Faqatgina NOMI qolgan "Bunyodkor". Klub islohotlarga muhtoj!
10 mar 22:19
Yangiliklar
Faqatgina NOMI qolgan "Bunyodkor". Klub islohotlarga muhtoj!
Qita sahnasida o'zbek futbolining haqiqiy brendi, bayroqdor bo'lib keldi toki 2007 yilda Superligada "Bunyodkor" paydo bo'lmaguncha. 2008 yilga kelib yana bir gigant klub nomi Osiyo, Jahon bo'ylab taraldi. Endi "Paxtakor" yolg'iz emas, unga sherik "Bunyodkor" bor edi. OCHLda sharq mintaqasida "Adelaida Yunayted"dan tortib, Yaponiya gigantlarini titratgan ham, akademiya orqali yulduzlarni etishtirish fabrikasi bo'la olgan ham "Bunyodkor" edi. Ammo bugun bu klubdan faqatgina NOM qoldi. Inson tanasida yiring paydo bo'lsa, u yig'ilib boradi va bir kun yoriladi. Yiringni davolatish uchun bir nechta shifokorga davo istab borasiz. Unisi bunday davolab ko'radi, boshqasi yana o'zgacha yo'l bilan davolaydi. Yakunda siz o'sha azoyingizdan ajralasiz, tamom. "Bunyodkor" ham bugun xuddi shunday vaziyatda.
So'nggi 2 yillikdagi holat
Birinchi galda "O'zbekneftgaz" "Bunyodkor"dan nima istayotganini va yo'nalishini aniqlab olishi kerak. So'nggi 2 yilda "Bunyodkor"da murabbiy va rahbariyat qo'lqopdek almashtirildi. 2022 yil holatiga ko'ra jamoada 3 nafar murabbiy faoliyat olib bordi. SHuhrat Maqsudov, Viktor Karpenko, Ivan Boshkovich. Maqsudov bilan mavsumni boshlagan "qaldirg'ochlar" chernogoriyalik mutaxassis boshchiligida 8-o'rinda tugatgandi. Ushbu yilda klub rahbariyatida Ulug'bek Mirzaev va Aziz Haydarov faoliyat olib bordi. 2023 yil qishidagi kutilmagan burilishlardan so'ng yana rahbariyat va murabbiy o'zgardi. SHerzod Haqberdiev klub bosh direktori, Murod Otajonov bosh murabbiy. Mavsumni yaxshi boshlagan jamoa yozga kelib mag'lubiyatlar girdobiga tushdi va eski holat takrorlandi. Endi Murod Aliev direktor, Aleksandr Krestinin bosh murabbiy. Bu erda ikkita holatda bir narsani aytish mumkin, Boshkovich va Krestinin o'z missiyasini oxirigacha bajarmadi va yarim yo'lda chiqish eshiklari ko'rsatildi. Natija esa o'zgarmadi, 8-o'rin. 2019 yil 3, 2020 yil 4, 2021 yil 5, 2022 va 2023 yil 8 o'rinlar bilan kifoyalandi.
2 yil ichida 5 nafar murabbiy, 4 nafar bosh direktor almashdi. Bu yil yana shu narsa yuz beradi. Klubda tizm shu qadar izdan chiqib ketganki, rahbariyat o'zgarishi albatta murabbiylar shtabiga ham tasirini o'tkazyapti. Murod Aliev ham avvalgi hamkasblari yurgan yo'ldan yurdi va qishda hech qaerda biror karomat ko'rsatmagan Ivan Bubaloni olib keldi. Xato hammada o'tadi, lekin bir xatoni yana takrorlanishi klubda aniq maqsad, reja, tizm yo'qolib bo'lganligini bildiradi. "Bunyodkor" o'z yo'lini topa olmayapti. Odatda o'zgarishlar vaziyatni o'nglash, yuqoriga ko'tarilish uchun amalga oshiriladi. "Bunyodkor"da esa aksi kuzatilyapti. Xulosa shuki, klub esa tub islohotlarga muhtoj, chunki hech bir o'zgarish natija keltirmayapti.
Taqdir charxpalagi
Tarixga nazar tashlaymiz. 2018 yil "Bunyodkor"ning direktori Murod Aliev bo'lganligini bilasiz. Aynan shu davrda qarzdorliklar sabab 6 ochko olib tashlangan va klub yopilish arafasida bo'lgandi. O'shanda stadion O'FAga berib yuborilgan, akademiya ham qo'ldan boy berilishiga oz qolgandi. Taqdir charxpalagini qarangki, yana Murod Aliev davriga kelib shunday muammolar suv yuzasiga qalqib chiqmoqda. Bu safar xavf ikki karra yuqori. Aynan Rivaldo va Denilsonlardan qolgan qarzlar sabab klub butunlay bankrot bo'lishi ham mumkin. Matbuot anjumanida Murod Aliev yuristlar ish olib borayotganini takidladi. Lekin ish hali butunlay yopilgani yo'q-ku? CAS esa baribir futbolchining manfaatini himoya qilib chiqadi. Javlon Ibrohimov voqeasi yodingizdami? Klub yakunda baribir futbolchiga pullarni to'lagan va qo'shimchasiga CAS xarajatlarini ham ko'targan. SHunday ekan qochib qutilish imkonsiz. Bundan tashqari "CHilonzor Siti" loyihasi sabab akademiyaning taqdiri mavhum bo'lib turibdi.
Ivan Bubalo "Bunyodkor"ga mos murabbiymi?
Bu murabbiy haqida eshitganim payti ijtimoiy tarmoqlar orqali malumot izlashga kirishdim. So'nggi ish joyi Bosniyaning "Posushe" klubi akademiyasi bo'lgani, undan avval "Al Ayn" U-17, "Solin" va "Zrinski" jamoalarida ishlagani haqida malumot chiqib keldi. Ularning birortasi nomdor jamoalar emas va diqqatga arzigulik biror ish qilmagan. Xo'sh, Bubalo "Bunyodkor" saviyasidagi murabbiymi? Bubalo faoliyatida O'zbekistondagi kabi katta bosim va natija talab qiladigan joyda ishlamagan. Tabiiyki, u bu erni o'zining legionerlari bilan osonlikcha zabt etaman, deb o'yladi. CHuchvarani hom sanabsiz Bubalo. O'zbekiston chempionati, undagi temp, atmosfera sizni 2 ta turdayoq kim ekanligingizni ko'rsatdi. "Qizilqum" bilan o'yindan so'ng bugun aynan shunday holat kuzatilishini sezgandim va shunday bo'lib chiqdi. Murabbiyda o'ziga bo'lgan ishonch yo'q va qaerga, qanday klubga kelib qolganini fahmlab ulgurmadi. Bubalo "Bunyodkor"da avvalgi 2 yilda ishlagan murabbiylardan past natija qilsa qiladiki, yuqoriga olib chiqolmaydi. Men bunga aminman. Yana qaytaraman Bubalo "Bunyodkor" saviyasidagi murabbiy emas. "Qizilqum"ga qarshi bahsning birinchi bo'limidan so'ng 9 nafar futbolchini almashtirardim, degan fikrini o'ziyoq hurmatsizlik hisoblandi. Murabbiy 2 ta turdan beri qo'limda bo'lganida hammani almashtirar edim degan gapni kanda qilmayapti. Tarkib kimning qo'lida? Demak jamoani murabbiy yig'magan bo'lib chiqyaptimi? Ular o'zidan o'zi maydonga chiqib qolmagan va siz o'yinga tushirgansiz yoki kimdir tuzib beryaptimi?
2ta tur xulosalari
"Qizilqum"ga qarshi o'yinning birinchi bo'limi ham xuddi bugungi scenariy ostida o'tgandi. Jamoaning markaziy himoya va darvoza chizig'iga etarlicha savollar tug'ilgan, eng kuchsiz poziciya shu kuni orqa chiziq edi. Navoiyliklar urgan 2ta gol ikkinchi qavatda ro'y berdi. "Qizilqum"ning "Bunyodkor" darvozasiga yo'llagan 7 ta aniq zarbasidan 3 tasi gol bilan tugadi. "Andijon"ning 7 ta aniq zarba yo'lladi va 5 ta gol urdi. "Bunyodkor" o'z tarixida ilk bor Toshkentda "Qizilqum"ga 3 ta gol sovg'a qilgan bo'lsa, bugun tarixda birinchi marotaba "Andijon"ga yutqazdi yana 5 ta gol bilan. SHu paytgacha "Bunyodkor"ga faqat "Paxtakor" va "Navbahor" 5 ta gol urishni uddasidan chiqqan bo'lsa, "Andijon" ham ular safiga qo'shildi. Bu ketishda jamoaning barcha antirekordlarni navbati bilan yangilanib chiqsa xayron qolmayman. Bubalo murabbiylar shtabidan o'zining yordamchilari bilan bir qatorda mahalliy ichki resursdan 2 yil asosiy tarkib bilan yurgan, bu yoshlarni ipidan ignasigacha biladigan Abduhamid Qodirov shtabdan joy olishi shart edi. Bularning imkoniyatini undan yaxshi biladigani yo'q edi. Vaholanki, qishki yig'inning dastlabki qismini G'ofurov va Qodirov olib borgandi. Abduhamid Qodirov esa yana o'rinbosarlarga qaytarildi.
"Qizilqum" bilan o'yindan keyinoq darvozabon Lyubich almashtirilishini kutgandim. Lekin Bubalo unga yana imkoniyat taqdim qildi, yakun nima bo'ldi? 5 ta gol. Birinchi turdayoq chalingan ogohlik qo'ng'irog'i hali murabbiyga etib bormagan ko'rinadi. Rotaciya qilinishi kerak bo'lgan birinchi poziciya darvoza chizig'i. Lyubich 2 ta turda darvozasidan 8 ta gol olib chiqdi va bu Superligadagi eng yomon ko'rsatkich bo'lib turibdi. Jamoa 2 ta o'yinda faqat to'pni nazorat qilish bilan cheklandi, xolos.
Bubaloning istefosi yaqinmi?
"Bunyodkor" bu 2 ta mag'lubiyat bilan shoshilmasligi kerak. Oldinda jamoani qiyin bo'lgan bellashuvlar kutmoqda. 7 kundan so'ng "Navbahor" Toshkentga keladi. 29 mart kuni Qosimov boshchiligidagi OKMK Olmaliqda "Bunyodkor"ni qabul qilsa, keyingi turda Abramov jamoasi ro'baro' keladi. Oxirgi o'rindagi jamoaga havas qilarli taqvim emas. "Navbahor" va OKMKdan uchraladigan ehtimoliy mag'lubiyatlar Bubaloning istefosini tezlashtirishi mumkin.
Fikrlar