Srechko Katanets MOQga tashrif buyurdi

Narzulla Saydullayev
19 avg 2021
Futbol bo'yicha O'zbekiston Milliy terma jamoasi bosh murabbiyi bo'lishi kutilayotgan taniqli murabbiy Srechko Katanets MOQga tashrif buyurdi. Sloveniyalik mutaxassisni Qo'mita rahbariyati qarshi oldi.

Kecha tunda Toshkentga yetib kelgan sloveniyalik murabbiy Srechko Katanets futbol bo'yicha Milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi sifatida e'lon qilinishi kutilmoqda. Bugun u yurtimizning sport infratuzilmasi bilan tanishar ekan, O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasiga ham tashrif buyurdi. Mehmonni MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Qo'mita raisining birinchi o'rinbosari, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vice-prezidenti Ravshan Irmatov va assotsiatsiya mutasaddilari kutib olishdi.



Tashrif davomida Srechko Katanetsga o'zbek sportining boy tarixi, yaqinda yakuniga etgan Tokio-2020 va boshqa Olimpiya o'yinlarida atletlarimiz qayd etgan natijalar, istiqbolli rejalar xususida ma'lumot berildi. Shuningdek, mutaxassis MOQ qoshida tuzilgan va sportchilarimiz uchun xizmat qilayotgan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi haqida ham axborot oldi.


MOQ rahbariyati Katanetsning terma jamoamizda ko'rishdan mamnun ekani, yaqin vaqt davomida ko'plab rejalarni hamkorlikda amalga oshirishdan umidvor ekanini bildirib, uning faoliyatiga omad tilab o'tdi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: olympic.uz