

Ulug'bek Bakaev: “Menimcha, o'yin yaxshi o'tdi: birinchi bo'limni to'liq nazorat qildik va ikkita gol urdik. Aslida, yana gol urish imkoniyatlarimiz ham bor edi. Ikkinchi bo'limda ham shu ruhda davom etdik - intizom bilan o'ynadik, tezkor va samarali qarshi hujumlar tashkil qildik. Yana ikkita gol urdik va hisobni yanada yiriklashtirishimiz ham mumkin edi.
Biroq shundan keyin qisqa vaqt ichida ikkita gol o'tkazib yubordik va o'yinda kutilmagan tartibsizlik yuzaga keldi. Bu holat biz uchun ham biroz kutilmagan bo'ldi va yigitlar orasida ozgina hayajon paydo bo'ldi.
Keyinchalik beshinchi golni urib, o'yinni yana nazoratga oldik va vaziyatni barqarorlashtirdik. Shu bilan birga, “Surxon” jamoasi darvozabonini ham alohida takidlash kerak - u ko'plab xavfli vaziyatlarda jamoasini qutqarib qoldi. Aks holda, hisob yanada yirikroq bo'lishi mumkin edi.
Umuman olganda, yigitlarga g'alaba va maydondagi fidoyiligi uchun minnatdorchilik bildiraman. Endi esa e'tiborimizni keyingi turga qaratamiz va tayyorgarlikni davom ettiramiz”.



