"Real" futbolchilari Alonsoning iste'fosidan "shok"da. Ular bu xabarni klub rasmiy bayonotidan bilishgan

Aslanov Jasurbek
12 yanv 2026
"Real" o'yinchilari Xabi Alonsoning haydalganini yangiliklardan bilib olishdi.

Madridning "Real" klubi futbolchilari Xabi Alonsoning iste'fosini kutishmagan edi. Avvalroq bosh murabbiyning ikki tomonlama kelishuvga ko'ra klubni tark etgani ma'lum bo'lgandi. Bu voqea "qaymoqranglilar" Ispaniya Superkubogi finalida "Barselona"ga (2:3) imkoniyatni boy berganidan so'ng yuz berdi.

Marca nashrining xabariga ko'ra, ayrim futbolchilar murabbiy ketganini klubning rasmiy bayonoti orqali bilishgan. Kiyinish xonasida hech kim mavsumning bu pallasida bunday keskin qaror qabul qilinishini kutmagandi. Ayniqsa, finaldan keyingi va uyga qaytish vaqtidagi samolyotdagi vazmin muhit bundan dalolat bermagan.

Superkubokdan so'ng o'yinchilar murabbiy o'z lavozimida qolishiga ishonishgan edi. Ular xavotir uchun sabab ko'rishmagan, chunki "Barsa"ga minimal hisobda yutqazilgandi. Aksincha, jamoa loyiha davom etayotganiga ishongan, taqdirlash marosimida prezident Florentino Peresning Alonso bilan quchoqlashib ko'rishgani esa murabbiy to'liq qo'llab-quvvatlanayotgani sifatida qabul qilingandi.

Shu sababli, Xabining ketishi jamoa uchun haqiqiy "shok" bo'ldi. Bir necha futbolchilar shaxsiy suhbatda bu xabarni oldindan ogohlantirishsiz, faqat rasmiy bayonotdan bilishganini tan olishgan. Shuningdek, o'yinchilarning takidlashicha, oxirgi haftalarda murabbiy va jamoa o'rtasidagi munosabatlar yanada yaxshilangan edi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Marca