So’nggi yangiliklar

01:48Камавинга ва Себальоснинг "Реал"даги тақдири маълум бўлди  0 01:15"Атлетико" Линони 25 миллион еврога сотиб юборди  0 00:55Азиз Холмуродов: "Бизнинг ёш тоифасидаги энг кучли терма - Япония"  0 00:43Ўзбекистон U23 терма жамоаси Японияга қарши ўйин учун тайёргарликни давом эттирмоқда ГАЛЕРЕЯ  0 00:11Конференциялар лигаси саралаши. "Сабаҳ" сафарда ишончли ғалаба қайд этди, Раҳмоналиев майдонга туширилмади  2 23:59Конференциялар лигаси саралаши. "Истанбул Башакшеҳир" қийин ғалаба қайд этди, Шомуродовдан дебют  16 23:36Breaking! "Зўр ТВ" ЖЧ-2026 трансляция ҳуқуқини сотиб олди!  13 23:13Тер Штеген операция қилинади  1 22:59Конференциялар лигаси саралаши. "Астана" дуранг ўйнади, "Актобе"дан кичик ҳисобда ғалаба  1 22:18"Қизилқум" халқаро ўртоқлик учрашувида дуранг қайд этди  0 21:47"Арсенал" 15 миллионлик трансферини эълон қилди  1 21:36"Насаф" назорат баҳсида "Хоразм"ни кичик ҳисобда мағлуб қилди  0 20:50"Машъал" Про-лига вакили билан назорат ўйинида 2 тўп фарқидаги ғалабани ушлаб қола олмади  3 20:29"Шўртан" 4 футболчини таркибига қўшиб олганини маълум қилди  2 19:58"Манчестер Юнайтед" Уоткинс борасида музокараларни давом эттирмоқда  4

G'ishtdan darvoza qurib o'ynagan, "Atletiko" maydonida eng yaxshi futbolchi deb topilgan hamda Ronaldudan jarima zarbasi tepishni o'rgangan "Paxtakor"ning yangi legioneri bilan yaqindan tanishamiz Yangiliklar

G'ishtdan darvoza qurib o'ynagan, "Atletiko" maydonida eng yaxshi futbolchi deb topilgan hamda Ronaldudan jarima zarbasi tepishni o'rgangan "Paxtakor"ning yangi legioneri bilan yaqindan tanishamiz

Iroqlik 24 yoshli himoyachi Zaid Tahsin O'zbekistonning "Paxtakor" klubi bilan 1,5 yillik shartnoma imzoladi.

Zaid Tahsin 2001 yilning 29 yanvarida Iroqda tavallud topgan. Futbolchilik faoliyatini mahalliy "Al-Najaf" jamoasida boshladi.

Bolaligimda oilamizda aka-ukalarim o'qishga, ibodat qilishga etibor qaratishardi, men esa ajralib turardim. Ota-onam o'qishim uchun pul to'lardi. Asosiy etiborim to'p tepishda bo'lardi. Dadam maktabdagilardan yurish-turishim, darslardagi ishtirokim, baholarim qandayligini so'rab-surishtirardi, u yaxshi o'qishimni xohlardi.

Kichkinaligimda ko'chamizdagi bolalardan jamoa tuzardim. Uylariga borib eshiklarini taqillatardim, darvoza vazifasini o'tash uchun uchun g'isht yoki shunga o'xshash buyumlar olib kelardim va boshqa jamoalar bilan o'ynardik.

Bu lahzalar qanchalik unutilmas xotira bo'lib qolganini tasvirlay olmayman. Birinchi muhabbatni qanday unutish mumkin? Uni unutolmaysiz va bu haqda hech qachon noto'g'ri fikrlay olmaysiz. Futbolni judayam yaxshi ko'rardim. Tasavvur qiling, hatto futbol o'ynash uchun maktabni tashladim, holbuki yaxshi o'qirdim. O'rta maktabning to'rtinchi sinfida o'qiyotgan paytim maktabdan ketdim – ha, to'rtinchi sinfda.

Yashil maydondagi ilk qadamlarimni Najafdagi Muhammad Sag'ir rahbarligidagi akademiyada tashlaganman. Hali-hamon yodimda, tonggi 5 da shug'ullanardik. Yosh chegarasiga etishim bilanoq mahalliy jamoalarda o'ynay boshladim.

Bir kuni murabbiy o'yinimizni kuzatdi va menga: "Ertaga soat 6 da mashg'ulotga kel", dedi. Men tushdan keyin soat 5 da tashrif buyurdim, lekin maydon bo'm-bo'sh edi, u erda faqat bitta bola – mahalladosh do'stim bor edi. "Soat 5 da keldim, hech kim yo'q-ku" dedim. U: "Mashg'ulot ertalabki 5 da boshlanadi", dedi. Men hayron bo'lib: "Ertalabki 5 da? Hech kim aqldan ozmaganmi?" dedim. Shu tariqa, murabbiylar ko'rikka chaqirishganda, rozi bo'ldim. 

Biz tonggi 5 da mashg'ulot o'tkazardik, ammo o'zimni yaxshi his qilardim. Oilangizdagilarga men uddalay olmadim deb ayta olasizmi? Bu faqat boshlanishi edi. Xo'sh, nima ham qila olardim? Mashg'ulotga ulgurish uchun ancha erta, kechki payt taxminan 7 da uxlashga yotardim.

Keyin yoshlar terma jamoasiga qo'shildim. Shundan so'ng mashg'ulotlarga qatnashishni davom ettirdim va taxminan besh oy davomida tayyorgarlik ko'rdim. Osiyo chempionati final bosqichiga hozirlik ko'rayotgan edik. Jamoa safarga chiqishidan taxminan bir oy oldin murabbiy menga: "Yigitcha, sen hali yoshsan, lekin kelajakda ajoyib futbolchi bo'lasan", dedi. U mening istedodimni boshidanoq payqaganini aytdi. To'g'risini aytsam, meni terma jamoadan chetda qoldirib, uyga qaytarib yuborishgan payt ancha xafa bo'ldim. O'sha paytda, bilishimcha, jamoadagi eng yosh futbolchi men edim. Men har taraflama – bo'y yoki gavda jihatidan eng kichkinasi edim.

Ochig'i, otam ular istagan maktabda o'qimaganimdan xafa bo'lgan edi, lekin keyinchalik eng katta muxlisimga aylandi. Bilasizmi, u meni qo'llab-quvvatlab, mashg'ulotlarga olib borar, o'zi bilan birga olib yurar, mashg'ulotlar tugagach ovqatlanishga olib chiqardi. U juda ko'p mayda-chuydalarga etibor berardi. Hatto "Al Najaf" bolalar jamoasining birinchi divizionida o'ynagan paytlarimda ham himoyachi bo'la turib, yoshlar jamoasining eng yaxshi to'purari edim.

Zaid 2020/21 yilgi mavsum arafasida Bag'dodning "Amanat" klubi bilan shartnoma tuzdi. Biroq "Al-Najaf" bu transferning qonuniyligiga shubha bildirdi. Natijada, transfer bekor qilindi va u "Al-Najaf"ga qaytib keldi.

Bag'dodda deyarli olti oy bo'ldim. Yosh edim, ko'chaga chiqolmasdik. Mehmonxonada turardik, bizni mashg'ulotga olib borishar, keyin ovqatlanish uchun qaytarib olib kelishardi. Tashqariga chiqishga ruxsat berishmagan bo'lsa-da, qanday qilib u erda qolganimizni bilmayman.

O'shanda 18 yoshlarda edim. COVID-19 tufayli o'yinlar to'xtab qoldi. O'sha mavsum atigi to'rt kun shug'ullanganimdan so'ng karantin elon qilindi. Deyarli olti-etti oy uyda o'tirdik. Keyin ikkinchi mavsum boshlanganida "Naft Al Vasat" rahbariyatiga ketmoqchiligimni, ortiq qolishni istamasligimni aytdim, ammo ular meni qo'yib yuborishmadi.

Hali mo'rg'ak edim, birga to'p tepadigan futbolchilar yuqori darajada edi. Xo'sh, nima ham qila olardim? Har kuni murabbiyning oldiga borib, o'yin amaliyoti so'rardim. U esa har safar o'z ustimda ishlashim kerakligini uqtirardi. Mashg'ulotlar qiyin bo'lsa ham, barcha bilan baravar tirishqoqlik bilan shug'ullanardim. Nihoyat, menga oz bo'lsa-da, maydonga tushish imkoniyati paydo bo'la boshladi. Birinchi marta "Erbil"ga qarshi o'ynagandim. Biz g'alaba qozonayotgan edik va o'yinga o'n daqiqa vaqt qolganda maydonga tushdim hamda tayanch yarim himoyachisi vazifasida harakat qildim. 

Shundan so'ng "Al-Hudod"ga qarshi o'yinda zaxiradan tushdim. Tabloda tenglik aks etib turgandi, amo birinchi bo'limda ustunlikka ega edik. Agar bu o'yin durang bilan yakunlansa, turnir jadvalida birinchi o'rinni boy berardik. Ular meni 92 yoki 93-daqiqada maydonga tushirishdi. Men esa hujumda harakat qildim. Bu poziciyada birinchi marta o'ynashim edi. Ilgari ko'p o'ynamagandim, shuning uchun o'yinga qo'shilganimda hayratda qoldim. O'shanda biz g'alaba qozondik. Shunchalik hayajonga tushdimki, o'zimni yo'qotib qo'ydim. To'g'risini aytsam, nima bo'lsa ham maydonda to'p tepgim keladi. Sizda maqsad bo'lishi kerak, hatto hozir maydonga tushmoqchi bo'lgan yosh futbolchi bo'lsangiz ham.

Tahsin 2021/2022 yilgi mavsum boshlanishidan oldin Bag'dodning "Al-Talaba" jamoasiga qo'shildi. U tezda o'zining himoyadagi mahorati va gol urish qobiliyati bilan etiborni tortdi, bu esa uning milliy terma jamoaga chaqirilishiga sabab bo'ldi.

Zaid o'zining ilk golini "Al-Kahrabo"ga qarshi o'yinda urdi. O'sha mavsumda u ligada yana ikkita to'p kiritdi va "Al-Talaba" bilan chempionatda 3-o'rinni egalladi. Keyingi mavsumda himoyachi ligada 4 ta gol urdi, "Al-Talaba" esa 4-o'rin bilan kifoyalandi. Tahsin aprelda oyning eng yaxshi futbolchisi unvoniga sazovor bo'ldi. U arab futbol sayti Kooora tomonidan mavsumning ramziy terma jamoasiga kiritildi.O'zimga "Sabr qil, sabr qil, hali yoshsan", derdim. O'shanda atigi 17-18 yoshli navqiron edim. O'zimni ikki davr orasida qolib ketgandek his qilardim. Biroz ulg'aygach, bu erni tark etish haqida o'ylardim. Shunday qildim ham. "Al-Talaba"ga bordim – haqiqiy tramplin shu erdan boshlandi. "Al-Talaba"da shakllana boshladim. Murabbiy Hasan Ahmad meni jamoaga olib keldi. Unga hurmatim baland.

Tahsin 2023/24 yilgi mavsum oldidan "Al-Talaba" bilan shartnomasini uzaytirdi. U jamoaning doimiy azosi bo'lib, sardorlik vazifasini bajardi, ammo ayrim o'yinlardagi ishtiroki uchun tanqidga uchradi. Jamoaning sobiq murabbiyi Hasan Ahmad "Naft Maysan"ga qarshi bahsda 0:4 hisobidagi mag'lubiyatdan so'ng uni "loqayd va manman" deya tarifladi:

"Zaid Tahsin "An-Najaf"dan "Al-Talaba"ga atigi ikki million maosh evaziga o'tgan edi. Hozir esa uning maoshi bir mavsumda 300 million Iroq dinoriga etib qoldi. Afsuski, bu pullar futbolchini kekkaytirib qo'ydi.

Uning o'yin darajasi sezilarli pasayib ketdi va u "Naft Maysan"ga 0:4 hisobida mag'lub bo'lishimizning sababchilaridan biri bo'ldi. Men Zaid Tahsinni kashf etganimdan va unga faoliyatining boshidayoq Iroq terma jamoasida o'ynashini aytganimdan faxrlanaman, aynan shunday bo'ldi ham. Umid qilamanki, u o'zining avvalgi darajasiga qaytish uchun rejalarini qayta ko'rib chiqadi, chunki u yaxshi futbolchi va yaqin kelajakda undan ko'p narsa kutilmoqda".

Tahsin jamoaning penalti tepuvchilaridan biriga aylandi, mavsum davomida urgan jami 6 ta golidan 4 tasi penaltidan amalga oshirildi. Biroq "Al-Talaba" o'sha mavsumda 8-o'rinni egalladi. 

Mashg'ulotlarda juda qiynaldim. Bazida xatolarim takrorlanaverardi. Men mag'lubiyatni yoqtirmayman. Uxlay olmasdim – tunni bedorlikda o'tkazardim. Shunchaki uxlay olmasdim, go'yo iloji yo'qdek edi. Oilamga nima deyishimni bilmasdim. Jamoa sardori bo'lgach, masuliyatli vazifalar zimmangizda bo'ladi. Yosh ulg'aygan sari masuliyatingiz ham ortib boradi.

2024 yil 20 avgustda Tahsin Iroqning "Al Quva Eyr Fors" jamoasi safiga qo'shildi. Futbolchining aytishicha, unga Turkiya va Vengriya chempionatidan ham takliflar bo'lgan, biroq qancha sabablarga ko'ra kelishuv amalga oshmagan.

Rostini aytsam, o'sha paytda Najafda edim. Voqea sodir bo'lgan kuni oilamni ko'rgani Najafga borgan edim. To'g'risini aytsam, bu haqda umuman o'ylamagandim. Hamma meni avvalgi jamoam bilan shartnoma muddatini uzaytirgan deb o'ylardi. Boshqa klublar bilan hurmat va ehtirom yuzasidan dastlabki muzokaralarni olib bordim, ularga yangi shartnoma imzolaganimni aytdim, lekin aslida bunday qilmagandim, sababi faqatgina xorijdan kelgan takliflarni o'ylayotgandim. Keyin klub rahbariyati menga tezroq qaror qabul qilishim kerakligini aytdi, chunki qita miqyosidagi turnirga ro'yxatdan o'tish muddati yakunlanayotgan edi. Shu bois bir to'xtamga kelishim kerak edi.

So'ngra "Eyr Fors" jamoasi bilan bog'landim va ular "Agar istagingiz bo'lsa, uxlamasdan kutamiz", deyishdi. Men u erga tunda etib bordim. Ular menga "Transferlar ro'yxatini ertalabki soat 10 da yopamiz, shunday so'ng Osiyo Chempionlar ligasi uchun taqdim etiladigan ro'yxatga hech qanday o'yinchi qo'sha olmaymiz", deyishdi. Men juda xursand bo'ldim. Keyin hammasi hal bo'ldi va klub bilan soat taxminan 6 yoki 6:35 da shartnoma imzoladim. Ular bugun mashg'ulot borligini aytishdi. Men ularga: "Qancha uxlaganimni bilasizlarmi? Ertalab oltigacha uyg'oq edim. Mashg'ulotlarda ishtirok etishimni xohlaysizlar?" dedim. Ular "ha" deyishdi...

Albatta, otam va butun oila azolarimning barchasi "Al-Talaba"ni yaxshi ko'rishadi. Ular men bu jamoa libosini kiyishimdan avval ham muxlislik qilishgan. "Al-Talaba" qalbimda qoldi, bu jamoa muxlislarini hech qachon unutolmayman. Jamoada to'rt yil o'tkazdim va hayotimdagi eng yaxshi lahzalarni boshdan kechirdim.

Muammoli tarafi, avvallari Iroq chempionatida statistika to'g'ri yo'lga qo'yilmagandi. Siz bilan shartnoma tuzmoqchi bo'lgan klub hamma narsa tekshirib ko'radi. Keyin kelib, shunday deydi: "Falon mavsumda qanday o'ynadingiz?" Siz esa unga: "Men shuncha o'yin o'ynadim, masalan, 37 ta o'yin", deysiz. Keyin u so'raydi: "Buni qanday isbotlaysiz? Balki o'sha mavsumda jarohatlangandirsiz". Siz: "Yo'q, men o'ynaganman" deysiz. U: "Yo'q, siz o'ynamagansiz" deydi. Siz tag'in "O'ynaganman" deysiz... O'sha paytlarda statistika katta muammo edi, umuman yo'q desa ham bo'lardi. Faqatgina terma jamoa statistikasini topish mumkin edi.

2023 yil iyun oyida Zaid Iroq mezbonlik qilgan 23 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi G'arbiy Osiyo kubogida jamoadoshlari bilan birga bosh sovrinni qo'lga kiritdi.Tahsin Kuvaytda bo'lib o'tgan Osiyo kubogi U-23 saralash bosqichiga chaqirildi. Iroq guruhda birinchi o'rinni egallab, final bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritdi. U Butan darvozasiga gol urdi.

Terma jamoa safidagi ilk turnirim Iroqdagi G'arbiy Osiyo chempionati bo'lib, unda g'olib chiqdik. Shundan so'ng Osiyo kubogi saralash o'yinlari boshlandi. Saralash o'yinlarini Kuvaytda o'tkazdik. Ikkita o'yinda g'alaba qozondik, bittasida durang o'ynadik va guruh g'olibi bo'ldik. Keyin Qatarda final bosqichi bo'lib o'tdi. Birinchi o'yin Tailandga qarshi bo'lib o'tdi va biz mag'lub bo'ldik. Olimpiya terma jamoasi bilan biroz tartibsizlik yuz berdi. 

Biz o'yinchilar o'rtasida sabablar to'g'risida suhbatlashdik. Men jamoadoshlarimga: "Yigitlar, ochiqchasiga gapiraman – oldimizda, muhim vazifa bor. Bu jamoa bilan so'nggi turnirimiz bo'lishi mumkin. Ikki yil davomida qattiq ishladik, bosim, issiq havo, mashg'ulotlar, charchoq – barchasi bilan kurashib keldik. Hammasini birga boshdan kechirganmiz. So'nggi ikki o'yinda Tojikiston va Saudiya Arabistoniga qarshi keyingi bosqichga chiqish imkoniyatimiz bor. Agar shunday qilsak, Olimpiadaga chiqish imkoniyatimiz ancha yuqori bo'ladi. Shunday ekan, bor kuchimizni ishga solaylik", dedim.

Inson o'z qarorini o'zi boshqaradi – boshqalarning g'alaba qozonishi yoki mag'lubiyatini kutib o'tirmaydi. Keyingi ikki o'yinda ham g'alaba qozondik va navbatdagi bosqichga yo'l oldik. Bu futbolchilarni ruhlantirdi va biz butkul o'zgardik. 

U asosiy turnirga ham taklif qilindi. Zaid jamoa sardori sifatida bronza medalini qo'lga kiritdi va 2024 yilgi Yozgi Olimpiya o'yinlarida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritdi. Iroq guruh bosqichidan chiqa olmagan bo'lsa-da, u uchala o'yinda ham maydonga tushdi.

Parij Olimpiadasi – bu turnir barcha jamoalar uchun qanchalik muhimligini hamma biladi. Biz bir qancha kuchli jamoalarga duch keldik; menimcha, bizning guruhimiz eng qiyin guruh edi. Raqobat darajasi juda yuqori edi. Birinchi o'yinimizni Ukrainaga qarshi o'tkazdik. Bellashuvda g'alaba qozonishimiz mumkin edi. O'quv-mashg'ulot yig'inlarini hisobga olsak, Ukraina terma jamoasi turnir oldidan uch oy davomida yig'inlar o'tkazdi va oxir-oqibat hech narsaga erisha olmadi. Shuni ham yodda tutish kerakki, Ukraina jamoasi aslida bizning guruhimizda birinchi o'rinni egallash uchun ishonchli nomzod edi, chunki ular barcha jamoalarni, shu jumladan Germaniyani ham mag'lub etishgan edi.

Ukrainaga qarshi o'yinda yaxshi holatda edik. Uchrashuvdan keyin esa ko'plab futbolchilarda jarohatlar, mushak zo'riqishlari va charchoq alomatlari yuz berdi. Argentinaga qarshi o'yinni jarohat bilan o'tkazdim. Ha, jarohat bilan o'ynadim. Asosiy takrib futbolchilari jarohatlanishgandi, qolaversa, navbatdagi bahsni ikki kundan so'ng o'tkazishga majbur bo'ldik.

Argentina bilan o'yindan keyin Marokash bilan noxush uchrashuv o'tkazdik, o'sha o'yinni Iroq tarixidagi eng yomon o'yin deyishdi. Marokash jamoasiga qarang. Avvalo, biz mag'lubiyat uchun bahona qidirmayapmiz, chunki biz yutqazdik. Jarohat tufayli ichimda olov yonardi.

O'yin juda shiddatli kechdi. Garchi jamoalar o'rtasida farq borligini bilsak-da, o'sha paytdagi Marokash jamoasi haqiqatan ham bazi mashhur futbolchilari bo'lgan Misrni mag'lub etdi. Ha, ularda katta nomlar bor edi va ular Misrni 6:0 hisobida engishdi, Misr esa yarim finalga chiqqan jamoa edi. Bolaligimda Braziliyada o'tkazilgan jahon chempionatida Braziliya - Germaniya o'yinini tomosha qilganman. O'z maydonida muxlislari qarshisida o'ynagan Braziliya 1:7 hisobida mag'lub bo'ldi. Mag'lubiyatdan so'ng hech kim o'z o'yinidan mamnun bo'lmaydi. Bizda ham jamoalar o'rtasidagi daraja yaqqol ko'zga tashlandi. Uning bir qismi jismoniy tayyorgarlik bilan bog'liq edi.

2022 yil 26 sentyabrda Tahsin Iordaniyadagi xalqaro turnir doirasida Suriyaga qarshi o'yinda Iroq milliy terma jamoasi safida ilk bor maydonga tushdi. Tahsin o'z yurtida g'olib bo'lgan Arabiston ko'rfazi kubogida mamlakat terma jamoasi tarkibida ishtirok etdi. 2024 yil yanvar oyida u Osiyo Kubogi uchun Iroqning 26 nafar futbolchidan iborat tarkibiga kiritildi.

Murabbiy bizga hamisha, har qanasiga, ovqatlanishda bo'lsin, yoki dam olishda – professional bo'lishimiz kerakligini uqtiradi. U har doim shu kabi maslahatlar berib turadi. Masalan, kimdir sizga savol berganda, aynan shu oddiy narsalarga etibor qaratishingiz kerak. Bir kuni Krishtianu Ronaldoning intervyusini ko'rdim, u shunday degan edi: "Men sizga reja tuzib berishim mumkin, lekin hamma narsa unga qanday amal qilishingizga bog'liq". 

Mundialga chiqish uchun saralashdan o'tishingiz kerak. Raqiblar juda kuchli. Har bir o'yinga katta etibor bilan yondashish, har bir uchrashuvni final kabi qabul qilish kerak. Shundagina butun Iroq xalqi kutayotgan orzuga erishish mumkin.

Faoliyatim davomida ajoyib o'yinlar ko'p bo'lgan. O'zim ishtirok etgan dastlabki unutilmas o'yin "Atletiko Madrid" stadionida bo'lgan – yomg'ir ostida o'zgacha muhit hosil bo'lgandi. Ekvadorga qarshi o'rtoqlik o'yinida eng yuqori bahoga loyiq ko'rildim. Ikkinchisi – safarda Marokash ustidan 1:0 hisobida g'alaba qozonilgan uchrashuv. Mazkur o'yin ham unutilmas taassurot qoldirgan.

Sport – odamlarni birlashtiradi. Ammo bazi jihatlar bor, masalan, salbiy fikrlar yoki haqoratlar. Bu yaxshi emas. Ijobiy fikrda qolishimiz kerak. Bazida o'yin biror qaror tufayli kutilmaganda o'zgarib ketishi mumkin. 

Masalan, "Al-Talaba" va "Duhok" o'rtasidagi o'yin yilning eng zo'r o'yini bo'lgandi. 91-daqiqada 0:1 hisobida yutqazayotgan edik, 98-daqiqada esa 3:1 hisobida g'alaba qozondik. 11 metrli jarima zarbasini amalga oshirdim – bu mening birinchi penalti ijro etishim edi. O'tgan yili xuddi shu nuqtadan penaltini golga aylantira olmadim. Darvozabonlar o'yindan oldin raqiblarni o'rganib chiqishadi. Masalan, Zayd penalti tepsa, uning odatda qaerga, qaysi burchakka zarba berishini bilishadi.

Jarima zarbasini tepishda to'pni qaerga yo'naltirishni o'zingiz hal qilasiz. Ayniqsa penaltilarda ishonchli bo'lish va to'g'ri qaror qabul qilish kerak. Biroz o'rganish, himoyachilarning xatti-harakatlarini kuzatish, ularning penalti yoki erkin zarbalarni qanday tepishini ko'rish lozim. Bu mahorat, lekin o'z ustingizda ishlasangiz, rostdan ham natija beradi. Yoshligimda bunday narsalarni juda yaxshi ko'rardim. "Naft Al-Vasat" tarkibida mashg'ulotlardan so'ng qolib, penalti va jarima zarbalarini mashq qilardim. Bu menga katta tasir ko'rsatdi. Ochig'ini aytsam, 2013-2014 yillarda "Real Madrid"ning ashaddiy muxlisi edim.

Ronaldunining jarima zarbalarini ijro etishiga diqqatimni qaratardim va "Bir kun kelib men ham shunday bo'lishim kerak", degan fikr xayolimda charx urardi. Buni isbotlashni xohlardim.

2025 yilning 22 iyul kuni iroqlik 24 yoshli himoyachi O'zbekistonning "Paxtakor" klubi bilan 1,5 yillik shartnoma imzoladiNimagadir erishgan bo'lsam, oilam tufayli erishdim. Yuqorida takidlaganimdek, avvaliga otam futbolchi bo'lishimga qarshilik qilgan va rozi bo'lmagan, lekin keyinchalik uning qo'llab-quvvatlashi bo'lmaganida, bu darajaga chiqmagan bo'lardim... 

"Men Messi yoki supermen emasman" — yoshi kichraytirilgani gumon qilingan, 16 yoshida termada debyut qilgan, Katanec qo'l ostida O'zbekistonni mag'lub etgan va Argentinaga qarshi o'yinda onasidan ayrilgan "Paxtakor"ning yangi legioneri bilan yaqindan tanishamiz


Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

Reyting: +7   

Fikrlar

   
24 iyu 19:24:26
ТНФНШС
Бир савол ахир бизда лигеонерлар лимитида 1 нафар осиёлик футболчига рухсат "Пахтакор" ФК да 2 нафар осиёлик футболчи булди, футболчи қай тартибда рӯйхат ӯтади?
   
24 iyu 15:44:40
Шерзод Икромов
Атлетикода уйнаган экан. Гап йук муаллифга.одамлар укиши учун Атлетико сузини ишлатманг
   
24 iyu 11:13:09
arma2014
Ассалому алайкум. Яхши трансфер. Абдуллаевни ўрнини боса олади диб ўйлийман. Кейин яна озгина ўйнатиб яхши пулга сотса бўлади. Хали ёш , амбициялари бор. Кейин Ироқ футболчилари анча мослашувчан бўлади. Буни Башар мисолида кўрдик. У охирги трансферла ичида Риаскос билан иккалови энг яхшиларидан бўлиб турибди.
   
24 iyu 09:09:54
Бахтиёр Ашуров
Қадаминг қутлуғ келсин!
championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика