Neapoldan Kattaqo'rg'ongacha: Maradona davrini ko'rgan, Kannavaro bilan ishlagan va OCHLni yutgan italiyalik murabbiy bilan tanishamiz

Iskandarov Abdulaziz
7 may 2026, 15:37
Samarqand viloyati futbolida yana bir katta loyiha shakllanmoqda.

Bu yil Pro ligada debyut qilgan “Kattaqo'rg'on” yangi mavsum oldidan jiddiy maqsadlar bilan ish boshladi. Qishki yig'inlar davomida tarkib Superligada tajriba orttirgan va o'z nomiga ega futbolchilar bilan kuchaytirildi. Murabbiylar shtabiga mahalliy mutaxassis Yorqin Nazarov jalb qilindi. Jafar Irismetov texnik direktor lavozimida ishga kirishdi. Klub rahbariyati jamoa oldiga aniq vazifa - elita divizioniga chiqish maqsadini qo'ygan.

Aynan shu jarayonda “Kattaqo'rg'on” shtabiga yana bir qiziqarli va tajribali mutaxassis kelib qo'shildi. Bu - italiyalik jismoniy tayyorgarlik murabbiyi Alessandro Sarokko. Balki uning nomi keng jamoatchilikka u qadar tanish emasdir. Chunki u faoliyati davomida ko'proq soyada ishlagan, katta futbolning ko'rinmas, ammo muhim qismi hisoblangan jismoniy tayyorgarlik yo'nalishida mehnat qilgan mutaxassislar toifasiga kiradi.

Biroq uning bosib o'tgan yo'liga nazar tashlasangiz, Sarokko futbol olamida juda katta muhitni ko'rgan inson ekanini anglash qiyin emas. 64 yoshli mutaxassisning professional faoliyati 1985 yilda Neapolda boshlangan. Bu esa Italiya futboli uchun o'ziga xos romantik va afsonaviy davr edi. Aynan o'sha yillarda Diego Armando Maradona “Napoli”ni butun Yevropaga tanitayotgan, Neapol shahri esa futbol bilan nafas olayotgan edi. U o'z intervyusida bu borada quyidagicha fikrlarni bildirgan.

- Siz o'z faoliyatingizni Neapolda boshlagansiz...

- Avvaliga jismoniy tarbiya o'qituvchisi sifatida ish boshladim. Keyin Italiya futbol federatsiyasining professional jismoniy tayyorgarlik murabbiylari uchun mo'ljallangan kurslarida tahsil oldim. Shundan so'ng Fransiyaning Lion shahridagi Klod Bernar universitetida o'qib, Yevropa sport fitnesi murabbiyi diplomini qo'lga kiritdim. O'shandan beri faoliyatim futbol bilan bog'liq bo'lib kelmoqda. Italiyada 17 yil davomida o'z sport zalim ham bo'lgan. Aytganingizdek, professional faoliyatim 1985 yilda “Napoli”ning “Primavera” jamoasida boshlangan.

U yerda ikki murabbiy qo'l ostida ishlaganman - Jankarlo Morrone va Anjelo Sormani. Bazan meni “Napoli”ning asosiy jamoasiga ayrim futbolchilarning tiklanish jarayonlarida ishlash uchun chaqirishardi. Shu tariqa Baroni, Franchini, De Napoli, Silenci va Galli kabi futbolchilar bilan ishlash imkoniyatiga ega bo'ldim. Neapoldagi faoliyatimdan keyin avval Askoli, Siena, keyin esa Fodja shaharlariga ko'chib o'tdim.

- Siz Kannavaro bilan “Napoli” yoshlar jamoasida ishlagansiz. Keyinchalik dunyoning eng yaxshi himoyachilaridan biriga aylangan futbolchi o'sha paytlarda qanday inson edi?

- O'sha vaqtda u 17 yoshda edi. Ikki-uch yildan keyin Marchello Lippi “Napoli”ga kelgach, uni asosiy jamoaga olib chiqdi. Kannavaro yaxshi o'yin ko'rsatdi va keyinchalik “Parma”ga o'tdi. U yoshligidanoq iqtidorli, professional himoyachi edi. Lekin o'sha paytda uning kelajakda buyuk futbolchi, Italiya terma jamoasi sardori bo'lishini tasavvur qilmagandim. Chunki iqtidordan tashqari omad ham juda muhim.

Masalan, juda kuchli futbolchi bo'lishingiz mumkin, ammo jarohat tufayli faoliyatingiz butunlay o'zgarib ketishi mumkin. Men Chiro Karuzo degan futbolchini bilardim. Balki u Kannavarodan ham kuchliroq edi, ammo og'ir jarohat oldi va faoliyati kutilgandek davom etmadi.

photo_2026-05-07_14-38-23.jpg

- Maradona “Napoli”ning asosiy jamoasida o'ynardi, siz esa “Primavera”da edingiz...

- Ha, u jamoaning haqiqiy yulduzi edi. Uni kuzatish orqaliyoq juda ko'p narsa o'rganish mumkin edi. Lekin u “Napoli”da yolg'iz emasdi. U bilan birga Kareka, Jordano, Karnevale, Alemao kabi buyuk futbolchilar ham to'p surishgan.

Men “Napoli” sport markazida yashardim. Asosiy jamoa futbolchilari bilan birga tushlik qilardik, shuning uchun Maradona bilan ham bir necha bor suhbatlashish imkoniyati bo'lgan. U men uchratgan eng yaxshi insonlardan biri edi. Ko'plab do'stlariga yordam bergan, doimo muloqotga tayyor inson bo'lgan. Shunchalik mashhur va sevimli bo'lishiga qaramay, o'zini oddiy inson kabi tutardi.

- Neapoldan keyingi faoliyatingiz qanday davom etdi?

- Askoli va Sienada uch yil ishladim. O'sha vaqtda u yerda yashab, o'z sport zalimni boshqarardim. Keyin Fodjaga yo'l oldim. Shundan so'ng Eronning “Saypa” klubidan taklif oldim. Shu bilan bir vaqtda Fransiyadagi kurslarda ham qatnashdim.

Erondan keyin Birlashgan Arab Amirliklariga yo'l oldim va Abu-Dabidagi “Al-Jazira” klubida ishladim. Keyin esa Shveytsariya chempionatida qatnashgan Lixtenshteynning “Vaduc” klubiga bordim. So'ng Italiyaga qaytib, “Lukkeze” va “Frozinone” klublarida ishladim.

photo_2026-05-07_14-38-18.jpg

So'nggi yillarda Sarrokko “Al-Ayn” klubi murabbiylar shtabida faoliyat yuritdi va Sergey Rebrov hamda Ernan Krespo kabi mutaxassislar bilan birga ishladi. 2024 yilda klub Osiyoning eng nufuzli klub musobaqasi hisoblangan OCHL - Osiyo Chempionlar ligasida g'olib chiqdi.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia