Usmon Toshev: "Yosh murabbiylarga ishonch va tizimli yondashuv muhim hisoblanadi"

9 iyul 2026, 11:50
Yoshlar terma jamoalari bosh murabbiylari va ularni tayinlash mexanizmi yuzasidan berilgan bir qator savollarga Terma jamoalar markazi rahbari Usmon Toshev javob berib o'tdi

OAV vakillari va muxlislarimizning terma jamoalarga bosh murabbiylarni tayinlash tizimi qanday ishlashiga qiziqishlari muhim va bu bizni xursand qiladi. Shu bois ushbu mavzuni ko'targan jurnalistlarga ham minnatdorchilik bildiraman.

Terma jamoalarga bosh murabbiylar terma jamoalar markazi tavsiyasiga asosan murabbiylar kengashi tomonidan tayinlanadi. Bu jarayonda shaffof tizim yo'lga qo'yilgan bo'lib, tayinlovlar hech qanday tashqi aralashuvlarsiz amalga oshiriladi. Murabbiylarni tanlashda, birinchi navbatda, ularning bilim va salohiyatiga, zamonaviy futbolni tushunish darajasiga, tahliliy fikrlashi va intellektiga alohida e'tibor qaratamiz.

Shu bilan birga, insoniy fazilatlari, futbolchilar, muxlislar, jurnalistlar hamda futbol muhitidagi barcha bilan samarali ishlay olish qobiliyati ham muhim mezonlardan biri hisoblanadi. Murabbiylar talimi jarayonida ko'plab istiqbolli mutaxassislar bilan ishlayman. Ularning nazariy va amaliy tayyorgarligi, bilim darajasi hamda salohiyatidan kelib chiqib, Terma jamoalar markazi tomonidan Murabbiylar kengashiga tavsiyalar beriladi. Xuddi shu tamoyil ayollar futboli terma jamoalarida ham qo'llaniladi. Shuni unutmaslik kerakki, klub va terma jamoa murabbiyligi o'rtasida katta farq bor. Terma jamoada talab va mas'uliyat ancha yuqori. Shu sababli har bir nomzod uzoq muddat kuzatiladi, tahlil qilinadi va shundan keyingina tavsiya etiladi.

So'nggi yillarda ko'plab yosh mutaxassislarga ishonch bildirdik va ular bu ishonchni oqlab kelmoqda. Yoshlar hamda o'smirlar terma jamoalarimiz Osiyo kuboklarida sovrindor bo'ldi, Jahon chempionatlarida munosib ishtirok etmoqda. Bu natijalar yosh murabbiylarga imkoniyat berish va ularni qo'llab-quvvatlash to'g'ri yo'l ekanini ko'rsatmoqda. Shu davr mobaynida biror murabbiyni shoshma-shosharlik bilan almashtirish yo'lidan bormadik, aksincha, ularga ishonch bildirib, rivojlanishlari uchun sharoit yaratishga harakat qildik.

Biz zamonaviy futbol talablari asosida ishlashga alohida e'tibor qaratamiz. Milliy futbol markazida murabbiylar muntazam ravishda uchrashib, o'zaro tajriba almashadi, mashg'ulotlarni muhokama qiladi va bir-birining ishini kuzatib boradi. Barcha yosh toifalaridagi jamoalar bir markazda faoliyat olib borayotgani bu borada katta ustunlik beradi.

U-14 terma jamoasi bosh murabbiyi Abdumajid Toirov ham aynan shu mezonlar asosida tanlangan. U futbolchi sifatida yaxshi jamoalarda to'p surgan, malakali mutaxassislar qo'l ostida ishlagan. Zamonaviy futbol bo'yicha qarashlari, yangi texnologiyalar bilan ishlash ko'nikmasi va eng muhimi, bolalar bilan ishlash tajribasi bizni qoniqtirdi. Respublikadagi akademiyadagi faoliyati ham ijobiy baholangani uchun unga U-14 terma jamoasi ishonib topshirildi. Bundan tashqari, yoshlar terma jamoalari murabbiylarining aksariyati Respublika futbol akademiyasida ham aynan o'sha yosh toifasi bilan ishlaydi. Bu ularga futbolchilarni yaqindan bilish, ularning rivojlanishini muntazam kuzatib borish va terma jamoaga tayyorlash imkonini beradi.

Ilgari Koreya va Yaponiyani o'zimiz uchun namuna sifatida ko'rardik. Bugungi kunda esa yoshlar terma jamoalarimiz ushbu mamlakatlarga qarshi munosib natijalar qayd etmoqda. So'nggi yillarda Koreya terma jamoalarini bir necha bor mag'lub etdik. Yaponiya bilan uchrashuvlarda ham tengma-teng kurash olib boryapmiz. So'nggi U-17 Osiyo kubogida ham 90 daqiqa davomida hisobda oldinda borib, faqat uchrashuvning so'nggi daqiqalaridagina g'alabani boy berdik. Bu yoshlar futbolidagi o'sish va murabbiylarimiz mehnatining samarasini ko'rsatadi. Albatta, kamchiliklarimiz ham bor va ularni bartaraf etish ustida ishlashda davom etamiz.

Bunga Islom Ismoilov misolini ham keltirish mumkin. Uni terma jamoaga jalb qilganimizda ham turli fikrlar bo'lgandi. Ammo u o'z mehnati va natijalari bilan ishonchni oqladi, Osiyo kubogida g'olib bo'ldi. Bugungi kunda esa Superligada peshqadam jamoalardan biri bo'lgan "Neftchi"ni boshqarib kelmoqda. Bu esa yosh murabbiylarga ishonch bildirish o'z samarasini berayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Xulosa qilib aytganda, har bir murabbiyni terma jamoaga jalb etishda uning bilim va tajribasi, zamonaviy futbolni tushunishi, insoniy fazilatlari, yosh futbolchilar bilan ishlash ko'nikmasi hamda bosim ostida ishlay olish qobiliyati har tomonlama o'rganiladi. Shundan so'ng Terma jamoalar markazi tomonidan tavsiya beriladi va Murabbiylar kengashi qarori bilan tasdiqlanadi. Yana bir bor takidlamoqchimanki, bugungi kunga qadar terma jamoalarimizga jalb etilgan murabbiylarimiz o'zlariga bildirilgan ishonchni amalda oqlab kelmoqda va o'z ustilarida ishlashni davom ettirishmoqda.

O'xshash yangiliklar


Manba: Uzbekistan FA