"Real"da jiddiy yo'qotish bo'lishi mumkin: Mbappe "Benfika" bilan o'yin oldidan mashg'ulotni to'xtatdi

Aslanov Jasurbek
24 fev 2026
Madridning "Real" klubi yulduzi Kilian Mbappening Chempionlar Ligasi doirasidagi muhim bahsda ishtirok etishi so'roq ostida qolmoqda.

Fransiyalik hujumchi chap tizzasidagi og'riqlar sabab seshanba kungi mashg'ulotlarni yakuniga etkaza olmadi. Bu haqda "L'Equipe" nashri xabar tarqatdi.

Vaziyat qanchalik jiddiy?

Manbaning takidlashicha, 25 fevral, chorshanba oqshomida bo'lib o'tadigan "Benfika"ga qarshi javob o'yinida Mbappening maydonga tushishi katta shubha ostida. Klub shifokorlari va murabbiylar shtabi futbolchining sog'lig'ini xavf ostiga qo'ymaslik uchun unga dam berishga qaror qilishgan, chunki tizzadagi og'riqlar hali ham pand bermoqda.

Arbeloaning rejasi:

"Qaymoqranglilar" bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa Kilian bo'yicha yakuniy qarorni o'yin kunida qabul qilmoqchi:

"Murabbiy vaziyatni kuzatmoqda va hujumchining ishtiroki borasidagi qarorni oxirgi soatlargacha kechiktirishga tayyor. Bu bilan Mbappening tiklanishi va maydonga tushishi uchun ko'proq imkoniyat yaratiladi".

Eslatib o'tamiz, "Real" dastlabki bahsda 1:0 hisobida g'alaba qozongan edi. Biroq Mbappening ehtimoliy yo'qligi va Vinisius atrofidagi mojarolar madridliklar uchun javob o'yinini yanada qiyinlashtirishi mumkin.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: L'Équipe