

Liga buxorolik futbol jonkuyarlari va Buxoro klubining fidoyi muxlislari uchun o'tgan mavsumning ikkinchi qismi hamda joriy mavsum boshida Buxoro futbol akademiyasi maydonidagi bir qator muammolarga qaramasdan, viloyatning bosh jamoasi hisoblangan Buxoro klubining uy uchrashuvlarini o'z maydonida o'tkazishiga ruxsat berib keldi.
Biroq so'nggi ikki yarim yil mobaynida klub va viloyat futbol mutasaddilari tomonidan taqdim etilgan bir nechta kafolat xatlariga qaramasdan, mazkur stadion holatini yaxshilash yuzasidan amaliy ishlar qilinmadi va bugungi kunga kelib Buxoro futbol akademiyasi maydoni Superliga uchrashuvlarini qabul qila olmaydigan darajaga kelib qolgan.
Superliga reglamentida musobaqa ishtirokchisining uy stadioniga qo'yilgan bir qator qatiy talablar mavjud. Jumladan, Reglamentning 4.7-bandida Superliga uchrashuvini o'tkazuvchi stadion, shu stadionda o'ynovchi klub yoki mazkur klubga qarashli hududiy futbol assotsiatsiyasi balansida maydonni parvarishlash uchun zarur bo'lgan texnikalar bo'lishi zarurligi ko'rsatib o'tilgan. Ammo o'tgan vaqt mobaynida Buxoro klubi hamda Buxoro viloyati futbol assotsiatsiyasi mazkur talablarni bajarish yuzasidan kerakli amaliy choralarni ko'rmadi.
Shundan kelib chiqib, Liga Buxoro futbol klubiga uy uchrashuvlarini qabul qiluvchi stadionidagi muammolarni hal qilish va ularni bartaraf etishning imkoni bo'lmagan taqdirda joriy yilning 25-iyun sanasiga qadar Superliga 13-turidan o'rin olgan Bunyodkorga qarshi uy uchrashuvini Superliga uchun ro'yxatdan o'tkazilgan qaysi stadionda o'tkazishi masalasiga aniqlik kiritishi talab etiladi. Superliga reglamentining 14.8-bandidan kelib chiqib, joriy yilning 1-iyul sanasiga qadar mazkur masala yuzasidan Buxoro futbol klubi tegishli choralarni amalga oshirmagan taqdirda, 21-iyul sanasidagi o'yinni avtomatik tarzda raqib jamoa maydoni - Bunyodkor stadioniga ko'chiradi.
Eslatib o'tamiz, Liga joriy mavsum davomida 3 marotaba Superliga reglamentining 14.8-bandini ishga tushirishga ulgurdi. Jumladan, 3-tur doirasida Mashal, 4-turda So'g'diyona hamda 7-turda Nasaf stadion bilan bog'liq muammo sabab raqib maydonida o'ynashga majbur bo'ldi.



