

Ushbu turni qaldirg'ochlar 1:0 hisobida g'alaba qozonib, o'z ochkolari jamg'armasini navbatdagi uch ochko bilan to'ldirgan Bunyodkor - Qo'qon-1912 bellashuvi boshlab bergan edi. Bunyodkor futbol klubi bosh direktori Ulug'bek Mirzaev jamoa yutuqqa erishgan uchrashuvning tashkiliy jihatlariga oid fikrlarini bildirib o'tdi:
- Uch oylik tanaffusdan so'ng, nihoyat, Coca Cola Superliga musobaqalari davom ettirildi. Mana, bugun, tur bahslari yakuniga etdi. 13 iyun kuni zimmamizda juda katta mas'uliyat bor edi. Yani Superliga restartidagi ilk uchrashuv aynan Bunyodkor stadionida Bunyodkor va Qo'qon-1912 jamoalari o'rtasidagi o'yinga to'g'ri keldi. Barchaning xabari bor, Respublika maxsus komissiyasi O'zbekiston Professional futbol ligasiga bir nechta qatiy shart va talablar bilan 5 iyundan musobaqalarni davom ettirishga ruxsat bergan edi. Aniqrog'i, sanitariya-gigiena meyorlari va qoidalariga to'liq rioya qilingan holatdagina o'yinlarni davom ettirish mumkin edi. PFL buni klublarga uqtirdi, talablarga amal qilish shartligini tushuntirdi. Biz ham bu talablarni to'g'ri qabul qilib, uchrashuvni chiroyli o'tkazish uchun juda katta hajmdagi ishlarni bajardik. Barcha tashkiliy masalalarni ijobiy hal qilish ustida ishladik va buning asnosida ortda qolgan shanba kuni Bunyodkor stadionidagi uchrashuv juda chiroyli o'tdi. Bellashuv komissari, PFL vakili Sardor Qudratullaev bilan o'yindan so'ng suhbatlashganimizda, u ham ijobiy fikr bildirib, uchrashuv tashkiliy tomondan hech qanday muammolarsiz o'tganini ta'kidladi. Bu, albatta, bizni xursand qildi. Qolaversa, jamoamizning g'alaba qozongani kayfiyatimizni yanada ko'tardi. Futbolchilar, murabbiylar, klub xodimlari tomonidan qilingan ishlar, mehnatlar o'z samarasini bergani uchun ham quvondik.
Bizning bosh homiyimiz - O'zbekneftgaz akciyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaevga, klubimiz prezidenti - O'zbekneftgaz AJ Boshqaruv raisi o'rinbosari Ulug'bek Ashurovga Bunyodkor futbol klubida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlar nomidan chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz. Chunki kuni kecha qo'lga kiritilgan g'alabamiz zamirida nafaqat mehnatimiz, balki homiylarimizning karantin, pandemiya vaqtida, iqtisodiy tomondan qiyin paytda jamoamizni qo'llab-quvvatlashayotgani, klubimiz faoliyati bir maromda davom etishi uchun zarur mablag'larni ajratib berishayotgani yotibdi. Bundan tashqari, “Qo'qon-1912” jamoasi bilan uchrashuv juda chiroyli hamda Respublika maxsus komissiyasining talablari bo'yicha o'tishida katta hajmdagi ishni bajargan Bunyodkor stadioni direkciyasiga va har bir xodimiga, shuningdek, klubimizning fidoyi, jonkuyar ishchi-xodimlariga rahmat aytmoqchiman. Takidlaganimizdek, bu pandemiya vaqtidagi ilk o'yin edi. Uchrashuvni qanday o'tkazishimiz ko'pchilikni qiziqtirayotgandi. Bizni diqqat bilan kuzatishayotgandi. Shukrki, jonkuyar xodimlarning mehnati tufayli tashkiliy masalalarda doimo ilg'or bo'lganmiz. Bundan keyin ham shunday bo'ladi va hech kimning yuzini erga qaratmaymiz. Doimgidek, namuna bo'lishga intilamiz. Bundan keyin ham Bunyodkorning shon-shuhratini yanada yuqoriga ko'tarish uchun harakat qilamiz.


