Venesuela bosh murabbiyi: "O'zbekiston endi "status"ga ega jamoa. Jahon chempionatidagi ishtirokingizni kuzatib boramiz"

Sherzod Nurmatov
31 mar 2026
Venesuela terma jamoasi bosh murabbiyi Osvaldo Viskarrondo FIFA Series musobaqasi doirasidagi O'zbekistonga qarshi kechgan bahsdan so'ng matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Jamoam namoyish etgan o'yindan juda ko'nglim to'ldi. Jamoa sifatida yaxshi harakatlandik. To'pga egalik qilganimizda ko'proq agressiv bo'lsak yanada yaxshiroq bo'lar edi. Bosh hakamning bir nechta qarorlariga umuman qo'shilmayman. Penaltilarni ijro etish masalasida yana ko'p ishlashimiz kerak ekan. Lekin "lotereya"da ko'p narsa omadga ham bog'liq. Umuman olganda, ikkita o'yinda ishtirok etib, birida g'alaba qozondik. Ishtirokimizdan qoniqdim, endi esa keyingi yig'inlar haqida o'ylashimiz kerak", – deya fikr bildirdi Venesuela bosh murabbiyi.

3.jpg

- Bahs teng kurashlar ostida kechdi. O'zbekiston terma jamoasiga qanday tarif bera olasiz?

- O'zbekiston terma jamoasi xuddi biz tanlagan uslubda o'ynamoqda. Jismoniy jihatdan kuchli jamoa. Intensivlik yuqori futbolni xo'sh ko'radigan murabbiy. Shuningdek, standart vaziyatlarga alohida e'tibor qaratilgan. Tabiiyki, ushbu jamoaning kuchsiz va kuchli tomonlari bor edi. Biz ulardan foydalanmoqchi edik, ayniqsa o'tish fazalarida. To'pga egalik qilgan vaqtlarimizda raqibda bo'sh zonalar paydo bo'la boshladi. Bu bizga juda qo'l keldi, deb ayta olaman. O'zbekistonning kamchiligi shunda deb o'ylayman. O'zbekiston endi "status"ga ega jamoa. Ular yozda mundialda o'ynashadi. Jamoa bundan oldin ham ko'plab saralashlarda Jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritishga juda juda yaqin kelgan. Hozirgina kunda o'zbekistonlik futbolchilar dunyo bo'ylab harakat qilishmoqda.

2.jpg

- O'zbekiston terma jamoasi uch oydan so'ng Kolumbiya terma jamoasiga qarshi mundialdagi dastlabki o'yinini o'tkazadi. Venesuela va Kolumbiya bir mintaqada joylashgan qo'shni mamlakatlar. O'zbekiston terma jamoasiga Kolumbiyaga qarshi o'yindan oldin qanday maslahat bergan bo'lar edingiz? Sizningcha, O'zbekistonning yana qanday ustunlik va kamchiliklari bor?

- Juda kuchli raqibga qarshi bahs olib borasizlar, juda atletik jamoaga qarshi. Kolumbiya terma jamoasi individual jihatdan juda kuchli futbolchilarga ega. Ushbu futbolchilar maydonning so'nggi uchinchi qismida farqni yuzaga keltirishi mumkin.

Mening fikrimcha, sizlar asosan jamoaviy o'yinga tayanmoqdasiz va ushbu uslub orqali Kolumbiyaning mahoratli futbolchilarini bartaraf etmoqchisizlar. Agar o'z uslubingizga sodiq qolib, butun o'yin davomida tartibli o'yin ko'rsatsangiz. Kolumbiyaning hujumdagi asosiy qurollarini zararlantira olasizlar. O'zbekiston terma jamoasi jismoniy jihatdan ustunlikka ega deb o'ylayman. Sababi sizlar asosan tezkor hujumlar orqali imkoniyatlar yaratyapsiz va o'yinni o'tish fazalari orqali qurmoqdasiz.

Himoyangiz yaxshi shakllangan. Qanot himoyachilaringizni alohida ta'kidlab o'tmoqchiman. Ular himoyada va hujumda ham birdek o'ynay olishar ekan. Bu esa o'yin suratini katta ta’sir o'tkazadi. Markaziy zonada zichlik hosil qilayotganingizda, himoyadan hujumga chiqish jarayonida maydon markazi orqali o'ynab, keyinchalik hujumni qanotlarda davom ettirishingiz mumkin. Qanot futbolchilaringiz esa butun qanotni to'liq yopa oladi. Nazarimda, jamoangiz ancha raqobatbardosh. Tabiiyki, mundialda bundan ko'proq narsalar talab etiladi. Ruhiy jihatdan boshlab, guruh bosqichidagi uchta o'yinga jismoniy jihatdan tayyor bo'lish. Bugun terma jamoangizga qarshi o'yin o'tkazgan jamoa sifatida sizlarga omad tilayman va mundialda bugungidan-da yaxshiroq o'yin namoyish etishlaringizga tilakdoshman. Jahon chempionatidagi ishtirokingizni kuzatib boramiz. Barchangizga omad!


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia