Yuliya Panina: "O'zbekistonda ayollar futboli jadallik bilan rivojlanib bormoqda"

Narzulla Saydullayev
2 may 2016, 17:22
Aprel oyida Kuala-Lumpur shahrida ayollar futbolini rivojlantirish bo'yicha seminar bo'lib o'tdi.

Seminarda qatnashgan O'zbekiston futboli Federatsiyasi texnik bo'limi mutaxassisi Yuliya Panina ushbu tadbir haqida ma'lumot berdi.

"18-19 aprel kunlari Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida Osiyo mintaqasida ayollar futbolini rivojlantirish bo'yicha seminar bo'lib o'tdi.
Tadbirda Osiyo, Yevropa, Afrika va Shimoliy Amerika qitasining ayollar futboli bo'yicha ekspertlari qatnashishdi. Unda yurtimiz nomidan O'zbekiston futbol Assotsiatsiyasi vice-prezidenti Irina Chjen va men ishtirok etdim.

Seminarning asosiy maqsadi Osiyo qitasida ayollar futbolini rivojlantirishning umumiy strategiyasini o'ylab chiqish, musobaqalar va dasturlar taqvimini ishlab chiqish, Osiyoda ayollar futboli haqida to'liq ma'lumot berishdan iborat bo'ldi.



Tadbirda OFK ayollar qo'mitasi rahbari Moya Dodd doklad bilan ishtirok etdi. Bundan tashqari FIFA, Yevropa, Afrika Shimoliy Amerika vakillari, Avstraliya U-19 terma jamoasi bosh murabbiyi va Yaponiya ayollar futbol assotsiatsiyasi vakili nutq so'zladi.

Seminar davomida o'zimiz uchun yangi va ko'plab kerakli ma'lumotlar oldik. Bu kelajakda nafaqat yurtimizda, balki butun mintaqada ayollar futbolini rivojlantirish uchun katta yordam beradi. Ikki kun davomida boshqa davlatlardagi hamkasblarimiz bilan tajriba almashdik. Muammolarni va ularni hal qilish yo'llari borasida muzokara o'tkazdik. Umid qilamizki yaqin vaqt ichida bu o'z mevasini beradi.

Yurtimizda ayollar futboli jadallik bilan rivojlanib borayotgani barchaga ayon. Bugungi kunda O'zbekistonda futbolchi bo'lish istagidagi qizlar soni ortib borayotgani gapimizga isbot bo'la oladi. Yaqin kelajakda O'zbekiston ayollar futboli Osiyoda yetakchilar orasiga kirishi uchun qo'limizdan kelgan ishni qilamiz", - deydi Yuliya Panina.



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia