

Unda dastlabki kungi bahslarda vakillarimizdan "Lokomotiv" ishga kirishdi. Xuddi o'tgan yilgi kabi "temiryo'lchilar" ilk turni o'z uyida, eski tanish raqib bo'lgan "Al Vahda"ga qarshi o'yin bilan boshlashdi. Uchrashuv avvalida va bahs so'nggida Temurxo'ja Abduxoliqov hamda Islom To'xtaxo'jaev tomonidan kiritilgan gollar g'alabani mustahkamladi.

"Garchi o'yin finishiga yaqin jarayon biroz taranglashib, asablar o'ynagan bo'lsada, "Al Vahda" xoh Toshkentda, xoh Abu Dabida bo'lsin biz uchun jiddiy raqib emasligi ko'rindi. Aslida kechagi o'yin ham o'tgan yilgi startdek yirik hisobdagi g'alabaga aylanishi mumkin edi. Biroq xavfli vaziyatlardan foydalanish borasidagi muammo bunga yo'l qo'ymadi. Mavsum starti va jamoa hali to'liq o'yinga kirishib ketmagani ham o'z ta’sirini ko'rsatdi. Qur'adan keyinoq "Loko"ga nisbatan ancha oson guruh tushgani ma'lum bo'lgandi. Kecha bu yana bir bor o'z isbotini topdi. "Lokomotiv" mazkur guruhdan bemalol chiqishi shart.
Javohir Ilyosov OCHLdagi debyutini yaxshi boshladi. Hoshimov ham ancha faol va ishonchli o'ynadi. Eng faol o'ynagan shubhasiz Temurxo'ja Abduxoliqov bo'ldi. Sardor Mirzaev esa hozirgi "Lokomotiv"ning haqiqiy yetakchisi va asosiy futbolchisi, menimcha. Jokich esa maydon markazida jamoa o'yinini bir meyorda ushlab turishda muhim o'yinchi. Islom To'xtaxo'jaevning kechagi shedevr goli esa o'yinga chiroyli "nuqta" qo'ydi", - deb yozadi Shahboz Beg'amov o'zining telegram kanalida.
Guruhdagi ikkinchi bahsda "Al Ittihod" Saudiya Arabistonida Qatarning "Ar Rayyan" jamoasini 5:1 hisobida tor-mor keltirdi. Bahs avvalida o'yindagi hisob mehmonlar "Ar Rayyan" tomonidan ochildi. Javoban esa saudiyaliklar qatarliklar darvozasiga beshta gol yo'llashdi.
Qayd etish kerakki, mazkur alamli va sharmandali mag'lubiyatdan keyin "Ar Rayyan" bosh murabbiyi Byulent Tuygun iste'foga chiqarildi.
Ayni paytda birinchi turdan keyin "B" guruhida "Al Ittihod" to'plar nisbatiga ko'ra peshqadamlik qilmoqda. "Loko" hisobida ham 3 ochko mavjud va ular ikkinchi qatordan joylashishdi. "Al Vahda" va "Ar Rayyan" esa birinchi turdan keyin rasman autsayder maqomida turnir jadvalining pastki qismidan o'rin olishdi.

Kelasi tur keyingi hafta o'tkaziladi. Unda autsayderlar o'z maydonida guruh favoritlarini qabul qilishadi: "Al Vahda" o'z uyida "Al Ittihod"ni mehmon qilsa, "Lokomotiv" bosh murabbiysiz qolgan "Ar Rayyan" tomon safar qiladi.
Ma'lumot o'rnida: Taniqli mutaxassis Alisher Nikimbaev kechagi "Loko"ning g'alabasidan so'ng o'zining telegram kanalida o'zbek jamoalarining OCHLdagi g'alabalari soni qancha bo'lganini esladi. Unga ko'ra, kechagi g'alaba "Loko"ning OCHLdagi 8-g'alabasi sifatida tarixdan o'rin oldi. "Nasaf" hisobida ham shuncha g'alaba mavjud. Eng ko'p g'alaba esa "Paxtakor"ga tegishli - 41. "Bunyodkor" hisobidagi g'alabalar soni esa 27tani tashkil qiladi. OCHLdagi avvalgi munatazam ishtirokchimiz "Neftchi" esa OCHLda jami 9 marotaba g'alaba tamini tatib ko'rgan. "Mashal"da 2ta, AGMKda 1 g'alaba bor.


