So’nggi yangiliklar

00:04АПЛ. "Арсенал" - "Манчестер Сити" баҳси асосий таркиблари маълум!  4 23:56"Атлетик" — "Реал". Беллингем, Мбаппе ва Родриго асосий таркибда  0 23:32АПЛ. "Манчестер Сити", "Ливерпуль" ва "Челси" жамоалари иштирокидаги ўйинларнинг таркиблари билан танишинг  1 23:15Озарбайжон кубоги. "Сумқайит" кейинги босқичга чиқди, Жалолиддинов 120 дақиқа ҳаракат қилди  0 22:54ОЧЛ-2. "Насаф" навбатдаги мағлубиятини қабул қилиб олиб, мусобақани тарк этди  116 22:34"Байер" Вирцнинг нархини белгилади  2 21:40АПЛ тўртта топ клуби Испания терма жамоаси юлдузига қизиқмоқда  1 20:47"Боруссия Д" қишда Маленни қўйиб юборишга тайёр  0 20:18"Шабаб Ал Аҳли" — "Насаф". Таркиблар маълум  8 19:54Илёс Қурбонов: "Қаршида ўйнаб қайтганимиз сабабли тайёргарлик кўриш учун бизда 1 кун вақт бўлди"  5 19:45Баҳром Ҳайдаров: "Суперлига ва Про лига жамоалари ўртасидаги фарқ сезилмади"  9 19:31Суперлига учун ўтиш ўйини. "Қўқон-1912" – "Металлург" 1:1. Highlights  1 19:17ФИФА ЖЧ-2034 саналарини белгилашда қийналмоқда  5 18:54"Қўқон-1912" пенальтилар сериясига кўра "Металлург"ни мағлубиятга учратиб, Суперлигага йўл олди. Дарвозабон Азизхон Исақов – қаҳрамон!  97 18:28"Бавария" хавбекига рекорд даражадаги шартномани таклиф қилишга тайёр  1

Axbor Imomxo'jaevning tavallud ayyomiga bag'ishlanadi: "10000 metr balandlikda uyushtirilgan intervyu" Yangiliklar

Axbor Imomxo'jaevning tavallud ayyomiga bag'ishlanadi: "10000 metr balandlikda uyushtirilgan intervyu"

Teglar :  Axbor Imomxo'jaev
Bugun, 19 fevral kuni deyarli barcha sport jurnalistlarining ustozi bo'lgan Axbor Imomxo'jaev 86 yoshni qarshi oldilar.


Tug'ilgan kun munosabati bilan 2016 yil fevral oyida uyushtirilgan suhbatni o'quvchilarimiz hukmiga yana taqdim etamiz.  


Biz loyihamizning maxsus soni uchun taniqli sport jurnalisti, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiyi,  Respublika toifasidagi hakam, "Oltin qalam” Milliy mukofoti sohibi, Xalq talimi alochisi bo'lgan Axbor Imomxo'jaev xonadoniga tashrif buyurdik.



BOLALIKNING ZAVQLI DAMLARI
Toshkentning Eshonguzar mahallasidagi Katta Bog' ko'chasida 45 maktab bo'lardi. Qizig'i, maktabning qurilishi bilan kaminaning tug'ilgan yili bir yilga to'g'ri kelgan. Men 1944 yilda maktabga chiqqanman. Birinchi sinfdagi ustozimiz Mehrixon opa Rasulova juda ham bag'rikeng inson edilar. Barchamizni o'z farzandlaridek yaxshi ko'rardilar.

Bir kuni Erkin degan sho'x o'rtog'im bilan tomda varrak uchirganmiz. Bolalikning eng zavqli damlari... O'ynaganmiz, quvnaganmiz, lekin bu yoqda dars qolib ketayotganini sezmaganmiz ham. O'shanda dadam ko'rib qolgandilar. Yaxshilab tazirimni berib, maktabga olib bordilar. Mehrixon opa esa ahvolimni ko'rib mening yonimni olishga tushib ketgandilar. Men esa bu mehrdan o'zimni yig'idan to'xtata olmaganman. Ustozimiz dars qoldirish yomon ekanini yotig'i bilan tushuntirgandilar. Biz ana shunday bag'rikeng o'qituvchining qo'lida tarbiya ko'rganmiz.

O'z faniga mehr uyg'ota olgan ustozlarimizdan yana biri jismoniy tarbiya o'qituvchimiz David Javadov edilar. Bu kishi ham bizning maktabda, ham yonimizdagi 90-maktabda ishlardilar. U kishining tashabbusi bilan ikkala maktab o'quvchilari o'rtasida turli sport musobaqalari tashkil etilardi. Yana tarix o'qituvchimiz Osiyo SHokirovani, geografiya o'qituvchimiz Qobil Muhammedovlarning barchamiz birdek yaxshi ko'rardik.


 
MEHNATDAN KELSA BOYLIK...

Insonning ish faoliyatining boshlanishi hayotining qanday davom etishiga qisman bo'lsa-da o'z tasiri o'tkazadi. Bunga hech kimda shubha bo'lmasa kerak. Axir odamzodning topadigan bor boyliklari mehnat orqasidan-ku. Men, albatta, bu o'rinda manaviy va moddiy boylikni uyg'un tarzda izohlayapman. SHu bois, “Mehnatdan kelsa boylik — turmush bo'lar chiroylik”, degan hikmat ham bejiz emas. 1954-1956 yillarda Toshkent viloyati Pedagogika bilim yurtida o'qiganman. Hozirgi kollejlarga o'xshash. U erni bitirib o'qituvchilik faoliyatini boshlaganman. Mehnat daftarchamdagi ilk yozuvlar shunday edi: Mirzacho'l tumanidagi, Vasilevskiy nomidagi 13 maktabning jismoniy tarbiya o'qituvchisi”. Bu erda bir yil ishlagach, "Paxtakor" jamiyatiga taklif qilishgan. Maktabni tark etmasdan soatbay tizimida ishlaganman. Keyinroq Ohangaron tumanida Janjal qishlog'ida ishladim.

Bu kichkina qishloqda bor-yo'g'i 12 ta oila yashardi. Bu oilalarning farzandlari talim olishlari uchun alohida maktab qurilgandi. Bitta kattaroq xonada birdaniga 4 ta sinf o'qirdi. 1 va 3 sinfga yozuv dars bo'lsa, 2 va 4-sinfga boshqa dars o'tilardi. Mening omadim kelgan. Sababi jismoniy tarbiya darsini tog' yon bag'rida, lolalar, tabiat qo'ynida toza havoda dars o'tardim. May oyi oxirigacha shu erda ishladim.

Toshkentga qaytib Jismoniy tarbiya institutiga hujjatlarimni topshirmoqchi bo'ldim. Ammo o'qishga kirish uchun istalgan sportdan uchinchi razryadga ega bo'lish kerak edi. Menda uchinchi razryad bor edi, ammo muddati o'tib ketgan ekan. SHu bois bir yil davomida Toshkentda ishlab, keyingi yil shu razryad bilan o'qishga kirishim mumkin edi. Poytaxtdagi Samarqand darvoza mavzesida 13 maktabda o'qituvchi bo'lib ishladim. Bu maktab hozir ham bor. Qizig'i qaysi sinfda o'qituvchi kelmay qolsa men ularga jismoniy tarbiya darsi o'tardim. 1959 yilda institutga o'qishga kirib 1963 yilda futbol bo'limini qizil diplom bilan bitirdim. Gennadiy Krasnickiy, Vladimir SHtern, Hamid Rahmatullaev va Maqsud SHaripovlar bilan birga o'qishni bitirganmiz.
O'qishdan keyin hozirgi Zangiota tumanidagi 83-maktabda dars bera boshladim. Biroz vaqt o'tgach Gennadiy Sergeev Jismoniy tarbiya institutiga taklif qilgan. U erda ham futboldan dars berdim.


 
SHARHLOVCHILIKKA SHARH BERIB...
SHarhlovchilik faoliyatim qiziqarli bo'lgan. 1956 yilda "Paxtakor" stadioni va klubi tashkil etilgach, sharhlovchilar uchun tanlov elon qilindi. 26 nafar yosh yigitlar kelib, o'zini sinab ko'rishdi. Ana shu tanlovda Roman Turpishev rus tili, men esa o'zbek tili bo'yicha g'olib bo'lganmiz. 1956 yilda "Paxtakor" Erevanning "Spartak" klubiga qarshi o'yinida debyut qilganman, yani ilk marotaba sharhlovchilik faoliyatim boshlangan. Bu o'yin hech ham yodimdan chiqmaydi. Radioda 15 daqiqadan ruscha, o'zbekcha sharhga chiqqanmiz. O'yin tanaffusida yoshi katta bir kishi kirib, menga “Futbolni yaxshi tushunar ekansiz. Ovozingiz ham yaxshi ekan. Faqat familiyalarni aytishda shoshmang”, deb maslahat bergan.

Albert Azaryan Turpishevga ustozlik qilgan. Menga esa O'zbekistonda diktorlik maktabi asoschilaridan biri bo'lgan Turg'unoy Sobirova soha sirlarini o'rgatgan. U kishining o'g'lining ismi Zafar edi. Aynan shu kishiga havas qilib men ham kichik o'g'limga Zafar deb ism qo'yganman.
1960 yilda “Paxtakor” Sobiq Ittifoq oliy ligasiga chiqdi. O'sha yili 20 aprel kuni "Paxtakor" – CSKA Moskva uchrashuvi televidenie orqali namoyish etilgan. Bu "Paxtakor"ning televidineyaga chiqqan birinchi o'yini edi. Futbol sharhini "Diqqat qiling, Toshkentdagi "Paxtakor" stadionidan gapiramiz", – deb boshlaganmiz...  Uchrashuvda "Paxtakor" 3:2 hisobida g'alaba qozongan, uchala golni ham Gennadiy Krasnickiy urgan. Xalqqa bayramona kayfiyat bag'ishlangan. O'sha kunni hech qachon unutmayman...

Turpishev bilan birga Moskva, Sankt-Peterburg, Minsk, Kiev, Boku, Tbilisi, Erevan va Olma-ota shaharlariga borib "Paxtakor" ishtirokidagi o'yinlarni sharhlash nasib qilgan. Eng yodda qolgan uchrashuvlardan biri "Dinamo"ga qarshi bahs bo'lgan. Kiev klubi o'sha paytda Sobiq Ittifoq va Evropa chempioni edi, "Paxtakor" mana shu jamoani 5:0 (!) hisobida taslim qilgan. Mixail An va To'lagan Isoqov ikkitadan gol urishgan, yana bir golga Vasilis Xadzipanagis mualliflik qilgan. Stadionda qanday bayram bo'lib ketganini tasvirlab bera olmayman...


 
“35 DAQIQA O'YNASHGA HAM TAYYORMIZ”
Hakamlik qilgan o'yinlarimning eng yodda qolgani bu Sobiq Ittifoq faxriylar terma jamoasining "Paxtakor"ga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi bo'lgan. Qanotlarda menga SHokir Ismoilov va Anatoliy Belyakov yordam berishgan. Uchrashuvdan oldin mehmonlar sardori, Olimpiada chempioni Aleksey Paramonov yonimga kelib, “Kun issiq, tarkibimizda faxriylar juda ko'p, 45 emas 40 daqiqa o'ynasak bo'ladimi?” degandi. Keyinroq Eduard Strelcov ham shu fikrni aytdi. "Paxtakor" sardori To'lagan Isoqov esa bunga javoban “Agar Strelcov so'ragan bo'lsa 35 daqiqa o'ynashga ham tayyormiz”, degandi (kuladi). 40 daqiqadan kechgan bahs 1:1 hisobida do'stona durang bilan tugagan.

"Paxtakor" futbol klubida, O'zbekiston futbol Federaciyasida, "O'zbekiston Fizkulturachisi" gazetasida (keyinchalik "Sport" nomi bilan chiqqan), O'zbekiston Jismoniy tarbiya sport qo'mitasida o'quvchi yoshlar bo'limiga rahbarlik qildim, sharhlovchilik bo'yicha O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiyi,  Respublika toifasidagi hakam, jurnalistika bo'yicha "Oltin qalam” Milliy mukofoti, Quvnoq startlar bo'yicha Xalq talimi alochisi unvonlariga ega bo'ldim.

1958 yilda Faridaxon bilan baxt to'yimiz bo'lgan. 50 yildan oshiq turmush qurdik. Turmush o'rtog'im 40 yildan ortiq maktabda boshlang'ich sinflarga dars berganlar. 15 nevaramiz ham avval Faridaxonning qo'l ostida talim olib, malum darajada bilimga ega bo'lgach, keyin maktabga chiqishgan. O'g'illarim Abror va Zafar Imomxo'jaevlar, nabiram Diyor futbol jurnalistikasi bo'yicha ketishdi. Ular bilan faxrlanaman!


 
“BESH”
Xabaringiz bor, Olimpiada ramzi bo'lgan xalqalar soni 5ta. Bu dunyodagi besh qitani bildiradi. Bu emblemani Olimpiada harakatining asoschisi baron Per De Kuberten yaratgan. Maktabni bitiradigan yilim miyamga shunday hayol keldi: "Katta bo'lib uylansam, xudoyim menga 5 farzand bersa ularni 10 yoshida rasmga tushirib mana shu xalqalarga joylashtirib chiqsam..." “CHin ko'ngildan so'rasang – beradi” deganlaridek besh nafar farzandlik bo'ldim. Ikki o'g'il, uch qiz. Barchasini rasmga olib xalqalarga joylashtirishni boshlaganimda o'rtada qora xalqa borligiga ko'zim tushib qoldi. Bu rang motam belgisi hisoblanadi. Bu fikrimdan qaytdim! To'satdan eng kichik qizim Oliyaxon 30 yoshida vafot etdi. Do'stim mana endi xalqalarga rasmlarni qo'ymasang bo'lmaydi dedi. Qora xalqaga Oliyaxonning rasmini, qolganlariga boshqa farzandlarimni joylashtirib chiqdim. SHu bois bu qaerda bu xalqalarni ko'rsam yuragim bir jizzillab ketadi...


 
“TIMOSHENKO BILAN SUHBATLASHING”
Olimpiada mavzusini juda yaxshi ko'raman. Maktabda doim birinchi darsda bolalarga Olimpiada haqida gapirib berardim. Televidenieda ishlayotgan vaqtda menga qo'ng'iroq bo'ldi. "Seul Olimpiadasiga har bir Respublikadan bittadan jurnalist olib ketiladi, siz O'zbekistondan nomzodsiz. Ammo bu haqda hech kimga aytmang, aks holda sizning o'rningizni sportni tushunmaydigan boshqa odam olib qo'yishi mumkin", - deyishdi. Olimpiadaga bir hafta qolganida boshlig'imiz Irina Georgievna Permekova meni chaqirib “Ustozidan ham bunday ajoyib yangilikni yashiradimi” deb tanbeh berdilar. Vaziyatni tushuntirganimdan so'ng ular menga omad tiladilar.

SHunday qilib Moskva Olimpiadasini hisobga olmaganda, O'zbekiston sport jurnalistlari orasida birinchi bo'lib chetga chiqish menga nasib qilgan. Toshkent-Moskva-Vladivostok-Xabarovsk-Seul yo'nalishi bo'yicha parvoz qilganmiz. Il-62 samolyotida Sobiq Ittifoq badiiy gimnastika terma jamoasi azolari Marina Lobach va Aleksandra Timoshenkolar bilan birga o'tirib qoldim. Ulardan intervyu olmoqchi ekanimni malum qilganimda, Lobach: “Hozir siz Timoshenko bilan suhbatlashing, Olimpiadadan qaytishda esa men bilan intervyu qilasiz”, dedi. Seulga ketishda Aleksandra bilan suhbatlashib ketdim. O'sha paytlarda diktofonlar yo'q, barchasini qog'ozga yozib borardik. Timoshenko Olimpiadada bronza medaliga ega bo'ldi. Qaytishda intervyu berishga vada bergan Lobach esa Seul Olimpiadasida chempion bo'ldi(!). Omadim keldi dedim o'zimga-o'zim va intervyu uchun sarlavha ham tayyorlab qo'ydim: "10000 metr balandlikda uyushtirilgan intervyu". Aeroportda Marina vadasi yodida ekanini aytdi. Bir mahal Seul-Moskva bo'yicha uchadigan samolyot ikkita ekanini malum qilishdi. Ming afsuslar bo'lsinkim, Lobach boshqa, men boshqa samolyotga chiqdik...


 
"ASSALOM, OLIMPIADA"

Seul Olimpiadasidan so'ng uyga qaytgach, kitob yozish ishtiyoqi paydo bo'ldi. Kitobga "Assalom, Olimpiada" deb nom qo'yishni o'ylab qo'ydim. Biroq turli bahonalar bilan kitobim nashr qilinmay qolib ketdi. Bu menga katta zarba bo'ldi, ilhom kelmay qo'ydi. "SHarq" nashriyotida bosh muharrir bo'lib ishlagan Ahror Ahmedov mendan nega kitob chiqarmayotganimni so'radi. O'tgan voqeani aytib berdim. “Siz kitob yozing, men chiqarib beraman” dedi. Faqat Olimpiada emas, hayot yo'limni yozishimni aytishdi. "Futbol quvonchim, dardim, faxrim" deb nomlangan ilk kitobim nashr etildi. Undan keyin "Maftuningman futbol" va "O'zbegimning Mirjaloli" kabi kitoblarim chiqdi. Bulardan tashqari turli o'quv qo'llanmalar ham nashr etilgan.


 
"TONG"DA TOPGAN DO'STLARIM”

1980 yilda Mahmud Abduraimov, To'lqin Qozoqboev, SHavkat To'laganov va Bahodir Ibrohimov tashabbusi bilan havaskorlar jamoasi tuzildi va "Tong" deb nomlandi. Sababi jamoa o'z o'yinlarini erta tongda o'tkazadi. Bu jamoa safida mashhur futbolchilardan Bahodir Ibrohimov, Stanislav Stadnik  kabilar to'p tepishgan. O'tgan yil o'sha tashkilotchilardan biri bo'lgan SHavkat To'laganov kitob yozdi. Nomi – "Tong"da topgan do'stlarim". Barchaga tarqatdik, SHavkatning eng yaxshi qilingan ishlaridan biri bu – o'tib ketgan do'stlarimizning ham uylariga kitobni olib borib bergani bo'ldi.

Haftaning juft kunlari tongda O'FF maydonida o'yin o'tkazamiz. Hozirda bu jamoa safida Birodar Abduraimov, Omon Toymurodov, Farhod Toymurodov, Komiljon Sindorov, Temur Kryuk, Abdug'affor Ortiqov, Alisher Madrahimov, Kozim Qayumov kabi mashhurlar to'p tepishadi. Men asosan hakamlik qilayapman, lekin yoshlarga bo'sh kelish yo'q, imkon bo'ldi deguncha o'zim ham to'p tepaman (kuladi). "Tong" hali uzoq muddat faoliyat olib borishiga ishonchim komil.


 
TILAGIM
O'zbekiston muxlislari eng baxtli muxlislar! Oxirgi 2-3 yil ichida 10 ga yaqin yangi stadionlar qurib bitkazildi. Mamlakatimizda ko'plab futbol akademiyalari, futbol internatlari ishga tushdi. O'zbekiston o'smirlar va yoshlar jamoalari Jahon chempionatlarida qatnashib, kuchli 8 jamoa orasiga kirish katta natija. Masalan, Rossiya, Ukraina va boshqa davlat jamoalari xatto o'sha mundialga chiqa olishmayapti.

Muxlislarimizga omad tilayman! Yurtimiz iqtidorlarga boy. Mening eng katta orzuim O'zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga yo'llanma olsa-yu, o'sha mundialga ketayotgan delegaciya tarkibida Axbor Imomxo'jaev ham bo'lsa...


"Penalty" loyihasi uchun Gulshan Sadullaeva va Narzulla Saydullaev suhbatlashdi
Foto: Tolibjon Qosimov

2016 yil, fevral oyi


Reyting: +7   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика