Eronlik ikki nafar futbolchi ayol Avstraliyaga boshpana uchun minnatdorchilik bildirdi: "Asosiy maqsadimiz - xavfsizlik va yangi hayot"

18 apr 2026, 16:20
Eron ayollar milliy terma jamoasining sobiq ikki nafar a'zosi Avstraliya hukumatiga himoya va boshpana taqdim etgani uchun o'z minnatdorchiligini bildirdi.

Eslatib o'tamiz, avvalroq Eron ayollar terma jamoasining olti nafar futbolchisi va bir nafar xodimi Osiyo Kubogi yakunlanganidan so'ng Avstraliyadan siyosiy boshpana so'ragan va gumanitar viza olgan edi. Keyinchalik ulardan besh nafari vatanga qaytishga qaror qilgan.

"Hozirgi vaqtda bizning asosiy maqsadimiz - xavfsizlik, salomatlik va yangi hayot boshlashdir. Biz professional sportchimiz va eng katta orzuimiz - faoliyatimizni shu yerda, Avstraliyada davom ettirish. Biroq hozircha boshimizdan o'tgan voqealar haqida omma oldida gapirishga tayyor emasmiz", - deyiladi futbolchilarning bayonotida.

Shuningdek, sportchilar Avstraliya hukumatiga "gumanitar himoya va xavfsiz boshpana" uchun, Eron diasporasiga esa moslashish davrida ko'rsatgan yordami uchun tashakkur izhor etishdi.

Ma'lumot uchun, qolgan ikki futbolchi Avstraliyada qolib, mahalliy klublarda o'z faoliyatini qayta tiklashga umid qilmoqda.


Manba: The Guardian