

"Biz faqat bugungi o'yinda emas, boshqa o'yinlarda ham oddiy gollarni o'tkazib yuboryapmiz. Hujumdagi noaniqligimiz, hujumdagi o'yinimiz. Mag'lubiyatga olib kelyapti. Biz qo'pol xatolar qilyapmiz himoyada. Standart vaziyat bugun raqibga qo'l keldi. Ikkinchi bo'limda qanchalik tashabbusga ega bo'lmaylik, vaziyat yaratmaylik, baribir gol ura olmadik. Asosiy muammolarimizdan biri bo'lyapti. Hujumda yakunlash, hujumda oxiriga etkazish bu mag'lubiyatga olib kelyapti. Gol urmasang g'alaba qozona olmaysan. Natija shu uchun biz uchun ko'ngildagidek bo'lmayapti", - deya gap boshladi Ro'ziqul Berdiev.
- "Nasaf"ning so'nggi 14 o'yiniga nazar tashlasak, faqatgina 3 g'alaba bor. Bu nima bilan bog'liq deb o'ylaysiz?
- Bunga e'tibor qaratmagan ekanmiz. Albatta, biz qaysidir o'yinlarda omadsizlikka uchrayapmiz. Yomon o'ynadik deb bo'lmaydi-yu. Lekin bu biz uchun albatta judayam xunuk natija. Biz ochkolar yo'qotganimiz uchun biz hozir mana shu o'rinni egallab turibmiz.
- Bilamiz, Jambuli Jigauri "Nasaf" jamoasi safida harakat qilgan. Nega Jigaurini o'z vaqtida jamoada saqlab qolmagansiz? "Nasaf" legionerlarni tanlashda qanday jihatlarga e'tibor qaratadi?
- Jaba bizda chempion bo'lishga katta yordam bergan edi. O'shandan keyin jamoada o'zgarishlar bo'ldi. Boshqa o'yinchilarni taklif qilganimiz uchun Jabo biz jamoamizni tark etgan edi. Bugungi o'yinda ham o'zini yaxshi tarafdan ko'rsatdi. Legioner masalasida bu oldin ham aytib o'tganmiz. Legionerlarni tanlash bu oson narsa emas. Ko'p jihatga e'tibor berasiz-u, lekin kirib ketish uchun, jamoaga moslashish uchun kimgadir vaqt yetmaydi yoki saviyasi, darajasi yetmaydi. O'shaning uchun bu jihatlarga e'tibor beramiz. Oxirgi paytda bizga bunga ko'p imkoniyat bo'lmadi. O'shaning uchun legionerlarni ko'p taklif qilmadik.
- Siz hozirda bu mavsumdagi hamkasblaringiz orasida eng tajribali va sovrindor murabbiylardan birisiz. Nima uchun sizni terma jamoaga jalb qilishmayapti, ishonch bildirishmayapti? Shu savolga qanday javob bergan bo'lardingiz?
- Ochig'i, bu savolga qanday javob berishni ham bilmayman. Bu savol menga emas shekilli. Bu savolga javob bera olmayman.
- Demak, sabab sizda emasmi yoki...
- Yo'q...
- Istedodingizni ko'rishmayaptimi?
- Bilmadim, bilmadim. O'zimni unchalik iqtidorli murabbiy yoki futbolchi deb hisoblamayman. Kechiring, ushbu savolingizga javob berolmayman.
- O'yinchi sifatida ham yaxshi edingiz, murabbiy sifatida ham milliy terma jamoa bosh murabbiyi uchun sizda qandaydir nomunosib jihatlar bor deb ayta olmayman. Hech bo'lmaganda yoshlar yoki olimpiya terma jamoasiga to'liq munosibsiz.
- Mayli, keling, keyingi savolga o'tsak.




