"NBU-Osiyo" ikkinchi bosqichga tayyorgarlik ko'rmoqda

Narzulla Saydullayev
23 iyul 2013
Toshkentning “NBU-Osiyo” jamoasi ham birinchi liga jamoalari kabi ikkinchi bosqich o'yinlariga tayyorgarlik jarayonini boshlab yubordi.
Bosh murabbiy Muxtor Qurbonovning championat.asia ga ma'lum qilishicha, jamoa a'zolari kecha poytaxtda yig'ildi. Qisqa muddatli tatildan qaytgan futbolchilar, yig'inning ilk kunida bir mahal engil o'tkazilgan mashg'ulotda qatnashdi. Bugundan boshlab esa futbolchilar “NBU-Osiyo”ning uy stadionida kuniga ikki mahaldan shug'ullanishmoqda.

Tarkibdagi o'zgarishlarga to'xtaladigan bo'lsak, jamoani hozircha birgina Husniddin G'ofurov rasman tark etdi. Shuningdek birinchi bosqichda o'zini ko'rsatishga erishgan jamoaning yetakchi o'yinchilariga oliy liga klublardan qiziqish bo'lmoqda. Xususan, darvozabon Mixail Spiridinovni “Sho'rtan” ko'rikdan o'tkazish uchun yig'iniga taklif etgan. Birinchi bosqich o'yinlarida munosib ishtirok etgan “NBU-Osiyo” jamoasi safida o'ynashni istagan futbolchilar ham bugungi kunda talaygina. Masalan kecha jamoa yig'iniga 10dan ziyod  futbolchilar kelishgan. Ularning orasida taniqli va nomdor o'yinchilar yo'q, hammasi asosan 2-ligada o'ynab kelayotgan yoshlardir. “NBU-Osiyo” 26 iyul kuni “So'g'diyona” bilan, 27 iyulda “Sho'rtan” bilan sinov-nazorat bahsini o'tkazadi.


Islombek Rustambekov

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia