O'tmishga nazar. O'zbekistonga kerak bo'lmay qolgan Qosimov va shayton yo'ldan urgan Akramov

Оқил Абдубарноев
4 may 2026, 16:00
Mustaqillikning dastlabki yillarida yangidan shakllanayotgan milliy mafkura va vatanparvarlik tuyg'ulari jamiyat hayotining barcha jabhalarida, shu jumladan, sportda ham o'zining o'ta talabchan va qatiy mezonlarini o'rnatgan edi.

1994 yili Xirosimada o'tkazilgan Osiyo o'yinlarida O'zbekiston milliy terma jamoasining tarixiy g'alabasi butun xalqqa ulkan g'urur bag'ishladi. Ammo bu yuksak cho'qqidan so'ng, o'zbek futbolining yetakchi namoyandalari – murabbiy va futbolchilarning xorijga yo'l olishi o'sha davr matbuotida keskin norozilik va bahslarga sabab bo'ldi.

Quyida e'tiboringizga havola etilayotgan maqola parchasi aynan o'sha murakkab o'tish davri ruhiyatini o'zida aks ettiradi. Unda 1994 yilgi zafarli yurish memori bo'lgan murabbiy Rustam Akramovning 1995 yili Hindiston terma jamoasini boshqarish uchun ketgani, shuningdek, o'sha vaqtda Rossiyaning "Alaniya" klubi yetakchisiga aylangan istedodli futbolchimiz Mirjalol Qosimovning faoliyati keskin, hatto ayovsiz tanqid ostiga olinadi. Muallif ularning xorijdagi faoliyatini vatan manfaatlaridan chekinish, milliy g'ururni "moddiy manfaatlar"ga almashish sifatida keskin qoralaydi.

Bugungi globallashuv davrida sportchilarimizning xorij maydonlarida to'p surishi tajriba oshirish va yurt nomini dunyoga tanitishning eng yaxshi yo'li sifatida qabul qilinadi. Biroq, ushbu tarixiy matn bizga chorak asr muqaddam vatanparvarlik va sportchi mas'uliyati tushunchalariga qanday radikal va hissiyotli yondashilganini, "bizga faqat o'zimizda o'ynaydigan qahramonlar kerak" degan qarash qanchalik kuchli bo'lganini yaqqol ko'rsatib beradi.


AGAR QILMADI EL HIMOYAT SENGA...
O'zingdan kerakdir shikoyat senga

...Qahramonlik, mardlikning ikki toifasi bor: biri lahzaning o'zida qahramonlikni namoyish etish, ikkinchisi doimiy mardlik ko'rsatib yashash. Ikkinchisining yuki naqadar og'ir ekanligi har kunu har soatda, har bir holatda chidam bilan matonat ko'rsatish zarurligidan bilsa bo'ladi. Ollohga ham ana shunday insonlar xush keladi. Birinchi xil qahramonlikni barcha darhol olqishlaydi, hurmat-e'tibor ko'rsatadi, lekin ikkinchi xil mardlar esa o'zlarini manaman deb ko'rsatmay vazminlik bilan yashaydilar. Ular uchun turli dabdabalar begona. Shukrki, bunday insonlar oramizda ko'p. Bizning yuksalishimiz ana shunday insonlar zahmati, matonati orqali bo'layotganini chuqur anglash lozim. Lekin o'zbek futbolini Osiyo o'yinlarida g'alabaga olib kelgan milliy komanda murabbiylaridan biri Rustam Akramov ana shunday bir lahzalik qahramonlardan bo'lib chiqdi. O'zbekiston Osiyo chempioni bo'lgandan so'ng u Osiyoda ikkinchi eng kuchli trener deb tan olindi. Lekin uning futbolchilarimizni chempion bo'lishlaridagi hissasi qanday ekanligi to'g'risida so'z aytmay turib, uning milliy g'urur, vatanparvarlik borasidagi qalb urishi haqida gapirmoqchimiz.

Bu futbol murabbiysi Xirosimadagi g'alabamizdan so'ng o'zbek futboli dovrug'ini yanada yuqori ko'tarishga bel bog'lashi kerak edi. Chunki toqqa chiqqan cho'qqini ko'zlaydi. Ko'plab iqtidorli futbolchilarimiz uning qo'liga ishonib topshirib qo'yilgan edi. Ana shu erishilgan g'alaba shitob bilan futbolimizni yanada yuksakka olib chiqishi mumkin edi. Afsuski bunday bo'lmadi. O'zbek futbolining mana shu yuksak shohsupadan yanada yuqoriga ko'tarish uchun barcha moddiy va manaviy sharoitlar yaratilgan edi. Lekin qalban nogiron, milliy g'urur tushunchasida ojiz bu kishi taqdir nasib etgan va hukumatimiz tomonidan yaratilgan sharoitu imkoniyatlardan foydalanmadi. O'z hayotini millatimiz futboli ravnaqi uchun baxshida etishga irodasi chidamadi. U o'z milliy chempionati ham bo'lmagan Hindiston mamlakatidagi bir futbol komandasiga murabbiy bo'lib kyetib qoldi. Bu ishi bilan Akramov o'zini hurmat qilib muborakbod etgan xalqimiz ixlosidan qoldi. Hind rupiysining jilvasi yurtimiz ohanrabosidan ustun chiqdimikin, degan savol tug'iladi. Yo'q, bu gapga ishonish qiyin, bu yerda gap boshqa masalada.

Bazida falonchi yaxshi odam ediyu, lekin shayton yo'ldan uribdida deydilar. Shayton har bir inson qalbiga yo'l topish harakatida bo'ladi. Shu sababli inson har doim, har daqiqa u bilan olishib, uni engib yashamog'i lozim. Or-nomusli, g'ururli erkaklarda bu kurash ayniqsa kuchli bo'ladi. Ular butun hayotlari mobaynida biror marotaba ham o'z or-nomuslarini boy berishga yo'l qo'ymaydilar.

Chunki o'zbeklarda ko'ylak yangiligidan, or-nomus yoshlikdan saqlanadi degan o'ta manoli naql bor. Afsuski, Rustam Akramovning qalbiga kirib olgan shayton uning iymonidan, milliy tuyg'ularidan ustun chiqdi. Bazan o'sha shayton egasini eshak qilib minib oladida, uni hindu-ajam, mag'ribu-mashriqlarga yo'rg'alatib haydab olib ketadi. Hozir, ayniqsa shaytonga hay berish vaqtimizdir. Bo'lmasa shaytonning gapiga kirib bazilar yurtimiz yuzini qora qilishi, bazi bir nomaqul buzoqlar ko'p ish ko'rsatishi mumkin. Istar edikki, mamlakatimizdagi barcha yigitlar qilichday keskir, iymonli va bir so'zli bo'lsalar. Rustam Akramovda esa bu narsa yetishmadi. U Hindistonda o'zini qanday mutaxassis ekanligini tezda ko'rsatib qo'ya qoldi R. Akramov boshchiligidagi komanda Osiyoda uncha kuchli bo'lmagan Malayziya komandasi bilan uchrashuvda sharmandalikka uchradi. Yurtdoshimiz u erlarda qanday ish olib borayotgan ekan, deb unga hamdard bo'lib o'tirgan o'zbekistonliklar uning komandasi darvozasiga malayziyaliklar ketma-ket to'rtta to'p urgach, hafsalasi pir bo'lib televizorlarini o'chirib qo'ydilar. Mana Osiyoda ikkinchi bo'lgan trenerning holi va obro'si. Endi bu sayohatchi trenerimiz O'zbekistonga qaysi yuz bilan qaytib kelar ekan va bizning futbolchilarimizga hind futbolining qaysi sir-asrorlarini o'rgatar ekan.

Akramov, Rustam Akramovich - Vikipediya

Yosh o'zbek futbolchilarimiz o'z mahoratlarini oshirish uchun Singapur, Birlashgan Arab Amirligi, Malayziya va boshqa mamlakatlarga oshiqmoqdalar. Biz ularning niyatlariga qarshi emasmiz. Lekin o'zbek futbolining qudratini Xirosimada jahonga ko'rsatgan bo'lsak, nahotki, endi nazarimizni past qilib futbolda bizdan mahorat darajasi quyiroq mamlakatlarga bosh ursak. Bunday intilish sportchi uchun mantiqsiz va achinarli emasmi? Agarda ular Italiya, Germaniya, Angliya komandalariga borishga istak bildirganlarida boshqa gap edi. Afsuski, ular milliy g'urur o'rniga katta xurjunni o'ylab yuribdilar. Davlatimiz qabul qilgan qarorga muvofiq, endi futbolimiz professional futbolga o'tayotgan paytda bunday engiltaklik yarashmaydi. Vaholanki, o'sha pulni o'zimizdagi professional komandalarda o'ynab, ishqibozlarimizni xushnud etib, o'z yurtimizda topishlari mumkin. Ular o'zga yurtlarda bizning ishqibozlar tomonidan ko'rsatiladigan mehrni topa olmaydilar, qalblari nogiron bo'lib qaytib keladilar.

Bu borada Rossiyaning Alaniya komandasida o'ynayotgan Mirjalol Qosimov haqida ham bir og'iz so'z. Mirjalol mahoratli futbolchi. Lekin uning barchamizning ko'nglimizni xira qilayotgan qiliqlari ham bor. Agarda u futbol mavqei yuqori bo'lgan Yevropadagi mamlakatlar futbol komandalarida o'ynasa va olqishga sazovor bo'lsa, o'zbek ishqibozlarining qalbi g'ururga to'lar edi. Afsuski, u sobiq Ittifoq davriga nisbatan ham saviyasi bir necha bor pastlab ketgan Rossiya chempionatiga qatnashib arzimas g'alabalardan mamnun bo'lib, do'ppisini osmonga otib yuribdi.

U Osiyo o'yinlaridan keyin, Rustam Akramovdek, ko'plab jurnalistlarga o'zbek futboliga sadoqati to'g'risida so'zlab tinmagan edi. Uni Spartakda tuzilgan shartnomagina ushlab turganini, shartnoma tugagach, 1995 yili jon-dili bilan O'zbekistonga uchib yetib kelishini aytgan edi. Lekin mavsum tamom bo'lsa ham u o'zini tarbiyalagan murabbiylari, ishqibozlari, futbol federatsiyasining yuzini erga qaratib, barchani aldab, yana Spartak bilan shartnoma tuzdi. U yana, mavsum tugagach, qaytaman degan vadalarni berayapti. Yana eski hammom - eski tos. Inson, yigit kishi, mard futbolchi bir so'zli bo'lish kerak-ku.

Hozir u saviyasi uncha baland bo'lmagan Rossiya chempionatida qatnashib qahramon bo'lib yuribdi. Uch-to'rt yil o'tadi, baribir O'zbekistonga qaytib keladi. Lekin kelajakda uni Rossiyadagilar eslasharmikan? Yo'q eslamaydilar. Ular faqat o'zlaridan chiqqan futbolchilarnigina eslaydilar. Ular bundan minnatdor bo'larmikinlar? Yo'q. Bir o'zbek yigiti kelib bizda o'ynab, to'rva xaltasini to'ldirib ketdi. Bizning u bilan oramiz ochiq, endi boshqa engiltak futbolchilarni topishimiz kerak deydilar. Vaqt kelsa uning holidan xabar ham olishlikni o'zlariga or deb biladilar. Chunki o'z millatini, milliy g'ururini toptagan yigit kimga ham kerak. U agarda Spartakda ishi yurishsa shartnomani cho'zib yuraveradi. Agarda yurishmasa, kaltak egan jonivordek ko'ngli ham, jismi ham cho'loq bo'lib qaytadi. Ana shu gastrollari, shartnomasi tugagach, u o'z yurtiga qaysi yuz bilan qaytib kelar ekan? Rossiyaga kerak bo'lmay qolgach, u kimga ham kerak bo'ladi?

Ona bir qo'li bilan beshikni, ikkinchi qo'li bilan olamni tebratadi. Zero, farzandlari beshigini tebratayotgan onalar oq sut berib el-yurtga mehrli bo'l deb o'stirayotgan o'g'lonlari vaqti kelib iymonidan kechib pul jigardan deya o'zga yurtlarga sotilib ketadi deb o'ylamaydilar. Lekin hayot achchiq haqiqati bilan bazan buni ko'rsatib qo'yayapti.

O'zbekiston Qosimovsiz ham yashaydi, lekin Qosimov O'zbekistonsiz yashay olarmikan?!

Futbol: Mirdjalol Kasymov, intervyu byvshego igroka Alanii o shtrafnyx  udarax i Shomurodove, trenirovkax Gazzaeva, Rivaldo i SSKA. Sport-Ekspress

O'zbekiston futboli katta o'sish, yuksalish holatida. Bizning futbol jahon futboliga sherdek katta kuch bilan, viqor bilan kirib keldi. Hozirgi o'sish chog'ida, albatta, bizga kuchli o'yinchilar kerak. Lekin Men O'zbekistonda futbolning asosiy o'sish davri o'tayotgan chog'da Rossiya chempioni bo'lganman deb chiranib, o'zini oqlamoqchi bo'lganlarning diydiyosiga xalqimiz, bo'lajak futbolchilarimiz qanday ko'z bilan qaraydilar? O'zbekistonliklar faqat jahonning zabardast komandalarida o'ynab O'zbekiston nomini ulug' qilganlarni tan oladilar. Ikkilamchi komandalar yig'inidan iborat chempionatda qatnashayotganlarni emas. Barcha futbolchilar uchun jahon birinchiligida qatnashish eng katta baxt. Nasib etsa ana shunday musobaqalarda qatnashishga ham erisharmiz. Lekin ana shu chog'da ham biz milliy terma komandamizga futbolimizga sadoqat ko'rsatganlarnigina olamiz…

A.Azizxo'jaev

O'zbekiston ovozi gazetasining 1996 yil 4 maydagi sonida

Bir o'yin tarixi. Otasi murabbiyligidagi jamoaga g'alaba golini urgan o'zbekistonlik legioner


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia