Shavkat Mullajonov Elit OCHL oldidan: "Maydonda pul o'ynamaydi - hamma jamoani engsa bo'ladi"

Iskandarov Abdulaziz
12 okt 2026, 09:29
Klublarimiz Elit OCHLning navbatdagi turida Saudiya Arabistoni klublari sinovidan o'tadi.

“Paxtakor” - “Al Qodisiya”, “Al Nasr” - “Neftchi” uchrashuvidan avval Shavkat Mullajonov “90minutUZ” podkasti mehmoni bo'ldi. O'zbekiston terma jamoasi sobiq futbolchisi klublarimizning imkoniyatlari haqida gapirdi.

“Hamma raqib bilan bemalol o'ynasa bo'ladi, engib bo'lmaydigan jamoaning o'zi yo'q. Buni "Paxtakor" o'tgan turda yaqqol ko'rsatib berdi. "Neftchi" tarkibida ham bu kabi mas'uliyatli uchrashuvlarda maydonga tushib, etarlicha tajriba orttirgan yigitlar talaygina.

Maydonda pul yoki boshqa omillar hech narsani hal qilmaydi. Masalan, "Al-Ahli" amaldagi chempion, tarkibi juda kuchli va tarkibi qimmatbaho. Lekin "Paxtakor" ularni engishiga bir bahya qoldi.

Bu yerda ko'p narsa murabbiyga bog'liq. Vadim Abramov vaqtida terma jamoani kuchli raqiblarga qarshi qanday tayyorlaganini yaxshi eslayman. U hamisha shunday derdi:

Sizlar bilan raqiblar o'rtasidagi yagona farq - bu maoshlaringizda. Maydon bitta, to'p bitta - chiqib, o'ynab, yutish kerak! Ularning o'rniga xorij klublariga sizlar ketishingiz lozim. O'zbek futboli nimaga qodirligini hozir ko'rsating, shunda sizga butunlay boshqacha ko'z bilan qarashadi.

Vaholanki, o'shanda bizga katta pullar ham vada qilinmagandi. Abramovning aytganlari to'g'ri chiqdi - o'sha tarkibdagi futbolchilarning 80 foizi legionerga aylandi.

Shu sababli murabbiyning futbolchilarni ruhan tayyorlashi juda muhim. Doim "futbolchilarning ko'zida olov yonmayapti" deyishadi, aslida ana shu olovni murabbiyning o'zi uyg'ota olishi kerak”

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia