

Championat.asia sayti turning eng yaxshilarini aniqladi.
Tur goli - Diyorbek Tojiev (“G'azalkent”)

“G'azalkent” bu tur “Jar”da “Olimpik-MobiUz” bilan to'qnash kelib, jangovar durang o'ynadi (2:2). Bahsning 35-daqiqasida yarim himoyachi Diyorbek Tojiev o'ng oyoqdagi kuchli zarbasi orqali darvoza burchanini nishonga oldi. Darvozabon bu zarba oldida shunchaki ojiz qoldi. Mazkur gol Championat.asia sayti talqinida tur goli sifatida etirof etildi.
Tur darvozaboni - Alishan Abdutolipov (Respublika FA)
Respublika futbol akademiyasi ortda qolgan turda Bekobodda “Metallurg” mehmoni bo'ldi (1:1). Uchrashuv davomida mehmonlar posboni Abdutolipov bir qator seyvlarni amalga oshirdi, jumladan, 5 marta jamoasini muqarrar goldan qutqardi. 18 yoshli posbon haqli ravishda tur darvozaboni nomiga loyiq ko'rildi.

Tur murabbiyi - Asror Aliqulov (“Sho'rtan”)
“Sho'rtan” tur markaziy uchrashuvida “Kattaqo'rg'on” bilan ro'baro' kelib, ishonchli g'alabaga erishdi (2:0). “Bunyodkor” stadionida kechgan bahs g'uzorliklar ustunligida kechdi va raqib har taraflama taslim etildi. Bunda Aliqulovning o'yinga tanlagan taktikasi va rejalari sabab bo'ldi. Shunday qilib, Championat.asia sayti aynan Aliqulovni tur murabbiyi deb topdi.

Tur futbolchisi - Zulpuqar Kuanishbaev (“Aral”)
“Aral” yakuniga etgan turda “BuxDU” mehmoni bo'lib, 3:1 hisobida g'alaba qozondi. Bahsda Zulpuqar Kuanishbaev 10 daqiqada 2 marta o'z nomini tabloga yozdirib qo'ydi. Uning gollari va ajoyib harakatlari orqali mehmonlar ishonchli tarzda zafar quchdi. Shu tariqa, saytimiz aynan 22 yoshli xavbekni tur futbolchisi deya etirof qildi.




