

"Namangan ahlini g'alaba bilan tabriklayman. Derbi edi va o'yin darajasini o'zingiz ko'rdingiz. Muxlislardan minnatdorman. Bizni qo'llab-quvvatlab turishdi. O'yin davomida xatolar va yaxshi vaziyatlar ko'p bo'ldi. Ikki jamoa ham maksimal tarzda harakat qildi, ammo g'alaba yakunda bizga nasib etdi. "Andijon"ga omad", - dedi Timur Kapadze matbuot anjumanida.
- Zabihillo O'rinboevning holati qanday?
- Qovurg'asida ikkita sinish bor deyishdi. Biroz vaqt kerak bo'ladi. Futbolda jarohatlar odatiy hol. Vahimali joyi yo'q. Barcha futbolchilarimiz tez orada safga qaytishadi degan umiddaman. Barchani g'alaba bilan tabriklayman. O'yin hissiyotli va o'ta og'ir kechdi. Andijonda o'ynash oson emas. Raqib jamoa maydonda borini berishini bilardik. Biz o'z vaziyatimizni kutdik va o'yin yakunida nuqta qo'ydik.
- Yetakchi klublarimiz Erondagi yigitlarimiz bilan shartnoma tuzishga intilmoqda. Asosiy favoritlar "Navbahor", "Neftchi" va "Paxtakor" deyilmoqda. "Navbahor"da ham ayni damda markaziy himoyachilar ketma-ketlik bilan jarohat olyapti. Rustam Ashurmatovni "Navbahor" safida ko'rishimiz mumkin-mi?
- Siz uchta klubni sanab o'tdingiz. Biz ham ular qatoridamiz va harakatdamiz. Futbolchilar bilan muzokaradamiz. Erondagi yigitlar har bir jamoani kuchaytira oladi. Ko'ramiz, yakuniy qarorni yigitlarning o'zi qabul qiladi.

- Bugungi g'alabani olti ochkolik deb hisoblaysizmi?
- Olti ochkolik demagan bo'lardim. Bugun navbatdagi uch ochkoni qo'lga kiritdik. Hali oldinda o'yinlar ko'p. Har bir uchrashuv muhim. Yangi jamoa va yangi futbolchilarimiz bor. O'yindan o'yinga sekin astalik bilan o'yinimizni yaxshilab boryapmiz. Eng asosiysi shu. Yakunda musobaqa jadvalining yuqorisida bo'lsak, olti ochkolik o'yin bo'lgan ekan desak bo'ladi. Hozir bir narsa deyish qiyin. Derbi baribir derbi. Bugungi o'yinning ahamiyati katta edi. Yoshlikda "Neftchi" o'ynaganimda "Navbahor" - "Andijon" derbisini sezardim. Keyin esa ushbu o'yindan uzoqlashib kyetibman. Bugun ikki jamoa muxlislari o'z suyuklilarini ajoyib tarzda qo'llab-quvvatladi. Jamoalarning darajasi ham yuqori edi.
- Bugungi o'yin taqdirini bir gol hal etishini sezganmidingiz?
- Derbida g'alaba qozonish asosiysi. Hech kim mag'lub bo'lgisi kelmaydi. Jamoalar oxirigacha kurashdi. Bor imkoniyatlarimizdan foydalanishga harakat qildik va standartdan gol urib ketdik.
- Ikkinchi davrada qaysi poziciyalarni kuchaytirishni ko'zlayapsiz?
- Ikkinchi davragacha hali ancha bor. Hozir o'z maydonimizda o'ynamayapmiz. Toshkentda yashayapmiz, neytral zonada. Bu ham o'z ta’sirini o'tkazmoqda. Muxlislarimiz har bir o'yinga kelmoqda, lekin uyda o'ynash baribir boshqacha. Bu ham vaqtinchalik.



