Olimpik futbol klubining umumiy boshqaruvi MOQ raisi o'rinbosari Saken Polatovga topshirilmoqda

Alisher
23 iyun 2022
"Olimpik" klubi boshqaruvida o'zgarish.

"Parij-2024 yozgi Olimpiya o'yinlariga yo'llanma olish maqsadida tashkil etilgan Olimpik futbol klubi joriy mavsum Coca Cola Superligasida o'zining yorqin o'yinlari bilan minglab muxlislar qalbini zabt etib kelmoqda.

Jamoa faoliyatini yanada kuchaytirish, oldinga qo'yilgan vazifalarni puxta amalga oshirish yo'lida klubga yangi rahbar tayinlandi.

Unga ko'ra, MOQ raisi o'rinbosari, O'zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o'rinbosari Saken Polatov Olimpik klubi prezidenti sifatida jamoaning umumiy boshqaruvini yuritadi. Saken Djyetibaevich o'zining Lokomotiv klubidagi faoliyati bilan futbol sohasida boy katta tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi.

U temiryo'lchilar bilan 3 bor mamlakat chempionligini (2016, 2017, 2018) qo'lga kiritgan. Shuningdek, yana 3 marta O'zbekiston kubogi (2014, 2017,2018) bahslarida g'alaba qozongan. Jamoa uning boshqaruvida 2016 yil Osiyo chempionlar ligasida chorak finalgacha yetib borgan.

Shu tariqa Saken Polatovga yana bir muhim missiya – Olimpiyachilarimiz bilan Parij-2024 yo'llanmasini qo'lga kiritish vazifasi yuklatilmoqda. 1-19 iyun kunlari mamlakatimizda o'tkazilgan U23 Osiyo kubogida yoshlarimizning finalgacha yetib borgani bu yo'lda olib borilayotgan ishlar qanchalik to'g'ri yo'lga qo'yilganidan dalolat bermoqda. Ishonamizki, Saken Djyetibaevich boshqaruvida Olimpik yanada kuchayib, o'zbek futboli muxlislarini xursand qilishda davom etadi.

O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi Saken Polatovga yangi va mas'uliyatli lavozimda oldinga qo'yilgan vazifani uddalashda kuch-g'ayrat va omad tilaydi", - deyiladi xabarda.


AlisherMuallif
Manba: olympic.uz