UEFA "Barselona" va "Milan"ga AQSH va Avstraliyada o'yin o'tkazishga ruxsat berdi, lekin tashkilot milliy ligalar o'yinlarini chet elda o'tkazishni qo'llab-quvvatlamaydi

Aslanov Jasurbek
6 okt 2025, 23:31
UEFA "Barselona" va "Milan"ga La Liga hamda Seriya A o'yinlarini chet elda o'tkazishga ruxsat berdi.

Bundan avval La Liga "Vilyarreal" – "Barselona" uchrashuvini AQSHda, Mayami shahrida o'tkazish uchun UEFAdan ruxsat so'ragan, Seriya A esa "Milan" – "Komo" bahsini Avstraliyaning Pert shahrida o'tkazish imkoniyatini so'ragan edi.


Yevropa futbol assotsiatsiyalari uyushmasi (UEFA) Ispaniya va Italiya chempionatlarining mazkur o'yinlarini istisno tariqasida chet elda o'tkazishga ruxsat berdi, ammo milliy ligalar o'yinlari mamlakat ichida bo'lishi kerakligini ta'kidladi.

"UEFA bugun yana bir bor milliy ligalar o'yinlarini o'z mamlakatlaridan tashqarida o'tkazish g'oyasiga keskin qarshi ekanini bildirdi.

O'tgan oy Tiranada bo'lib o'tgan Ijroiya qo'mitasi yig'ilishi ortidan UEFA Ispaniya va Italiya milliy assotsiatsiyalaridan kelib tushgan so'rovlarni hisobga olgan holda bu ishning oqibatlarini baholash uchun qo'shimcha maslahatlashuvlar o'tkazdi.

Ushbu maslahatlar muxlislar, boshqa ligalar, klublar, futbolchilar va yevropalik institutlar tomonidan milliy ligalar o'yinlarini chet elga ko'chirish g'oyasiga nisbatan qo'llab-quvvatlash yo'qligini yana bir bor tasdiqladi.

Shu bilan birga, FIFAning bu boradagi meyoriy bazasi hozircha qayta ko'rib chiqilayotgan bo'lsa-da, aniq va batafsil emasligi tufayli, UEFA Ijroiya qo'mitasi bu ikki so'rovni istisno tariqasida maqulladi.

UEFA kelgusidagi FIFA ishlarida faol ishtirok etadi va ichki musobaqalar yaxlitligini, shuningdek, klublar, ularning muxlislari va mahalliy jamoalar o'rtasidagi yaqin aloqalarni saqlab qolishni taminlaydi", – deyiladi UEFA bayonotida.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: UEFA