OKMK OAV vakillari va muxlislarni hisobot konferenciyasiga taklif etmoqda

Sherzod Nurmatov
25 dek 2024
2024 yilgi mavsum OKMK professional futbol klubi uchun samarali va natijador yil bo'ldi.

Klub tasarrufidagi barcha jamoalar o'z sohalarida yuksak yutuqlarga erishib, muxlislarni mamnun etdi. Jumladan, OKMK FKning asosiy jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etgan musobaqalar bilan bir qatorda, U-21 jamoasi, futzal jamoasi, ayollar jamoasi (OKMK-Women) va futbol akademiyasi yoshlari ham mavsum davomida o'z mahoratlarini namoyish qildi. Ularning qo'lga kiritgan natijalari klubning kelajakka bo'lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.

Shu munosabat bilan, yil davomida qo'lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni tahlil qilish, jamoalarning erishgan yutuqlarini baholash hamda kelgusi mavsum uchun rejalar bilan o'rtoqlashish maqsadida hisobot konferenciyasi o'tkaziladi. Ushbu tadbirda yuqorida sanab o'tilgan jamoalarning rahbarlari, murabbiylari va mas'ullari ishtirok etib, o'zlarining hisobotlari bilan chiqish qiladi.

Konferenciya ertaga, 26 dekabr kuni soat 15:00 da Olmaliq shahridagi "Metallurg" madaniyat saroyining katta zalida boshlanishi rejalashtirilgan. Unda jamoatchilik vakillari, jurnalistlar va muxlislar klub faoliyati haqida to'liq ma'lumot olish, shuningdek, o'zlarini qiziqtirgan savollarni berish imkoniyatiga ega bo'ladilar.

Ochiq muloqot tarzida o'tadigan ushbu tadbirda klubning kelajakdagi rejalariga oid qiziqarli ma'lumotlar ham e'lon qilinishi kutilmoqda. Shu sababli barcha OAV vakillari, klubimizning sodiq muxlislari va futbol ishqibozlarini ushbu muhim tadbirda ishtirok etishga chorlab qolamiz!

P.S. Konferenciya boshlanish vaqtida o'zgarishlar yuzaga keladigan bo'lsa, bu haqda qo'shimcha ma'lumot beriladi. Tadbirga oid yangiliklarni klubning rasmiy sahifalari orqali kuzatib borishingiz mumkin.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: ОКМК матбуот хизмати