Nima uchun hakamlar VAR tizimini yoqtirmaydi: “Go'yo devorlar ustimga qulayotgandek edi”

Оқил Абдубарноев
11 apr 2026, 01:36
Grem Skott 2025 yilda faoliyatini yakunlab, avvalgi kasbi – jurnalistikaga qaytishidan oldin o'n yil davomida Premer-ligada hakamlik qildi. U 100 dan ortiq marta videoassistent hakam (VAR) sifatida ishlagan va hakamlarning ham maydondagi, ham video-xonadagi faoliyati haqida o'ziga xos tasavvurga ega.

To'p uzoq ustun oldida darvoza to'riga borib tushdi va mehmonlar muxlislari junbushga keldi. Kutilmagan natija yuz berishi aniq bo'lib, ularning jamoasi qariyb 40 yillik tanaffusdan so'ng ilk bor Angliya kubogi yarim finali doirasida "Uembli"ga yo'l olishi mumkin edi.

Bayram tantanalari davom etayotgan bir paytda, men 136 mil uzoqlikda, G'arbiy Londondagi telestudiyaning qorong'i bir burchagida eng yomon holat yuz berishidan xavotirlanib o'tirardim. Video yordamchi hakam (VAR) sifatida men golgacha bo'lgan hujumda uchta ehtimoliy qoidabuzarlikni aniqlagandim va agar ulardan birortasi uchun jazo belgilansa, bayramni buzgan odamga aylanishimni bilardim.

Vaziyatda uchta bahsli holat yuzaga keldi: birinchisi – dastlabki to'p uzatishda bo'lishi mumkin bo'lgan ofsayd, ikkinchisi – keyingi bosqichda to'pga tegib ketilgan bo'lsa yana bir ofsayd ehtimoli va uchinchisi – “Koventri Siti” hujumchisining qo'li bilan gol urganiga oid shubha.

Tekshiruvlarni o'tkazayotganimda, xuddi devorlar meni siqib kelayotgandek, qorong'ilik quyuqlashayotgandek, yurak urishim tezlashib, og'zim qurib borayotgandek tuyulardi.

Maydondagi 20 yillik hakamlik faoliyatim davomida men hech qachon VAR bo'lish bilan bog'liq bunday bosimni his qilmaganman. Real vaqtda bitta rakursga asoslangan yagona qaror qabul qilish o'rniga, endi men yuzimdan bir necha qarich masofada joylashgan, to'liq, yarim yoki hatto chorak tezlikda ko'rish imkonini beruvchi beshta rakursni namoyish etayotgan ikkita ekranga tikilib o'tirardim.

VAR tizimi joriy etilganida hakamlar sekinlashtirilgan kadrlar va qotirilgan tasvirlardan (stop-kadrlardan) foydalanmaslikni o'ylashgan edi, lekin OAV ulardan o'z maqsadlari yo'lida, ayniqsa, xatoga yo'l qo'yilganiga ishora qilganda foydalanishini yaxshi bilishardi.

Kubok doirasidagi aynan shu o'yinda uchta tekshiruv deyarli to'rt daqiqa vaqt oldi. Bu bazi muxlislar o'ylaganidek, golni bekor qilish uchun sabab topishga bo'lgan jonhalatdagi urinish emas, balki haqiqatni izlash edi.

Vaqt qanchalik cho'zilgani sari, ikkala jamoaning umidsiz muxlislari mening bunchalik ko'p vaqt sarflayotganimdan g'azablanayotganini shunchalik ko'p eshitardim. Futbolchilar hakamni o'rab olib, nima bo'layotganini so'rashar, ammo u ham maydondagi va stadiondagi barcha kabi bexabar ekanligini bilib olishardi.

O'sha paytda ofsayd qarorlarini qabul qilish doim juda ko'p vaqt talab qilardi, chunki Premer-liga klublarining barqarorlikka intilishi VAR hakamlari og'riqli bo'lgani kabi mashaqqatli jarayondan o'tishlari kerakligini anglatardi.

"Yaqqol va aniq xato" mezoni bu yerda qo'llanilmaydi, chunki aksariyat ofsaydlar fikr emas, balki faktdir va hech qanday aylanma yo'llar yo'q. Agar VAR har bir rakursni bir marta ko'rib chiqib, tekshiruvni to'xtatsa va keyinroq boshqa biri ularning noto'g'ri bo'lganini isbotlasa, buning oqibati juda yomon bo'ladi.

Yarimavtomatlashtirilgan texnologiyaning joriy etilishi ham unchalik katta farq qilmadi, chunki hali ham rioya qilinishi kerak bo'lgan protokol mavjud va bu golni nishonlashdan ko'ra ko'proq vaqt olib, tribunalarda shubha uyg'otishi mumkin.

O'tgan mavsumda Angliya Kubogi doirasidagi "Bornmut"dagi etti daqiqalik tekshiruv hamda bu yil liga Kubogida "Nyukasl Yunayted" o'yinidagi shunga o'xshash kechikish paytida amin bo'lganimizdek, yangi tizim odam ko'p bo'lgan jarima maydonchasida har doim ham ish bermaydi, u yerda to'pga kim va qachon tegingani haqida shubha bo'lishi mumkin.

Nihoyat, "Molinyu"da "Koventri" "Vulverxempton" darvozasiga gol urganidan uch daqiqadan ko'proq vaqt o'tib, men uning hisobga olinishi mumkinligini tasdiqladim. Xuddi hammaning vaqti behuda ketgandek, quvonchli va o'z-o'zidan paydo bo'lgan lahza qayg'u keltirish uchun sabab topishga urinayotgan xirapashsha tomonidan barbod qilingandek tuyulardi.

Aslida bu haqiqatdan mutlaqo yiroq. Hakamlar ham odam va o'z maqsadiga umuman mos kelmaydigan videotakrorlar tizimi etkazayotgan azobni his qilishadi.

O'yinchi hujum chog'ida peshonasi, tizzasi yoki oyog'ining uchigina bilan bir oz oldinga o'tib ketgani uchun golni bekor qilish bizga zavq bag'ishlamaydi. Hamkasbimiz noo'rin harakatni yoki ehtimoliy penaltini sinchiklab tahlil qilayotganida, sovuqda ivib turishni ham yoqtirmaymiz.

Tabiiyki, qo'pol xato tuzatilganda biz engil tortib, tin olamiz, chunki hech birimiz bunday adolatsizlik uchun, ayniqsa bu natijaga ta’sir qilsa, javobgar bo'lishni xohlamaymiz.

Ammo Premer-liganing hech bir hakami yoki o'sib borayotgan ixtisoslashgan VAR mutaxassislari guruhi bayramni buzuvchi rolidan zavqlanmaydi. Bazilar sizni nimaga ishontirmoqchi bo'lishidan qati nazar, biz o'yin biz haqimizda emasligini bilamiz. Bizning barcha muvaffaqiyat o'lchovlarimiz salbiy ko'rsatkichning ijobiy ko'rinishidir: xatolardan qochish, ko'zga tashlanmaslik va boshimizni baland ko'tarmaslik.

Biz o'yinchilarning yulduz bo'lishiga yo'l qo'yib, orqa fonda qolib ketishni va o'yinlarimiz bahs-munozaralarsiz o'tishini ko'proq afzal ko'ramiz.

"Manchester Yunayted"ga qarshi yarim finalda "Koventri" 3:0 hisobida ortda borayotib, vaziyatni o'ngladi va hisobni 3:3 ko'rinishiga keltirdi, qo'shimcha bo'limlarning so'nggi daqiqasida esa ehtimoliy g'alaba goli maydonda hisobga olindi. Biroq, videotakrorlar hujum rivojida ularning o'yinchilaridan biri millimetrlik farq bilan ofsaydda qolganini aniqladi.

Tabiiyki, VAR yovuz odam sifatida gavdalantirildi, lekin aslida ofsayd qoidasi va uning qo'llanilishi aybdor edi.

Yuqoriroq aniqlik uchun to'lanayotgan tovon, ayniqsa, chiptalar uchun pul to'laydigan va Premer-ligani raqobatchilaridan ustun qo'yadigan muhitni yaratuvchilar uchun juda yuqoridek tuyuladi.

Agar biz texnologiyadan foydalanishga majbur bo'lsak, boshqa sport turlari muvaffaqiyatli amalga oshirgani kabi, stadiondagi muxlislarga bu jarayonni ko'rsatish orqali ularni ham jarayonga jalb qilish yo'lini topishimiz kerak.

Natijalar hamon bahs-munozaralarga sabab bo'ladi, ammo hech bo'lmaganda stadiondagi barcha – shu jumladan hakam ham – aslida nima ro'y berayotganini bilib oladi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: The Athletic