"Pusan Ay Park" a'zosi Otabek Ahadov: "Koreya futbolidagi yuqori temp va kurashlar meni hayron qoldirdi"

Iskandarov Abdulaziz
2 noya 2026, 13:55
O'zbekistonlik yosh va iqtidorli futbolchilardan biri Otabek Ahadov faoliyatini Koreyaning mashhur "Pusan Ay Park" klubida davom ettirmoqda.

Mavsumni "So'g'diyona" jamoasida boshlagan Otabek Axadov yozgi transferlar oynasida Janubiy Koreya K 2 Ligasining "Pusan Ay Park" klubiga ko'chib o'tdi. 22 yoshli himoyachi hozirga qadar yangi jamoasida 4 ta o'yinda maydonga tushdi.

U yangi jamoa, legioner maqomidagi ilk taassurotlar, Koreya futbolining o'ziga xosliklari va kelajakdagi maqsadlari haqida quvonch va qatiyat bilan so'zlab berdi.

​Legionerga aylanish – faoliyatidagi yangi bosqich

​- Legionerga aylanishingiz qanday yuz berdi?

- Bu jarayon men uchun kutilmagan, ammo faoliyatimdagi juda muhim qadamlardan biri bo'ldi. Agentim va yaqinlarimning ko'magi bilan Janubiy Koreyaning "Pusan Ay Park" klubidan taklif oldim. Men bu transferni faoliyatimdagi yangi bosqich, kuchliroq chempionatda tajriba orttirish va professional futbolchi sifatida yanada rivojlanish uchun katta imkoniyat deb bilaman. Albatta, xorijda o'ynash oson emas, lekin eng muhimi - oldimda katta maqsadlar bor va ularga erishish uchun bor kuchim bilan mehnat qilishda davom etaman, Xudo xohlasa.

1.jpg

​Qulay sharoitlar va iliq qabul

​- "Pusan", bazasi, murabbiylaringiz, do'stlaringiz, tashqi hayot haqida gapirib bersangiz?

- "Pusan Ay Park" klubida sharoitlar juda yaxshi. Klub bazasi ham, mashg'ulotlarimiz uchun yaratilgan imkoniyatlar ham menga juda yoqdi. Murabbiylarimiz talabchan va o'z ishining professionallari. Jamoadoshlarim bilan ham munosabatlarim juda yaxshi: ular meni iliq kutib olishdi va jamoaga moslashishimda ko'maklashishdi. Klubda juda sog'lom muhit shakllangan.

​- Koreyaga o'tayotganda Ikrom Aliboev, Server Jeparov, Sanjar Tursunov kabi futbolchilar bilan gaplashdingizmi? Koreyada bizning futbolchilarni ko'pchilik hamon taniydi...

- Koreyaga kelishdan oldin bu yerda o'ynagan o'zbekistonlik futbolchilar bilan suhbatlashib, chempionat va Koreyadagi hayot haqida kerakli ma'lumotlarga ega bo'ldim. Koreyada nafaqat o'zbek, balki boshqa xorijiy davlatlardan kelgan futbolchilarni ham juda qattiq hurmat qilishadi. Hozircha asosiy vazifam - jamoaga to'liq moslashish, murabbiylar ishonchini qozonish va maydonda o'z imkoniyatlarimni to'liq ko'rsatish. Kelajakda o'zbekistonlik va koreyalik muxlislar ham meni yaxshi o'yinlarim orqali tanishlarini istayman.

​Tezkorlik, jismoniy tayyorgarlik va til to'sig'i

​- Koreya futbolining tezkor va jismoniy talablari kuchli. Moslashuvni engib o'tishda nimalar yordam beryapti?

- Koreyada futbol ancha tezkor, kurashlarga boy va jismoniy tayyorgarlik juda muhim. Buning farqini mashg'ulotlarning ilk kunlaridayoq sezdim. Har bir vaziyatda juda tez qaror qabul qilish talab etiladi, chunki ham mashg'ulotlar, ham o'yinlar o'ta yuqori tempda o'tadi. Moslashuv jarayoni esa murabbiylar, jamoadoshlarim va klub xodimlarining ulkan yordami tufayli osonroq kechmoqda.

​- Legionerga aylangan ko'p futbolchilarimizda til muammo bo'ladi. Mahalliy futbolchilar va murabbiylar shtabi bilan muloqot qanday kechmoqda?

- Til masalasi boshida biroz qiyinchilik tug'dirdi. Klub tomonidan menga tarjimon ajratilgan, bu esa murabbiylar bilan muloqot qilish va ko'rsatmalarni tushunishda katta yordam beryapti. Jamoadoshlarim bilan bazan tarjimon, bazan esa ingliz tilida gaplashayapmiz. Hozir asta-sekin koreys tili darslariga borib, o'rganishga harakat qilyapman. Vaqt o'tishi bilan til borasidagi muammolar ham kamayib bormoqda.

​- K2 Ligasi - jismoniy kurashlar, yuqori temp va agressiv futbol bilan tanilgan. O'zbekiston chempionati futbolidan so'ng bu ligada sizni o'yin taktikasi va tezligi jihatidan eng ko'p nima hayron qoldirdi?

- Meni eng ko'p hayron qoldirgan jihat - o'yinning deyarli barcha daqiqalarida yuqori temp saqlanib qolishi bo'ldi. Bu yerdagi futbolchilar nafaqat jismonan kuchli, balki taktik jihatdan ham juda intizomli. Har bir futbolchi maydondagi vazifasini aniq biladi va kichik xatolardan ham raqib darhol foydalanishga harakat qiladi. Yana bir tomoni, mashg'ulotlarda ham raqobat nihoyatda kuchli - har bir o'yinchi asosiy tarkibdan joy olish uchun bor kuchi bilan kurashadi.

3.jpg

​Terma jamoa orzusi va kelajakdagi rejalar

- O'zbekiston terma jamoasidan chaqiruv olish har bir futbolchining orzusi. Xorijdagi faoliyatingiz terma jamoa murabbiylari e'tiborini tortishda qanchalik asosiy omil bo'ladi deb o'ylaysiz?

- Albatta, O'zbekiston milliy terma jamoasida o'ynash – mening ham eng katta orzularimdan biri. Fikrimcha, qaysi chempionatda o'ynashingizdan qati nazar, eng muhimi - maydonda o'z mahoratingizni ko'rsata olish va doimiy o'yin amaliyotiga ega bo'lishdir. Koreyadagi faoliyatim menga katta maktab bo'lmoqda. Bu yerdagi kuchli raqobat sharoitida o'ynash jismoniy va taktik jihatdan o'sishimga xizmat qiladi. Xudo xohlasa, yaxshi o'yinlarim orqali terma jamoa murabbiylari e'tiboriga tushib, milliy jamoamizga chaqirilishni istayman.

​- K2 Ligasini ko'pchilik futbolchilar yuqori ligaga o'tish uchun tramplin deb hisoblashadi. Sizda bu borada maqsadlar qanday?

- Ha, har bir futbolchining oldiga qo'ygan katta maqsadlari bo'ladi. Men ham Koreya ligasida o'zimni har tomonlama ko'rsatish, tajriba orttirish va yanada yuqori pog'onalarga chiqishni maqsad qilganman. Kelajakda Koreyaning yuqori ligasi va Yevropaning kuchli chempionatlarida to'p tepishni xohlayman. Lekin bularning barchasiga bosqichma-bosqich, tinimsiz mehnat va munosib natijalar orqali erishamiz, Xudo xohlasa.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif