

Pavlodardagi bahs mezbonlarning 2:1 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi. "Irtish" o'yindan oldin turnir jadvalida so'nggi o'rinni egallab, Premer-ligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgandi, "Oqjetpes" esa uchinchi pog'ona hamda evrokubokka da'vogarlik qilayotgandi.
Mazkur uchrashuv bir qator holatlar sabab alohida e'tibor markaziga tushdi. Birinchi bo'limda "Irtish" raqib darvozasi tomon 13 marta zarba bergan bo'lsa, "Oqjetpes" birorta ham zarba yo'llamadi. O'yindan keyin ishtirokchilarning ehtimoliy tashqi aloqalari borasida ham savollar tug'ildi. "Oqjetpes" bosh murabbiyi Rinat Alyuetov muqaddam "Irtish"ni boshqargan va Pavlodar klubini Premer-ligaga olib chiqqan edi. Hozirgi "Oqjetpes" tarkibida ham ilgari "Irtish" sharafini himoya qilgan futbolchilar bor.
Endilikda o'yin atrofidagi holatlar QFF tomonidan o'rganilmoqda. Ish doirasida Qozog'iston terma jamoasining sobiq futbolchilari U.A. va R.A. nomlari tilga olingan.
Yakuniy xulosalar federatsiya tekshiruvi yakunlanganidan so'ng e'lon qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o'tamiz, "Oqjetpes" tarkibida o'zbekistonlik futbolchilar Bektemir Abdumannonov va Shahboz Umarov harakat qiladi.



