"Qizilqum": Hozir natija emas, o'yin amaliyoti muhim

Narzulla Saydullayev
6 fev 2014, 13:12
Shu kunlarda poytaxtimizda o'quv-mashg'ulot yig'inini olib borayotgan “Qizilqum” jamoasi 5 fevral kuni dastlbaki sinov-nazorat uchrashuvida maydonga tushdi.
Unda “Olmaliq” futbolchilari navoiyliklar raqibi bo'ldi.

Uchrashuv gollarga boy tarzda kechdi. Navoiyliklar olmaliqliklarga yirik hisobda yutqazib qo'ydi - 1:5.

O'yindan so'ng, “Qizilqum” futbol klubi bosh murabbiyi Yuriy Lukinning fikri bilan qiziqdik.

 - Navoiyda ikki bosqichda o'tkazilgan yig'inlar davomida asosan o'yinchilarning jismoniy tayyorgarligiga e'tibor qaratgandik, - dedi Yuriy Pavlovich. - Yig'inlar davomida atigi ikkita nazorat uchrashuvi o'tkazib, “Buxoro” va “So'g'diyona” futbolchilari bilan kuch sinashdik. So'ngra, Toshkent yig'ini oldidan bir haftalik tanaffus e'lon qilindi. 4 fevraldan boshlab poytaxtda mashg'ulotlarga kirishdik. Toshkentda kamida sakkizta o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishni mo'ljallaganmiz. Bu uchrashuvlarda jamoamiz uchun natija emas, aksincha ko'proq o'yin amaliyoti muhim o'rin tutadi. “Olmaliq” bilan o'tgan uchrashuvda yirik hisobda mag'lubiyatga uchraganimizdan fojea yasash kerakmas. Avvalo jamoamizning ilk bor sun'iy qoplamali maydonda to'p surganligini hisobga olish zarur. Avvalgi ikki uchrashuvda raqiblarimiz bilan tabiiy maydonda o'ynagandik. Agar tabiat injiqligini nazarda tutsak, qolgan o'yinlarni ham faqat sun'iy qoplamali maydonda o'tkazamiz. Oxirgi uchrashuvda yo'l qo'yilgan xato-kamchiliklar ustida ishlaymiz. Ishonamanki, o'yindan o'yinga jamoa tarkibi shakllanib, o'z uslubimizni shakllantirib boramiz.

“Qizilqum” futbol klubi murabbiylar shtabi “Olmaliq” jamoasiga qarshi quyidagi o'yinchilar xizmatidan foydalandi:

"Qizilqum": Erkin Jabborov, Akmal Xoliqov, Mirjalol Qurbonov, Asqar Muhiddinov, Akmal Rustamov, Sherali Jo'raev, Samandar Shodmonov, Ruslan Vagapov, Vladimir Shishelov, Eldor Boymatov, Alisher Xoliqov.

Zaxiradan maydonga tushganlar: Artyom Makosin, G'ayrat Jumaev, Farrux Haydarov, Aziz Abdullaev, Fayzulla Qambarov, Aziz Usmonov, Ruslan Sanaev, Jamshid Shoxnazarov.

Yagona golga navoiyliklardan Samandar Shodmonov mualliflik qildi.

Ma'lum sabablarga ko'ra, shu kuni yarim himoyachi Sarvarjon Xolmatov hamda Navro'z Alimovlar uchrashuvda qatnashmadi.

Rejaga ko'ra, “Qizilqum” jamoasi navbatdagi nazorat uchrashuvini 7 fevral kuni “Buxoro” futbolchilari bilan o'tkazadi. O'yin soat 10.00 da “Obod” stadionida boshlanadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcqizilqum.uz