"Vilyarreal" Setenni ishdan bo'shatdi. Bu juda g'alati, lekin klubning rejasi borligi aniq

Omonjon To`xtamirzayev
6 sen 2023, 15:25
"Sariq suvosti kemasi" barchani lol qoldirgani, bor gap.

Yodingizda bo'lsa, 12 iyul sanasida chempionatdagi birinchi iste'fo "Rayo Valekano"dagi Fransisko Rodriges bo'lishi, unga jamoani tark etgan Andoni Iraolaning o'rnini bosish qiyin bo'lishini taxmin qilgandik.

Chempionat boshlangach, bu borada Xose Luis Mendilibar favoritdek ko'ringandi. Murabbiy "Sevilya" bilan mavsumni shu qadar omadsiz boshladiki, Superkubok uchun maydonga tushgan sevilyaliklar 4 ta turda biror ochko ham ololmadi.

Biroq "Vilyarreal" hammani lol qoldirib, terma jamoalar o'yinlari uchun mo'ljallangan tanaffusdan oldin Kike Setenga chiqish eshigini ko'rsatdi. Vaholanki aynan shu "pauza"da jamoa kamchiliklar ustida ishlab, xatolarni to'g'rilab olishi mumkindek edi. 

O'n beshinchi o'rin – "Vilyarreal" uchun normal holat emas, lekin masalaning yana bir tomoni borki, Seten jamoasi o'tgan mavsum ham anchagacha tezlik ololmagandi. Barchasi "Real" ustidan qozonilgan g'alabadan keyin boshlandi va jamoa "Real Sosedad"ga imkoniyatni boy berib, Yevropa Ligasi yo'llanmasini (5-o'rin) qo'lga kiritdi. 

Kastelon klubi chuqur inqirozda emas, bu fakt achinarli statistika bilan ham o'zgarib qolmaydi. Yangi mavsum startida "Vilyarreal"dan (9) faqatgina "Granada" (12) ko'proq gol o'tkazib yubordi.

Ma'lumotlarga qaraganda, klub veteranlari Raul Albiol, Dani Parexo va Eten Kapu bosh murabbiy Seten iste'fosini yoqlab ovoz bergan, ammo bunga ishonish qiyin. Agarda vaziyat shunday bo'lsada, klub prezidenti Fernando Roig faqat bir marta bunday jaxl otiga mingandi. O'shanda u Marselino bilan xayrlashishga qaror qilgan.

"Vilyarreal"ning bunday kutilmagan qaroriga yana bir sabab jamoa bo'sh qolgan, lekin faoliyatini Keramikada qayta jonlantirishga tayyor murabbiylar guruhidan o'ziga yaxshi variant topmoqchiligidadir.

Bunday nomzodlar kamida ikkita - Xulen Lopetegi va Marselo Galyardo.


Chukvuezening "Milan"ga sotilishi - "Vilyarreal" uchun juda og'riqli zarba

O'xshash yangiliklar


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: championat.asia