OFK Chellenj ligasi: Markaziy Osiyoning uch klubi guruh bosqichida ishtirokini yakunladi

Оқил Абдубарноев
26 okt 2026, 15:31
OFK Chellenj ligasining 2026/27 yilgi mavsumi guruh bosqichi yakunlandi.

Musobaqaning mazkur bosqichida Markaziy Osiyo mamlakatlari sharafini himoya qilgan Turkmanistonning "Ahal", Tojikistonning "Istiqlol" va "Regar-TadAZ" klublari chorak finalga yo'l ola bilmadi. Har uch jamoa o'z guruhida bittadan g'alaba qayd etdi.

G'arbiy mintaqa guruh bosqichi uchrashuvlari 17, 20 va 23 oktyabr kunlari markazlashgan tartibda o'tkazildi. "Ahal" Butanda, "Istiqlol" Tojikistonda, "Regar-TadAZ" esa Kuvaytda bahs olib bordi. Reglamentga muvofiq, mintaqadagi uch guruh g'olibi hamda ikkinchi o'rinni egallagan jamoalar orasida eng yaxshi natija ko'rsatgan bir klub pley-offga chiqishi belgilangan edi.

"Ahal" A guruhida Livanning "Al-Ansor", Suriyaning "Al-Ittihod Ahli Halab" va Butanning "Paro" klublariga qarshi maydonga tushdi. Turkmaniston vakili dastlabki turda mezbon "Paro" bilan 2:2 hisobida durang o'ynadi. Birinchi bo'limni ikki to'p farqi bilan o'z foydasiga yakunlagan "Ahal" tanaffusdan keyin ustunlikni saqlab qola olmadi. Butan klubi hisobni tenglashtirgan ikkinchi golini 90-daqiqada kiritdi.

Ikkinchi turda "Ahal" "Al-Ittihod Ahli Halab"ga 1:5 hisobida mag'lub bo'ldi. Yakuniy uchrashuvda esa avvalgi ikki bahsda g'alaba qozongan "Al-Ansor"ni 2:1 hisobida engdi. Biroq ushbu muvaffaqiyat keyingi bosqichga chiqish uchun etarli bo'lmadi: Turkmaniston klubi to'rt ochko bilan guruhda uchinchi o'rinni egalladi. Jamoa uch o'yinda beshta gol urib, o'z darvozasidan sakkizta to'p olib chiqdi.

Tojikistonning "Istiqlol" klubi V guruhi uchrashuvlarini Hisor shahrida o'tkazdi. Dushanbe jamoasiga Livanning "Nejme", Kuvaytning "Al-Arabi" va Suriyaning "Homs al-Fido" klublari raqib bo'ldi. Dastlabki turda "Istiqlol" "Nejme"ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. Uchrashuv taqdirini Ibrohim Gbadamosining 21-daqiqada kiritgan goli hal qildi.

Keyingi bahsda Tojikiston vakili "Al-Arabi" ustidan 2:0 hisobida g'alaba qozondi. Rustam Soirov va zaxiradan maydonga tushgan Alisher Shukurovning gollari "Istiqlol"ga dastlabki uch ochkoni keltirdi. Ammo so'nggi turda "Homs al-Fido"dan uchralgan 0:2 hisobidagi mag'lubiyat jamoaning musobaqadagi ishtirokini yakunladi. "Istiqlol" uch ochko bilan uchinchi bo'ldi, Suriya klubi esa to'qqiz ochko jamg'arib, guruh g'olibi sifatida chorak finalga chiqdi.

Tojikistonning yana bir vakili – "Regar-TadAZ" S guruhida Kuvaytning "Al-Qodsiya", Hindistonning "Goa" va Bangladeshning "Fortis" klublari bilan kuch sinashdi. Tursunzoda jamoasi musobaqani g'alaba bilan boshladi: birinchi turda hisobda ortda qolganiga qaramay, "Goa"ni 2:1 hisobida mag'lub etdi.

Biroq keyingi ikki uchrashuv "Regar-TadAZ" uchun muvaffaqiyatsiz kechdi. Jamoa dastlab mezbon "Al-Qodsiya"ga 0:1, so'ng "Fortis"ga 1:3 hisobida yutqazdi. Natijada Tojikiston klubi uch ochko bilan guruhda to'rtinchi o'rinda qoldi. Uning umumiy to'plar nisbati 3:5ni tashkil etdi.

G'arbiy mintaqadan "Al-Ansor", "Homs al-Fido" va "Al-Qodsiya" guruh g'oliblari sifatida keyingi bosqichga chiqdi. To'rtinchi yo'llanma ikkinchi o'rin sohiblari orasida eng yaxshi natijani qayd etgan "Al-Ittihod Ahli Halab"ga nasib etdi. Chorak finalning uy va safar uchrashuvlari 2027 yil mart oyida o'tkaziladi.

photo_2026-10-26_14-41-38.jpg

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia