Zenan Zaymovich: "O'zbekiston Yevropa futboliga yaqinlashish uchun yaxshi yo'lda"

Iskandarov Abdulaziz
25 apr 2023
"So'g'diyona" uchun o'tgan tur muvaffaqiyatli keldi, deyishimiz mumkin. Jamoa "Qizilqum"dan ustun keldi.

Shu tariqa, "bo'rilar"ning 17 uchrashuvdan iborat g'alabasiz seriyasiga yakun yasaldi. Boshkovich shogirdlari so'nggi bor o'tgan yilning avgustida "Dinamo"ni taslim etgandi. G'alaba golini esa jamoaning bosniyalik hujumchisi Zenan Zaymovich urdi. Mazkur uchrashuvdan so'ng yevropalik forvardning fikrlari bilan qiziqdik. 

- Zenan "Qizilqum" bilan uchrashuv haqidagi taassurotlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz...

- Biz uchun uzoq kutilgan g'alaba bo'ldi, deb o'ylayman. "Qizilqum" bilan uchrashuvda ko'proq gol urishimiz mumkin edi. Muhimi ortga juda muhim 3 ochko bilan qaytdik. 

- Avvalgi murabbiyga nisbatan Boshkovich boshqaruvida harakatlaringiz o'xshayapti. Ketma-ket ikkita uchrashuvda gol urganingiz misol...

- Faqat men emas, butun jamoa muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. Bu ham futbolning bir qismi. Harakatlarim jamoaga yordam berayotganidan xursandman. To'xtab qolish niyatimiz yo'q. Jamoani quyi o'rinlardan olib chiqib ketishimiz kerak edi.

- Odatda birgina g'alaba ko'p narsani hal qilishi mumkin. "So'g'diyona"dan navbatdagi o'yinlarda ham ijobiy natija kutish mumkinmi?

- Endilikda hammasi yaxshi tomonga o'zgarishiga yuz foiz ishonaman. Futbolda eng muhimi ruhiy tomonlama tiklanish. G'alaba ishonchimizni oshiradi. Keyingi o'yinlarda boshqacha "So'g'diyona"ni ko'rishingiz mumkin.

- Yevropa mamlakatlarida o'ynagan futbolchi sifatida O'zbekiston Superligasini qaysi davlat chempionatiga qiyoslash mumkin?

- Ligalarni bir-biridan taqqoslash juda qiyin. Lekin O'zbekiston Yevropa futboliga yaqinlashish uchun yaxshi yo'lda. 

- Futboldan tashqari vaqtlarda Jizzaxda zerikib qolmayapsizmi? Aynan nima sizni ko'proq qiziqtirmoqda?

- Kinolar ko'raman, kitob mutolaasi bilan shug'ullanman. Umuman olganda doim bandman, zerikishga vaqt yo'q.

- Jamoadagi eng yaqin do'stingiz kim?

- Serder Serderov va Tarik Isich.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia