Nukusda bolalar va o'smirlar futbolini rivojlantirishga bag'ishlangan konferenciya bo'lib o'tdi

Narzulla Saydullayev
28 dek 2016
Nukus Olimpiya zaxiralari kollejida Qoraqalpog'iston Respublikasida bolalar va o'smirlar futbolini rivojlantirishga bag'ishlangan III Konferenciya bo'lib o'tdi.

Mazkur Konferenciyada OFK instruktori, O'zbekiston futbol federatsiyasining bolalar, o'smirlar va ommaviy futbol boshqarmasi boshlig'i SH. Imomov, Qoraqalpog'iston Respublikasi futbol federatsiyasi birinchi vice-prezidenti V. Nazarov, shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasi madaniyat va sport ishlari hamda  xalq talimi vazirliklari vakillari, futbol federatsiyasi xodimlari, faxriy futbolchilar, bolalar va o'smirlar sport maktablarining futbol bo'yicha murabbiylari va uslubchilari, jami 100 nafardan ziyod kishi  ishtirok etdi.


Tadbirda OFK instruktori, O'zbekiston futbol federatsiyasining bolalar, o'smirlar va ommaviy futbol boshqarmasi boshlig'i SH. Imomovning “Professional futbolni rivojlantirishda bolalar, o'smirlar va ommaviy futbolning o'rni va ahamiyati”,  “Futboli rivojlangan davlatlarda iqtidorli yoshlar(zaxira)ni tayyorlash tajribasi”, Qoraqalpog'iston  Respublikasi futbol federatsiyasining murabbiylar faoliyati bo'yicha mutaxassisi O. Jalimovning “Futbolchilarni tayyorlashda murabbiyning o'rni”,  “Bolalar, o'smirlar va ommaviy futbolni rivojlantirish tahlili”, Qoraqalpog'iston  Respublikasi xalq talimi vazirligi “Yoshlik” sport jamiyatining mutaxassisi B. Ismoilovning “BO'SMlarning yosh futbolchilarni tayyorlashdagi mohiyati va maqsadi”,  Qoraqalpog'iston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirligi mutaxassisi K. Asanovning “Murabbiylarni attestaciyadan o'tkazish ahamiyati” singari maruzalari tinglandi. O'z navbatida qoraqalpog'istonlik bir guruh murabbiylarga O'zbekiston futbol federatsiyasining sertifikatlari topshirildi.


Konferenciya doirasida Qoraqalpog'iston Respublikasi futbol federatsiyasining murabbiylar kengashi a'zolari K. Sadirov va A. Arzimovlarning 2016 yilgi “Bolalar ligasi” yakunlariga bag'ishlagan hisobotlari ham eshitildi.

Buning barobarida,  “Bolalar ligasi”ning nominaciyalar  bo'yicha g'oliblari taqdirlandi.    Zero, 2016 yilgi “Bolalar ligasi”ning “ENG YAXSHI MURABBIYI” nomiga Xo'jayli tumanidagi 1-son BO'SM murabbiyi Jolgas Nurjanov loyiq ko'rildi. “Bolalar ligasi”ning “ENG YAXSHI FUTBOLCHISI” deb To'rtko'l tumanidagi BO'SM tarbiyalanuvchisi, 2002 yilda tug'ilgan yarim himoyachi Jumagan Ordabaev topildi.

Konferenciya yakunida, Qoraqalpog'iston Respublikasi futbol federatsiyasi birinchi vice-prezidenti V. Nazarov so'zga chiqib, ushbu tadbir kelgusida ko'zlagan maqsadlarga erishishda omil vazifasini o'tashiga ishonch bildirdi.


I. XUDOYBERGANOV.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia