Ro'ziqul Berdiev chetlatilgan vaziyat bo'yicha qanday fikrdasiz?

Xayrulla Xoliqov
27 okt 2020, 12:26
Kecha bo'lib o'tgan "Metallurg" - "Nasaf" bahsida bosh murabbiyning chetlatilishi ro'y berdi.

Gap shundaki, o'yinning birinchi taymiga qo'shib berilgan daqiqa o'tib borayotgan mahal "Metallurg" sardori Kamoliddin Tojiev to'p maydon tashqarisiga chiqqan bo'lishiga qaramay, to'p uchun harakat qilayotgan "Nasaf" futbolchisi Oybek Bozorovni tirsagi bilan turtib yubordi.

Yuz bergan vaziyatni yaqindan ko'rgan "Nasaf" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev o'z ehtiroslarini jilovlay olmay Kamoliddin Tojiev shaniga nomaqbul so'zlarni ayta ketdi. Berdievning qo'pol so'zlarni ishlatib so'kinib gapirgani jonli efirda yaqqol eshitilib turdi. 

Vaziyat ma'lum: to'p maydon tashqarisiga chiqib ketganidan so'ng bir futbolchi ikkinchisi tirsagi bilan uryapti. Bu holatni bosh hakam (Asker Najafaliev) ham, qanot hakami (Olim Abduvasilov) ham ko'rib turibdi, lekin miq etmayapti. Natijada Ro'ziqul Berdievning jahli chiqib raqib futbolchisini bo'ralatib so'kyapti va yakunda o'zi qizil kartochka olyapti. 

Xo'sh, bu vaziyat bo'yicha qanday fikrdasiz? Berdiev o'sha paytda etika nuqtayi nazaridan o'zini bosishi kerakmidi? Yana bir savol: nega bosh hakam turtib yuborgan futbolchiga nisbatan jiddiy chora ko'rmadi? Qanot hakamining ko'zi qayoqda edi? Nazoratchi o'yindan keyin o'sha ikki hakamga necha baho qo'ydi?

Umuman bo'lib o'tgan voqeani tezroq unutish kerakmi yoki alohida ahamiyatga molikmi? Quyida bu borada xolis fikrlaringizni kutib qolamiz.


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia