sifatida nimani ko'rsata olasiz?
- Qaerdadir futbolchilar bo'shashgan bo'lishi mumkin. Men o'zimni darajamga chiqdim degan qabilida. Futbolda o'rnini topa olmadi deganda klubda ham o'ynab keta olmasa aytish o'rinli. Bunda u o'zidan ayb qidirishi kerak.

- Yana bir alamli savollardan biri. 2012 yil olimpiyada yo'llanmasi o'rtada turgan BAA bilan JAR stadionidagi tushunarsiz mag'lubiyat haqida turli mish-mishlar yuradi. Mana shu gap-so'zlarga chek qo'yish maqsadida o'sha o'yin ishtirokchisi sifatida nima deya olasiz?
- Hozir bu o'yin yutubda chiqib qolsa ham ko'rmayman. Kiyinish xonasida yigitlar qanday vaziyatga tushishganini yaxshi bilishadi. Bir kun oldin Mirabror Zufarovich kelib faqat g'alaba qozonishimizni, biz uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini aytgandilar. O'yindan keyin ham salyutlar, bayram dasturi barchasi tayyor qilib qo'yilgan. O'zimizni aybimiz bilan yutqazganmiz. Omad ham raqibga kulib boqqan. Ahmad Halil gol urishidan oldin murabbiy uni zaxiraga olmoqchi ham bo'lgan. Gol urganidan so'ng uni olib qolgan maydonda. Sanjar Quvvatov ham shu o'yingacha darvozasidan gol o'tkazmagan. Gol olib chiqadigan vaziyatlarda omadi kelmagan. Bitta o'yinchini ayblash noo'rin. Abduqahhor chiqib ketgach men markaziy himoyaga o'tib o'yinni davom ettirganman. 2:0 hisobida oldinda borayotganimizda yutishimizga ishonchim komil edi. Durang ham bizni qoniqtirmasdi.

- Suhbatimiz so'nggida faoliyatingizni qaysi klubda davom ettirishingiz haqida so'ramoqchimiz...
- Faoliyatimni qaerda davom ettirishim aniq emas. Yaponiyada qatiy karantin joriy etilgani bois kimda uzoq muddatli vizasi bo'lsa kirishi mumkin. Meniki 18 yanvar kuni tugaydi. Karantin hisobiga legionerlardan, yoshi katta futbolchilardan foydalanmaslikka qaror qilishmoqda. O'zimga ham ko'p muxlislar yozishdi. Muxlislarga sog'lik va salomatlik tilayman. 


Reyting: +9   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика