JCH-2013 (U-17). Diqqat qiling, Fujayradan gapiramiz!

Narzulla Saydullayev
21 okt 2013, 19:35
Bugun ertalab bir nechta yurtdoshlar bilan Toshkentdan BAA mamlakati sari yo'lga chiqqandik.
Tushga yaqin BAAning eng yirik shaharlaridan biri Dubayga yetib keldik. Mehmonxonada biroz dam olgach, Nodirxo'ja Yuldashev ikkalamiz Fujayra tomon avtobusda yo'lga chiqdik.

Ayni paytda shahardagi “Fujayra” markaziy stadionida Xorvatiya – Panama bahsining ikkinchi bo'limi davom etmoqda. Bu o'yin yakuniga etgach, guruhdan o'rin olgan navbatdagi bahs boshlanadi. Bunda O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi Marokash termasiga qarshi bahs olib boradi.

Fujayradagi stadion juda ixcham qilib qurilgan. Muxlislar uchun faqat ikkita tribuna mavjud bo'lib, darvozalar orqasida tribuna barpo etilmagan. Shunga qaramay, stadion juda shinamgina. Aynan futbol o'ynash uchun qurilgan deb bemalol aytsa bo'ladi.

Xorvatiya – Panama o'yiniga tashrif buyurgan muxlislarni ko'p deb bo'lmaydi. Aksariyat o'rindiqlar bo'm-bo'sh. Ammo Toshkent vaqti bilan 21:00da boshlanadigan O'zbekiston – Marokash bahsida stadion haminqadar to'lishi kutilyapti. Chunki to o'yin boshlanguncha bu erga Dubaydan o'zbekistonlik ishqibozlarning yetib kelishlari turgan gap. Qolaversa, Marokash jamoasiga yon bosadigan bir nechta ishqibozlar allaqachon kelib bo'lishdi va stadion tashqarisida Marokash davlat bayrog'ini ko'targancha o'z jamoalarini olg'a undashmoqda.

Boyagina O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi a'zolari stadionga yetib kelishdi. Futbolimiz mutasaddilaridan Asqar Tolibjonov (Terma jamoalar markazi direktori) bilan Farhod Magometov (PFL bosh direktori) ham shu yerda hozir-u nozir va ular ham vakillarimiz ishtirokidagi uchrashuvni intiqlik bilan kutishmoqda.

Xayrulla XOLIQOV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia