Yorqin Nazarov: "Kattaqo'rg'on" Pro ligada har bir raqibga munosib qarshilik ko'rsatadi"

Sherzod Nurmatov
16 fev 2026
Pro ligada yangi mavsum oldidan raqobat yanada kuchayishi kutilmoqda.

Chempionatda ishtirok etadigan yangi jamoalar orasida Samarqand viloyati vakili "Kattaqo'rg'on" ham bor. Klubga tajribali mutaxassis Yorqin Nazarov bosh murabbiy sifatida rahbarlik qilmoqda. Biz murabbiy bilan jamoaning tayyorgarlik jarayoni, selekciya ishlari va yangi mavsumdagi maqsadlar haqida suhbatlashdik.

- Yangi mavsum oldidan jamoadagi ish jarayonlari qay darajada ketmoqda?

- Yangi jamoa shakllanyapti, shu bois ishlarimiz ancha ko'p. Birinchi ligadan Pro ligaga chiqdik. Tabiiyki, bu bosqichda tarkibni qayta qurish zarur. Hozir mashg'ulotlar, tayyorgarlik jarayoni va nazorat uchrashuvlari Toshkentda olib borilmoqda. Barcha ishlar reja asosida ketyapti, jamoada ijobiy muhit shakllanmoqda.

- Selekciya jarayoni haqida nima deysiz?

- Yig'inlar davomida ko'plab futbolchilarni sinovdan o'tkazdik. Ularning harakati, maydondagi fikrlashi va intizomiga e'tibor qaratdik. Legionerlar masalasi ham dolzarb. Ayrim nomzodlar bilan muzokaralar ketmoqda. Bu jarayon oson emas, chunki har qanday yaxshi futbolchi emas, balki jamoa o'yiniga mos keladigan o'yinchilarni tanlash muhim.

- Murabbiylar shtabida qanday yangiliklar bor?

- Shtabimizga belaruslik mutaxassis qo'shildi. Bu esa jamoaning taktik va metodik jihatdan o'sishiga xizmat qiladi, deb o'ylaymiz. Shu bilan birga, yana bir necha mutaxassisni jalb qilish ustida ham ish olib borilmoqda.

- Yangi mavsumda Pro ligada raqobat qanday bo'ladi?

- 14 ta jamoa ishtirok etayotgani chempionatni yanada qiziqarli qiladi. Kamida beshta klub Superligaga chiqishni maqsad qilgan. Bu esa intrigani oshiradi va har bir uchrashuvni principial qiladi.

- Jamoa oldiga qanday vazifalar qo'yilgan?

- Biz har bir raqibga kurash taklif qilishni, Pro ligada munosib ishtirok etishni va bosqichma-bosqich yuqori maqsadlar sari harakat qilishni rejalashtirganmiz. Eng muhimi - barqaror o'yin va muxlislarni xursand qiladigan jamoa shakllantirish.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia