

"Nima ham derdim. O'yin biz jamoa sifatida yashab o'tayotgan voqeiyliklarga o'xshadi. Qiyin vaziyatlarda bir-birini qo'llab-quvvatlash. Bugun ham natijaga shu orqali erishildi. Yigitlar bu haqda ko'p marotaba gapirdim. So'nggi to'rt oy davomida klub bilan ro'y berayotgan hodisalarga qaramay, men yigitlardan faxrlanaman", - dedi Ilyos Zeytullaev bahs yakunlangach.
- Kecha OAV Itsuki Urata jamoani bir necha oydan buyon maosh to'lanmayotganligi tufayli tark etgani ma'lum qilindi. Har bir o'yindan so'ng sizga moliyaviy holat haqida savol berilmoqda. Klubdagi ahvol futbolchilar jamoani tark etishga borayotganchalik og'irmi? Holat haqida batafsilroq ma'lumot bersangiz...
- Barchangiz nima bo'layotganini ko'rib turibsiz. Men esa murabbiy sifatidagi nazarim bilan bo'lishmoqchiman. Urata jamoani tark etgan to'rtinchi futbolchi. Dastlab jamoani Dilshod Ahmadaliev tark etdi. Keyin esa italiyalik tahlilchimiz. U hozir B Seriyaning "Padova" klubida ishlamoqda. Yaxshiyamki, tahlilchi jamoa bilan yaxshi kayfiyatda xayrlashdi. U jamoani tark etayotganidan afsusda edi, ammo hozirgi holatimizda boshqa echim yo'q. Martin Shroler ham shu sababli jamoani tark etdi. U FIFAga murojaat qilgan. Mana endi Urata jamoamizni tark etdi va FIFaga xat yozdi. Men jamoamdan xavotirdaman. Men bosh murabbiyman. Bunday jiddiy savollar, ayniqsa moliyaviy holatimiz bilan bog'liq savollarni rahbariyatga bersangiz to'g'riroq bo'ladi. Ular savolingizga batafsilroq javob bera olishadi. Bosh murabbiy sifatida esa bir nechta futbolchilar va xodimlar klubni tark etishini katta yo'qotish deb qabul qilaman. Har bir yo'qotish biz qurayotgan loyihaga ta’sir o'tkazadi. Bu bizning kasbimiz, axir. Biz qanchalik professional bo'lmaylik, to'rt oydan buyon maosh olmayotgan har bir inson o'zgaradi. Hammamizning oilamiz bor. Men murabbiy sifatida shu narsa haqida ko'p o'ylayapman va xavotirdaman. Rivaldo bilan bo'lgan holat qaytarilmasa bo'lgani deb o'tiribman. Bilmadim. Bu haqda rahbariyatdan so'raganingiz maqul.
- Navbatdagi 30 kun davomida Superligada 7ta tur o'yinlari o'tkaziladi. Bunday zich taqvim MTJning mundialdan oldingi yig'inlari sababchi bo'lmoqda. Demak, Superliga klublari aprel oyi davomida har to'rt kunda o'yin o'tkazadi. Bu o'ziga xos "Boxing day" klublarga qanchalik noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin? Jarohatlar ko'payib ketishidan qo'rqmaysizmi? Bunday zich taqvimdan oldin futbolchilar jamoani tark etishi sizni ancha qiyin holatga tushirib qo'ysa kerak...
- Jurnalist sifatida bunday holatlarga e'tibor berib, bu haqda so'rab surishtirayotganingizdan xursandman. Bilasizmi, futbolimiz barcha jabhada rivojlanmoqda. Jurnalistlar o'z sohasida, biz murabbiylar esa o'z yo'limizda. Siz aytayotgan davr qiyin kechadi. O'zingiz bilasiz, ko'pchilik insonlar futbolchilar ko'p oylik olishadi va hokazo deb gapirishadi. Sizlar esa futbolchilarning nimalar o'tib kelayotganini bilasiz va bu haqda savol beryapsiz. Ertaga biz tiklanish mashg'ulotlarini olib borishimiz kerak. Bir necha kundan so'ng "Mashal" bilan o'ynaymiz. Bazada bir necha oydan buyon issiq suv yo'q. Professional jamoa uchun g'alati holat. Ertangi mashg'ulotni qanday o'tkazib olishimizni bilmayman, ochig'i. Bunday davr mobaynida o'yinchilar jarohat olishi mumkin.
Bilasizmi, xudo bizga yordam bermoqda. Biz bir jamoa bo'lib oldinga intilyapmiz. Ertaga bir amallab tiklanish mashg'ulotlarini o'tkazib olib, "Mashal"ga tayyorgarlik ko'rishni boshlaymiz. Kundan kunga xudo bizga yordam berishiga ishonishda davom etamiz.
- Dastlabki uch o'yinda Abdumavlon Abdujalilov asosiy tarkibdan o'rin oldi. So'nggi ikki uchrashuvda esa Federiko Botti maydonda harakatlanyapti. "Bunyodkor" kim asosiy darvozabon?
- Ikki darvozabonimiz shunchaki super. Bizda yana yosh Yusuf ham bor. Qishda italiyalik darvozabonlar murabbiyni jamoaga jalb etdim. U o'zbek futbolidagi darvozabonlarga yordam bera olishi mumkin. Federiko boshida qiynaldi. Futbolchilar bilan kommunikaciya qilishda. Darvozabon himoyachilarga ko'p ko'rsatma berishi kerak. Shu sababli Abdumavlon Federikoga yordam berdi. Abdumavlon shunchaki ajoyib inson. Hozir esa ikki darvozabon o'rtasida raqobat ketmoqda. Abdumavlon ham bugun asosiy tarkibdan joy olishga loyiq edi, ammo Xorazmdagi ishonchli o'yindan so'ng Bottiga yana imkoniyat bermasak bo'lmasdi. Botti chempionatimizda harakatlanayotgani futbolimizga foyda keltira oladi deb o'ylayman.
- Zamonaviy futbolda markaziy himoyachilarning o'rni qanchalik katta? Bugun ikki golga ham markaziy himoyachilar mualliflik qilishda. "So'g'diyona" - "Qo'qon-1912" bahsida ham himoyachi gol urdi. O'zbekiston milliy terma jamoasi safida ham himoyachi darvozani ishg'ol etdi...
- Futbol - davriy o'yin. Barchasi o'z o'rniga qaytadi. Zamonaviy futbolda katta balans. Hozirgi kunda yaxshi jamoalar pozicion himoyalana oladigan va shu vaqtdayoq yaxshi texnikaga ega bo'lishi kerak bo'lgan davrga keldik. Avvalgi himoyachilar bilan solishtirganimizda farq shunda. Hozir himoyachilar faqatgina himoyalanishni emas, balki oyoqda ham juda yaxshi o'ynay olishlari talab etilmoqda. Bobur Yo'ldoshev, Bugarinlar yaxshi o'ynashmoqda. Najmiddin so'nggi ikki mavsumda katta o'sishga erishdi. Sardor OKMKdan kelib bizni kuchaytirdi. To'lqinbekov va Narimon kabi yosh va iqtidorli futbolchilarimiz ham bor.
- Italiya ketma-ket uchinchi bor JCHga chiqa olmadi. Shu haqda nimalar deya olasiz?
- Ayolim italyan, o'g'lim esa yarim italyan va yarim o'zbek. Ertalab uyg'onganimda oilamdagilar juda xafa edi. Uyimizda ikki kundan buyon motam. Bu juda katta muammo. Italiyada ushbu muammoni muhokama qilishmoqda. Italiya futbol tarixiga ega mamlakat. Italiya o'zining ishonchli himoyasi bilan tanilgan edi. Nesta va Maldini kabi afsonaviy himoyachilar bor edi. Hozirgi kunda esa o'z principlaridan voz kechib, boshqa mamlakatlarning futbol falsafasini takrorlashga harakat qilishdi. Endi "uchinchi fojia"dan so'ng katta o'zgarishlar bo'lishi kutilmoqda. O'z vaqtida Belgiya va Germaniya futbolida shunday inqilob ro'y bergan. Paolo Maldini va Roberto Badjo kabi insonlarga quloq tutgan yaxshi deb o'ylayman. Sobiq futbolchilar ko'proq futbol haqida o'ylab, siyosiy masalalarni chetga surishadi. Faqatgina shunday yo'l tutilsa, yana yaxshi va iqtidorli avlod paydo bo'ladi.
- O'yinni tomosha qilmadingizmi?
- Men highlights ko'rdim. Bilasiz, televizorda Yevropadagi JCH saralash musobaqasini ko'rsatishmadi. Internetdan ko'rishga harakat qildim, yordamchilarim Markos va Aleks esa bazada birga ko'raylik degan taklif berishdi. Rostini aytaman, uxlab qoldim.



