Kongo DR bosh murabbiyi: "FIFA Series turniridagi O'zbekiston menda iliq taassurot qoldirdi. Endi ularni yanada chuqurroq o'rganish uchun vaqt ajratamiz"

Оқил Абдубарноев
7 may 2026, 11:30
Kongo DR bosh murabbiyi Sebasten Desabr jahon chempionatiga tayyorgarlik va guruhdagi raqiblari to'g'risida fikr bildirdi.

"Guruhimiz juda kuchli. Yuqori saviyali, hujumkor futbol namoyish etadigan Portugaliya dunyoning eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblanadi va ular chempionlik uchun asosiy da'vogarlardandir. Meksikadagi yig'inimiz davomida ularning mahalliy terma jamoaga qarshi o'yinini (0:0) televizor orqali tomosha qildik. Ular – guruh favoriti.

Kolumbiya saralash bosqichini uchinchi o'rinda yakunladi, ular ham hujumkor futbolga tayanadi va yuqori texnik salohiyatga ega. FIFA Series doirasida O'zbekistonning Gabonga qarshi o'yinini (3:1) tomosha qildim va bu jamoa menda iliq taassurot qoldirdi. Kelgusi haftalarda ularni yanada chuqurroq o'rganish uchun vaqt ajratamiz.

Biz saralashdan o'tib, birinchi vazifani uddaladik. Ammo bu bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Xalqaro turnirda ishtirok etishga tayyorgarlik ko'rayotganda, albatta, yaxshi natija qayd etishni maqsad qilish lozim. Eng yaxshi uchinchi o'rin egalari sifatida 1/16 finalga chiqish imkonini beradigan sakkizta yo'llanma borligini hisobga olsak, bizda ham imkoniyat mavjud. Oldindan hech narsa ma'lum emas. Biz munosib ishtirok etishni xohlaymiz va guruh bosqichidan o'tish mutlaqo real vazifadek tuyulmoqda. Jahon chempionatining final bosqichida o'ynash – bu yuqori saviyadagi jamoalarga qarshi turish, shu bilan birga, ulkan maqsadlarga ega bo'lish demakdir.

Biz hali ham tayyorgarlik dasturi, ikki yoki uchta o'rtoqlik o'yini hamda yig'in boshlanadigan joy ustida ishlayapmiz. Nima xohlayotganimni bilaman, lekin KDR mart oyining oxirida yo'llanmani qo'lga kiritgani sababli, ko'plab terma jamoalar o'z dasturlarini allaqachon tuzib bo'lganini ham hisobga olishimiz kerak. Shuning uchun bo'sh raqiblarni topish talab etiladi, bu biroz vaqt oladi, ammo biz to'g'ri yo'nalishda harakat qilyapmiz", dedi 49 yoshli fransiyalik mutaxassis.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston va Kongo DR “K” guruhining 3-turi doirasida Toshkent vaqti bilan 28 iyun kuni to'qnash keladi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Afrik-Foot